Bepul onlayn ta’lim olish uchun jahonning eng yaxshi 7 ta veb-sayti
«Khan Academy Oʻzbek» jamoasi eng yaxshi bepul onlayn ta’lim saytlari haqidagi maqolani taqdim etdi.
Jahon standartlariga mos keladigan darajada bilim olish uchun Kembrij yoki Harvardda o‘qigan bo‘lishingiz shart emas.
An’anaviy ta’lim maskanlaridan narx jihatidan sezilarli ustunlikka ega bo‘lgan ko‘plab onlayn ta’lim veb-saytlari mavjud. Bu turdagi ta’lim yetkazuvchilar, ayniqsa, umri davomida bilim olishdan to‘xtamaydiganlar uchun juda qulay.
Quyida keltirilgan onlayn ta’limni taqdim etuvchi veb-saytlar talabalar bilan bir qatorda umri davomida bilim olishdan to‘xtamaydigan o‘rganuvchilar uchun ham minglab onlayn kurslar taqdim etadi.
Bu kurslarning aksariyati pulli bo‘lsa-da, ular orasida bepul kurslar ham talaygina.
1. Khan Academy
Khan Academy notijorat tashkilot bo‘lib, uning maqsadi «Hamma uchun va har yerda bepul ta’lim olish imkonini yaratish»dir. Khan Academy maktabgacha ta’limdan tortib, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun matematika, grammatika, fizika, tarix, maxsus kirish imtihoni (SAT) va shu kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan yana ko‘plab onlayn kurs materiallarini taklif etadi.
Khan Academy’ning moliyaviy hamkorlari qatorida Bill va Melinda Geyts jamg‘armasi, Google, Ann va Jon Doer hamda Rid Xastings kabilar bor.
Bepul namunaviy kurslar:
- Algebra; Geometriya; Statistika va ehtimollik.
edX Harvard va Massachusets texnologiyalar instituti tomonidan yaratilgan global notijorat tashkilot bo‘lib, an’anaviy ta’limdagi uchta to‘siqni: narx, joylashuv va qabul qilinishni yo‘q qilishga intiladi.
edX 20 milliondan ortiq o‘rganuvchi va dunyoning eng taniqli universitetlarining 2 400 ga yaqin kurslariga ega. Open edX — bu edX asosidagi ochiq platformadagi manba bo‘lib, yangi o‘quv vositalarini ishlab chiqishni istagan o‘qituvchilar va texnolog, shuningdek, boshqa o‘rganuvchilar uchun mo‘ljallangan. Ushbu saytda bepul kurslar bilan bir qatorda pullik kurslar ham taklif etiladi.
Bepul namunaviy kurslar:
- Arxitektura asoslari (Harvard); Qaror qabul qilish uchun moliyaviy tahlil (Babson); Omnixannel strategiyasi va menejmenti (Dartmut).
Coursera 35 milliondan ortiq o‘rganuvchi, 150 ta hamkor universitet, 2 700 ta kurs va 250 turdagi mutaxassislik sohalariga ega bo‘lib, to‘rt xil ilmiy daraja taqdim etuvchi onlayn ta’lim saytidir. Bepul kurslardan tashqari, Coursera narxi 29 dan 99 dollargacha bo‘lgan kurslarni ham taklif etadi. Mutaxassislik va daraja taqdim etuvchi kurslar, shubhasiz, yuqoriroq baholanadi. Ushbu kurslar dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari tomonidan olib boriladi. Kurslar yozib olingan video-ma’ruzalar, muhokama forumlari, baholangan va ko‘rib chiqilgan kurs ishlaridan tarkib topgan. Shuningdek, har bir kurs so‘ngida kursni tamomlaganingiz to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lishingiz mumkin.
Bepul namunaviy kurslar:
- Kompyuterlashtirilgan ta’lim (Stenford); Boy bo‘lish sirlari (Yel); Muvaffaqiyatli muzokaralar (Michigan universiteti).
Global ta’lim bozori hisoblangan Udemy 30 million o‘rganuvchi, 50 tilda taqdim etilayotgan 100 000 ta kurs, 42 000 ta o‘qituvchi va 22 million daqiqalik videodarslar jamlanmasidir. Oliy ta’lim muassasalari tomonidan boshqariladigan boshqa onlayn ta’lim platformalaridan farqli o‘laroq, Udemy kontent yaratuvchilarga o‘z kurslarini nazorat qilish va onlayn dars berish imkonini beradi.
Bepul namunaviy kurslar:
- Python dasturlash tili asoslari
TED-Ed — TEDning yoshlar va ta’lim sohasidagi olqishlarga sazovor bo‘lgan loyihasi bo‘lib, uning maqsadi o‘qituvchilar va o‘rganuvchilarning g‘oyalarini bo‘lishish va fikr almashishdir. TED-Ed bir haftada dunyo bo‘ylab millionlab o‘qituvchi va o‘rganuvchilarga xizmat ko‘rsatadigan 250 000 dan ortiq o‘qituvchilarni birlashtirgan global jamiyat hisoblanadi. TED-Ed o‘ziga xos animatsion videolar va o‘qituvchilar uchun interfaol darslarni tashkil qilish platformasi kabi innovatsion tuzilmani ham o‘z ichiga oladi.
Bepul namunaviy kurslar:
- Og‘riq tushunchasi; O‘zini-o‘zi boshqaruvchi mashinalarni yaratish; Turg‘unlik sabablari.
Codeacademy — bu turli xil dasturlash tillarini o‘rgatuvchi interfaol platformadir. Ko‘pgina bepul kurslarni 11 soatdan kam vaqtda tugatish mumkin. Codeacademy veb dasturlash, dasturlash, informatika va ma’lumotlar bilan ishlash kabi mavzularda 45 milliondan ortiq talabalarni tayyorlashga yordam berdi. Codeacademy bitiruvchilari Google, Facebook, IBM, Bloomberg va boshqa yetakchi kompaniyalarda faoliyat olib borishadi. Shuningdek, Codeacademy oylik to‘lov uchun imtiyozlar ham taklif etadi.
Bepul namunaviy kurslar:
- Turli dasturlash tillari
Stanford Online Stenford universitetidagi onlayn ta’lim bilan bir qatorda professional sertifikatlar, ilmiy darajalar va biznesga oid ta’lim kurslarini taklif qiladi. Stanford Online Stenford universiteti, Stenford yuridik maktabi, Stenford biznes maktabi va Stenford tibbiyot maktabining bakalavr va magistrlik darajasi kurslarini taklif etadi.
Bepul namunaviy kurslar:
- Innovatsiyalar va tadbirkorlik bilan tanishish; Venchur sarmoyasi asosida tadbirkorlik; Matematikani o‘rganish.
Bilimingizni boyitishni istasangiz, hech qachon kech emas. Ushbu onlayn ta’lim kurslari sizga sertifikat, diplom olish bilan birgalikda, dunyoqarashingizni kengaytirish va qimmatli bilimlarni egallashingizda yaqindan yordam beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter