Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini davlat qo‘llab-quvvatlaydi

Ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini davlat qo‘llab-quvvatlaydi

Foto: «uzbekistonovozi.uz»

Hukumat qarori (257-son, 28.03.2019-y.) bilan Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta’lim olishini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta’lim olishini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlar tomonidan amalga oshiriladi.

Bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari va mahallalar har yili 1-iyungacha idoralararo kengashlarga yozma tavsiya bilan birga quyidagi hujjatlar taqdim etadi:

  • o‘quvchilarning yutuqlarini tasdiqlovchi hujjatlar (mavjud bo‘lganda);
  • o‘quvchi va oila a’zolarining pasporti yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxalari;
  • nogironlikni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (mavjud bo‘lganda);
  • boquvchisini yo‘qotganlik to‘g‘risidagi hujjat nusxasi (mavjud bo‘lganda).

Hujjatlar har yili 10-iyungacha idoralararo kengashlar tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda 15-iyunga qadar viloyat kengashlariga taqdim etiladi.

Qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror har yili 30-iyunga qadar qabul qilinadi.

O‘quvchilar quyidagilar bilan ta’minlanadi:

  • zamonaviy yagona maktab formasi;
  • asosiy turdagi o‘quv qurollari;
  • badiiy kitoblar.

Shuningdek, o‘quvchilarga gazeta va jurnallarga obuna bo‘lishda amaliy yordam ko‘rsatiladi hamda ularning respublika oromgohlarida dam olishi va sayohatlar tashkil etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring