Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ehtiyojmand qatlamni ishga olgan tadbirkorlarga qator imtiyozlar berilyapti

Ehtiyojmand qatlamni ishga olgan tadbirkorlarga qator imtiyozlar berilyapti

Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatiladi. Bu borada joriy yil 12-iyun kuni Prezidentning PF–93-son farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, tadbirkorlarning ixtiyoriy asosda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi.

Dasturda tadbirkorlar bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga “hamkorlik shartnomalari” tuziladi va ularga bu haqda tasdiqlovchi sertifikat beriladi.

2023–2024-yillarda ushbu Dasturni amalga oshirish uchun jami 1 mlrd dollar miqdorida kredit liniyasi ochiladi. Kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan banklar tomonidan kreditlar Dasturga kiritilgan tadbirkorlarning loyihalarini (moliya sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bundan mustasno) amalga oshirish uchun 7 yilgacha muddatga 14 foiz stavkada ro‘yxatga muvofiq miqdorlarda ajratiladi.

Dasturda qatnashayotgan tadbirkorlarga ayrim imtiyoz va preferensiyalar berilyapti. Ya’ni tadbirkorlar tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda, 2025-yil 1-yanvargacha:

  • tadbirkorlar ushbu fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lab, bandligini ta’minlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz beriladi;
  • fuqarolar ishga qabul qilinganda hamda har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i respublika budjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun BHMning 2 baravarigacha) qaytarib beriladi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi;
  • barcha soliqlar (QQS va soliq agentlari sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) va bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va foizsiz 1 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;
  • davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’yektlari va yerga bo‘lgan huquqlar auksion orqali sotib olinganda, to‘lovlarni 5 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi;
  • bojxona nazoratini amalga oshirishda “yashil yo‘lak” qoidalari amal qiladi;
  • barcha turdagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno).

Farmonga ko‘ra shuningdek, “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi tajriba tariqasida ishga tushiriladi (birinchi bosqichda 2023/2024-o‘quv yilida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3–4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi).

Ma’lumot uchun, Dasturda kamida 2 yil faoliyat ko‘rsatayotgan va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlar – yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring