Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektron hukumatni rivojlantirish O‘zbekiston IT-sohasi uchun istiqbolli masala bo‘lib qoladi

Elektron hukumatni rivojlantirish O‘zbekiston IT-sohasi uchun istiqbolli masala bo‘lib qoladi

Aloqa, axborotlashtirish va IT-texnologiyalar sohasini rivojlantirish – O‘zbekiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi barchamizga ma’lum. Chunki ushbu sohalarning rivojlanishi xalqimizning turmush farovonligini oshirishga, mamlakatimizning iqtisodiy o‘sishiga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, aloqa infratuzilmasini takomillashtirish, «Elektron hukumat» tizimining axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini yaratish, iqtisodiyotni raqamlashtirish kabi masalalarga Hukumat darajasida e’tibor qaratib kelinmoqda. Shu bilan birga, elektron hukumat tizimini kelgusida rivojlantirish uchun qanday uslublar va yondashuvlar kerakligi dolzarbligicha qolmoqda.

Aholi elektron hukumatdan faol foydalanishi uchun ko‘p ishlar qilindi. Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish bo‘yicha kompleks choralar oxirgi yillarda respublikamizda yanada jadallashtirildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020-yilning 28-aprelida «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Unga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot bilan shug‘ullanuvchi yaxlit (integratsiyalashgan) tizim yaratildi. Elektron hukumatni rivojlantirish, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi sohalarini raqamlashtirish, IT-parklarni tashkil etish va boshqarish vazifalari to‘liq ushbu vazirlikka berildi. Vazirlik qoshida alohida Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

So‘nggi yillar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari barcha sohalarda, birinchi navbatda, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida keng joriy etilgani bilan ajralib turadi. Hozirda elektron hukumat tizimini takomillashtirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari ichki bozorini yanada rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida IT-parklar tashkil qilish va ushbu sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan 200 dan ortiq ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu nuqtai nazardan, elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohalarini kelgusida kadrlar bilan ta’minlashda IT-oliy ta’lim muassasalarning o‘rni va samarali faoliyati muhim ahamiyat kasb etib boryapti.

Toshkentdagi INHA universitetining elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha faoliyati

«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish – bugungi kundagi eng ustuvor vazifalaridan biri. Bu borada Toshkentdagi INHA universiteti tomonidan elektron hukumatni davlat faoliyatining barcha sohalarida joriy etish yo‘nalishida kreativ yondashuvlar ishlab chiilgan.

Xususan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan birgalikda «Elektron hukumat rivojlanishi indeksini baholash metodikasi» ishlab chiqildi, Daniya, Latviya va Janubiy Koreya tajribalari o‘rganildi. Jahon banki ko‘magida, bank va Xitoy, Moldova ekspertlari ishtirokida elektron hukumat va raqamli transformatsiyalar bo‘yicha seminarlar o‘tkazildi.

2019-yil sentyabrida Toshkentdagi INHA universitetida YXHT loyihalari koordinatori hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ochiq ma’lumotlarni rivojlantirish bo‘yicha konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada ochiq ma’lumotlarni rivojlantirish bo‘yicha jahon tajribasi, uning O‘zbekistondagi rivojlanish holati va zamonaviy strategik yondashuvlar, rivojlanish va tajriba almashish bo‘yicha yo‘l xaritalari muhokama qilindi.

2021-yil 15-aprelda Toshkent shahridagi INHA universitetida «Elektron hukumat rivojlanishining tahlil ko‘rsatkichlari va metodologiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytingini oshirish» mavzusida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ilmiy seminar tashkil etildi. Bejizga ushbu mavzu tanlanmagandi. Zero, vazirlik va idoralar, ta’lim muassasalari mutasaddilari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida ilmiy seminar o‘tkazish, elektron hukumatning roli va bu sohadagi yangi tendensiyalarni har tomonlama muhokama qilish nafaqat O‘zbekistonning elektron hukumatlar xalqaro reytingidagi mavqeini yaxshilashga, balki BMT bilan kelgusidagi munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli vazifalarni ham samarali va muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshirishda muhim qadam sanaladi.

Oldimizga qo‘yilgan vazifalarni samarali hal etishda ilmiy seminarlar va davra suhbatlarining o‘tkazilishi muhim. Oliy ta’lim muassasalari, davlat va xalqaro tashkilotlar, shuningdek, ixtisoslashtirilgan IT-muassasalarning bu yo‘nalishda kuchlari birlashtirishi, shubhasiz, yaxshi natijalarni kafolatlaydi. Ushbu tadbirlarda har bir qatnashchi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashish, boshqalarning tajribasini o‘rganish, konstruktiv va sermahsul takliflar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa elektron hukumatning har tomonlama taraqqiy etishida ijobiy ahamiyat kasb etadi.

Ilmiy-amaliy tadbirlar bilan bir qatorda, universitet aholining axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, xususan, yoshlar va xotin-qizlarning raqamli texnologiyalar bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan qator amaliy tadbirlarda ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, so‘nggi yil mobaynida BMT, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, Google, Microsoft va boshqa IT-kompaniyalar bilan birgalikda raqamli texnologiyalar markazlari ochildi, Google festivallari o‘tkazildi, xotin-qizlar uchun IT-tanlovlar, Technovationwomen, DiGIgirls va boshqa tadbirlar tashkillashtirildi. Shuningdek, Raqamli avlod loyihasi amalga oshirildi. Biz uchun juda muhim bo‘lgan «Million o‘zbek dasturchisi» loyihasi o‘tkazilyapti, uning doirasida 200 ming nafardan ziyod yoshlar o‘qitildi. Ushbu loyiha bevosita IT-park hamkorligida amalga oshmoqda.

Tasdiqlangan «Elektron hukumat tizimini rivojlantirish reytingida O‘zbekiston Respublikasining mavqeini yaxshilash bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan amaliy tadqiqotlar rejasi»ni amalga oshirish uchun Toshkent shahridagi INHA universitetining ishchi guruhi tuzilgan. Ushbu rejani amalga oshirish doirasida «Elektron hukumatni rivojlantirish ko‘rsatkichlari va metodikasi tahlili asosida O‘zbekistonning xalqaro reytingini ko‘tarish» ilmiy-tadqiqot loyihasi tayyorlanib, Innovatsion rivojlanish vazirligiga hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markaziga yuborildi. Tez orada uni moliyalashtirish masalasi ijobiy hal yetiladi, degan umiddamiz.

Elektron hukumatni rivojlantirish sohasida hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar

Elektron hukumatlar xalqaro reytingida 2020 yili O‘zbekiston mavqeining pasayishi bilan bog‘liq vaziyat (mamlakatimiz elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyo reytingida 6 pog‘onaga pastlab, 193 davlat orasida 87-o‘rinni egalladi) ushbu salbiy dinamika sabablarini hamda O‘zbekistonda elektron hukumat rivojiga va uning elektron hukumatlar global indeksidagi mavqeini yaxshilashga yordam beradigan omillarni chuqur o‘rganishni taqozo etadi.

Asosiy savollar quyidagilar: Mamlakatimiz elektron hukumat rivojlanish indeksidagi dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan o‘rtadagi farqni qisqartirishi uchun qaysi muammolarni bartaraf etishi kerak? Elektron hukumatni davlat xizmatlari sifatini oshirishda yetakchi omilga aylantirish uchun qanday choralar ko‘rish zarur?

Ushbu muammolarni hal qilish uchun tadqiqotlar, keng tahlillar talab etiladi, xususan:

  • BMTning elektron hukumat bo‘yicha indeks ko‘rsatkchilari va ularning metodologiyasi;
  • Daniya, Estoniya, Janubiy Koreya, AQSh kabi elektron hukumatni rivojlantirish xalqaro reytingi yetakchilari, shuningdek, MDHning ushbu sohada yaxshi rivojlanayotgan mamlakatlari tajribasini o‘rganish.

Elektron hukumatni rivojlantirish xalqaro indeksi metodologiyasini va ushbu sohadagi yetakchi mamlakatlarning tajribasini o‘rganish bo‘yicha tahlil-tadqiqotlar allaqachon boshlab yuborilgan. Tadqiqot rejasida belgilangan vazifalarning puxta va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash uchun chetdan ekspert jalb qilindi, elektron hukumat sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish uchun Janubiy Koreya bilan muntazam aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Axborot texnologiyalari olami jadal o‘zgarib bormoqda. Xususan, bulutli texnologiyalar, katta ma’lumotlar, mobil va ijtimoiy kommunikatsiyalar, narsalar internetining paydo bo‘lishi va keng joriy etilishi, shuningdek ma’lumotlar xavfsizligi talablarining kuchaytirilishi uzoq muddatli global loyihalarni tahrirlashni taqozo etadi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston elektron hukumati joriy taraqqiyotining keyingi bosqichi Raqamli hukumatni rivojlantirish hisoblanadi. Uning konsepsiyasi allaqachon amalga oshirila boshlangan va birinchi navbatda, fuqarolar va biznes uchun qulay davlat xizmatlari tizimini, davlat bilan o‘zaro aloqalarni yuqori darajada avtomatlashtirishni, kerakli ma’lumotlarga kirish uchun yagona portallarni, ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari yuqori tezligini ta’minlagan holda jismoniy va yuridik shaxslarga kerakli hujjatlar taqdim etilishi kabilarni ko‘zda tutadi.

Bu jarayonlar «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasi bilan mutahkamlab qo‘yilgan. Strategiyadan asosiy maqsad respublikamizda raqamli sanoatni jadal rivojlantirish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardosh afzalliklarini oshirish, shuningdek, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida belgilangan vazifalar bajarilishini ta’minlashdir.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash kerakki, davlat sektorida IT-vositalardan oqilona foydalanish davlat xizmatlarining shaffofligi, tezkorligi va hisobdorligini ta’minlash bilan bir qatorda, fuqarolarimizning muammolarini tezkor va samarali hal qilish imkonini beradi. Mamlakatimizda elektron hukumatni rivojlantirish uchun barcha jabhalarda jamoaviy ishlash zarurligini yodda tutishimiz lozim. Faqat birgalikda qilingan sa’y-harakatlargina O‘zbekiston elektron hukumatini jahon mamlakatlari elektron hukumatlari reytingi yetakchilari qatoriga olib chiqishi mumkin.

M.Jalolov,
Toshkentdagi INHA universiteti rektori v.b.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring