Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uch marta qamalgan olim

Uch marta qamalgan olim

«...U arvohlar vositasida azayimxonlik qilib davolaydigan yosh shaman qiz edi...»

 «...Tog‘lar qa’riga kirib borishga haddi sig‘gan sarkardalarning boshi tanasidan judo bo‘ldi…»

«Podshoh o‘zining o‘ng qo‘l vazirini malika bilan o‘ynashlikda ayblab osishga hukm qilganida, hatto saroydagilar chidab turolmadi va podshohning xobgohiga kirib, uning bo‘ynini uzdilar...»

Ushbu o‘qiganlaringiz qaysidir ertakdan parcha yoki afsonadagi lavha, rivoyatdan iqtibos emas. Bu o‘tmishda turk hoqonligida ro‘y bergan tarixiy voqealar bo‘lib, Lev Gumilevning dunyoga mashhur «Qadimgi turklar» kitobidan olingan.

Ma’lumki, nafaqat Turon sarhadlarida, balki Yevroosiyo makonlarida hukm surgan turkiy xalqlar, ularning islomgacha bo‘lgan miloddan avvalgi va milodning boshlaridagi tarixi dunyo muarrixlari e’tiborini tortib kelgan. Bu borada Kultegin bitiktoshlaridan tortib, shu davrdagi xitoy yilnomachilariyu, Basim Atalay, Zakiy Validiy singari tarixchilargacha ko‘plab asarlar yaratishdi. Ayniqsa, XIX asr oxiri va XX asr davomida G.Ye.Grumm-Grijaylo, V.Radlov, N.Ya.Bichurin, N.A.Aristov, M.I.Artamonov, S.P.Tolstov, M.Ye.Masson, A.N.Kononov, S.Ye.Malov, S.V.Kiselev singari tarixchilar turkshunoslikka o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Bu safda Lev Gumilev ham bor. U 1912 yilning 1 oktyabrida chor armiyasi zobiti Nikolay Stepanovich Gumilev va shoira Anna Andreyevna (Gorenko)-Axmatova oilasida tug‘iladi. Bo‘lajak tarixchining otasi o‘z davrining mashhur zobitlaridan bo‘lib, 1-jahon urushi davrida ko‘rsatgan jasoratlari uchun ikki marotaba orden bilan taqdirlangan, imperator va amaldorlari o‘rtasida hurmatga sazovor harbiylardan edi. Onasi esa Anna Axmatova nomi bilan dovruq qozongan shoira hisoblanardi.

Afsuski, Lev oilada ota mehridan erta ajraladi. 1921 yilning avgustida u endigina 9 yoshga kirganida otasini bolsheviklar ChKasi «ishchi dehqon xalq dushmani» deya otib tashlaydi. Onasiga qiyin bo‘ldi. Bir tarafdan eridan ayrilgan, ikkinchi tarafdan she’rlarida isyonkorlik ruhi bor, sho‘ro mafkurasiga to‘g‘ri kelmaydi, deya uning ijod namunalarini chiqarmay qo‘yishdi. Bundan tashqari «Lyovushka» (Arslon bolasi) deya erkalab o‘stirgan, biroq qobiliyatli va qat’iyatli o‘g‘lini 1935 yilning 22 oktyabrida universitetda aksilsho‘roviy guruh tuzganlikda ayblab, «xalq dushmani» deya hibsga olishdi. Bu paytda Lev Gumilev Leningrad davlat universitetining tarix fakultetida tahsil olardi. Mazkur fojia uning onasi Axmatovani Stalinga xat yozishga majbur qildi. Nihoyat, Lev Gumilev 1935 yil 4 noyabr kuni ozod etiladi.

Biroq ozodlikdagi hayot ko‘pga bormadi. 1938 yilning 10 mart kuni u avvalgi aybi bo‘yicha yana hibsga olinib, o‘sha yilning 17 noyabrigacha qamoqda azob chekib yotadi. O‘sha kuni uni 5 yilga ozodlikdan mahrum qilishadi. Natijada Lev o‘sha davrdagi Belomarkanal, Noril, Turuxanovskdagi mehnat tuzatuv lagerlarida mashaqqatli kun kechiradi.

Shoiraning yana yalinish-yolvorishlari, yaqin birodarlarini aralashtirishi sabab, Gumilev qamoqdan ozod etiladi va boshlanib ketgan ikkinchi jahon urushida ishtirok etadi. Sobiq «xalq dushmani» xalqi uchun jangovar kurashib, orden, medallar oladi.

1945 yil 9 may. G‘alaba. Urush tugaydi. G‘alabani Berlinda kutib olgan Lev Gumilev ilmga sho‘ng‘ib ketadi. Biroq...

Biroq 1946 yilning 6 noyabr kuni «arslon» uchinchi marta tag‘in avvalgidek ayblar bilan qamoqqa olinadi va 10 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Shoira ona yolg‘iz o‘g‘lining hayotidan qayg‘urib, qamoqqa maktublar bitadi, turli nasihatlar beradi. Axmatova xonim tarixchi o‘g‘lining hali birinchi qamoqdan chiqqandanoq yoza boshlagan «Qadimgi turklar» kitobi uchun material to‘playdi. Bu orada Lev Gumilyov muddatidan oldin avf qilinib, ozodlikka chiqadi va yana ilm bilan shug‘ullanadi.

Nihoyat Lev qisqa fursat ichida – 1948 yilda «Birinchi turk xoqonligining siyosiy tarixi» mavzusida nomzodlik ishini muvaffaqiyatli yoqlaydi. Ona-bola uchun ilmiy ish yoqlangan kun g‘oyat quvonchli bo‘ldi. Afsuski, shodiyonalik uzoqqa cho‘zilmadi – 1949 yilning 6 noyabrida u yana «xalq dushmani» sifatida qamaladi. Bu gal uni birga ishlagan, o‘zini do‘st qilib ko‘rsatib Lev Gumilyov haqida chaquvlar yetkazib turgan yon-atrofidagi kimsalar qamatishadi. Nihoyat Stalin vafot etib, «iliqlik» davri boshlangach, Lev Gumliyov – «Arslon» 1956 yilning 11 mayida ozodlikka chiqadi va mashhur asari ustida ish boshlaydi.

Gumilev bu asarida qadimgi turklar madaniyati insoniyat tarixida alohida o‘rniga ega ekanligini, oddiy o‘tov o‘z me’morchiligi bilan o‘troq xalqlar yaratgan inshootlardan qolishmasligini isbotlab beradi. Turkiylarning davlatchilik borasidagi boshqaruvi, ularning tarqalgan hududlari, til, shevalari, fonetikasi, qo‘shni xalqlar bilan munosabati o‘sha davrlardagi manbalarni tahlil qilgan holda tadqiq qilinadi. Muallif kitobda tarixchi turkiylar tarixini Xitoy, Yevrosiyo, Eron tarixi bilan bog‘lab o‘rganish qatoida, ularni bog‘lab turuvchi rishtalarni topib ko‘rsata bilganki, bu katta ilmiy jasoratdir. Umuman olganda, Gumilev bu asari orqali islom olamida o‘z o‘rnini topgan turkiylar islomgacha ham dunyo tarixida o‘zining qaddini mag‘rur tuta olganini isbotlab bergan.

Hayotining ma’lum qismini qamoqda o‘tkazgan Lev Gumilyov 80 yil umr kechirdi. U 1992 yilda vafot etdi. Bunday qaraganda, ko‘p yil yashagandek. Ammo uning Stalin davrida bir necha bor qamalgani, ozod etilgandan so‘ng turli hamkasblarining ruhiy zarbalar berib borganligini eslasak, umrining aksariyat qismi turmalardagi zahmatli qora mehnatda, ikkinchi jahon urushi davridagi janggohlarda, ozodlikdagi hayoti ham hasadgo‘y ziyolinamolar, hamkasblari bilan kurashda o‘tdi. Biroq u hayot zarbalariga dosh berib, boqiy asarlar yaratdi. Bu tarixchi va bardoshli inson Lev Gumilyovning katta jasoratidir.

Umid Bekimmetov,

tadqiqotchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring