«Suv keltirgan xoru, ko‘za sindirgan aziz»mi yoxud yosh tarjimon qanday xatoga yo‘l qo‘ygani haqida mulohaza
Bizning aksariyat yosh adiblar va tarjimonlar ko‘p mutolaa qilishga, lug‘at bilan ishlashga, bilimlarini chuqurlashtirib borishga erinishadimi, ochig‘i, bilmayman... Bu fikrni kimnidir kamsitish uchun bitayotganim yo‘q. Bugun Gabriel Garsia Markesning «O‘n ikki darbadar hikoya» hikoyalar to‘plamiga kiruvchi yana bir hikoya – «Avgust dahshatlari»ning («Avgustovskiye straxi») tarjimasini yakunladim. Shunda ikki jihat e’tiborimni o‘ziga tortdi.
Mazkur hikoya yosh adib va tarjimon tomonidan tarjima qilinib, «Kitob dunyosi» gazetasida «Avgust qo‘rquvlari» sarlavhasi ostida chop etilgandi. Ammo hikoyani rus tilidan o‘girish asnosida «strax» so‘zi asarda «qo‘rquv» emas, ko‘proq «dahshat» ma’nosida qo‘llanganiga ishonch hosil qildim. Bu – masalaning bir tomoni. Ikkinchisi esa...
Quyidagi jumlaga e’tibor qarating: «Migel Otero Silva, xoroshiy pisatel, no krome togo – prekrasniy amfitrion i utonchenniy gastronom, jdal nas s nezabivayemim obedom». Tarjimon shu jumlani «Migel Otero Silva – yaxshi yozuvchi, ayni paytda u go‘yo Amfitriondek bizni unutilmas mehmonnavozlik uchun kutib turardi», deb o‘girgan.
«Amfitrion» so‘zi rus tilidagi matnda kichik (demakki, atoqli ot emas), tarjimada esa bosh harfda yozilgan. Tabiiyki, tarjimadan avval «amfitrion» so‘zi nima maqsadda va qaysi ma’noda qo‘llanilgani (hozir so‘z rus tilidagi tarjima borasida ketyapti, hikoyani asliyatda yoki ingliz tilida topolmadim, shunday bo‘lsa-da, aniqlagan ma’lumotlarim asosida Markes hikoyasida aynan shu so‘zni qo‘llaganiga ishonchim komil, deya ayta olaman) aniqlash talab etiladi. Yosh tarjimon oddiy yo‘l tutgan: gugldan «Amfitrion» so‘zini qidirgan va quyidagi ma’lumotni topgan: «Amfitrion — geroy iz Fiv, sin tirinfskogo sarya Alkeya i Astidamii (libo Laonomi ili Gipponomi), vnuk Perseya, muj Alkmeni, otets Ifikla, priyomniy otets Gerakla. Upomyanut v «Iliade» (V 392) i «Odisseye» (XI 266)». (Ya’ni «Amfitrion – fivalik qahramonlardan biri, Tirinf shohi Alkey va Astidamiya (yoxud Laonoma yoki Gipponomaning) o‘g‘li, Perseyning nabirasi, Alkmenaning turmush o‘rtog‘i, Ifiklning otasi va Geraklning asrab olgan otasi. «Iliada» (V 392) va «Odisseya» (XI 266) da tilga olib o‘tilgan»).
Endi esa hammada emas, albatta, izlanuvchan tarjimonda tabiiy savol tug‘iladi (agar hammada tug‘ilganda edi, men tilga olgan mutarjim ham o‘ziga shu savolni bergan va javob izlagan bo‘lardi): «Qadimgi Yunon mifologiyasining bu qahramoni bilan hikoyada tilga olinayotgan mehmondorchilik o‘rtasida nima bog‘liqlik bor? Markes (bunga ishonchim komil) har holda bejiz bu so‘zni (ismni emas) qo‘llamagandir? Shunisi e’tiborga molikki, rus tilida (ehtimolki, boshqa tillarda ham) «amfitrion» so‘zining eskirgan va ko‘p qo‘llanilmaydigan «radushniy xozyain» («samimiy mezbon»), «xlebosol» («dasturxoni ochiq», «shinavanda») degan ma’nolari ham bor ekan.
Buning esa o‘ziga yarasha tarixi mavjud...
Qadimgi Yunon mifologiyasiga ko‘ra, Amfitrionning ayoli qoshiga Zevs aynan erining qiyofasida keladi va shu uchrashuv natijasi o‘laroq Qadimgi Yunon eposi qahramoni bo‘lgan Gerakl tug‘iladi.
Mazkur mifologik syujetdan Rim dramaturgi Plavt (Tit Maksiy Plavt, taxminan e.a. 250–184 yillar) o‘zining «Amfitrion» komediyasida foydalanadi. Unda Yupiter (ya’ni Zevs. Rim mifologiyasida Yupiter – Yunon mifologiyasidagi Zevs kabi oliy ma’bud sanaladi) o‘zini Amfitrion qilib ko‘rsatib, asarning boshqa qahramonini to‘kin nonushtaga taklif etadi.
Keyinchalik Plavtning mazkur pesasi syujeti asosida ikki fransuz dramaturgi asarlarida Amfitrion ismini tushlik, ziyofat, dasturxon mavzusi bilan bog‘laydigan she’rlar yoziladi. Jan Rotruning (1609–1650) «O‘xshash qiyofalar» («Dvoyniki») komediyasida «Huzurida tushlik qilmasangiz, demak, u Amfitrion emas» («Tot ne Amfitrion, u kogo ne obedayut»), Jan Batist Molerning (1622–1673) «Amfitrion» (1668) komediyasida (3-sahna, 5-ko‘rinish) «Haqiqiy Amfitrion – siz uyida ovqatlangan Amfitrion» («Nastoyaщiy Amfitrion – Amfitrion, u kotorogo obedayut») satrlari uchraydi.
Demak, yosh mutarjim tarjimada qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘ygan. «Migel Otero Silva, xoroshiy pisatel, no krome togo – prekrasniy amfitrion i utonchenniy gastronom, jdal nas s nezabivayemim obedom» jumlasi yosh mutarjim o‘girganidek: «Migel Otero Silva – yaxshi yozuvchi, ayni paytda u go‘yo Amfitriondek bizni unutilmas mehmonnavozlik uchun kutib turardi», emas, balki «Yaxshi yozuvchi, bundan tashqari esa dasturxoni hamisha ochiq va nihoyatda shinavanda bo‘lgan Migel Otero Silva huzurida bizni unutilmas mehmondorchilik kutib turardi» tarzida tarjima qilish maqsadga muvofiq bo‘lardi, nazarimda.
Shu o‘rinda yana bir qiziq holat: yuqoridagi syujetlarda aslida mehmon qilgan Amfitrion emas, uning qiyofasiga kirgan Zevs ekaniga guvoh bo‘lasiz, biroq adabiyotda va «amfitrion» so‘zining «samimiy mezbon», «dasturxoni ochiq», «shinavanda» degan ma’no kasb etishida voqelikning butunlay teskarisini ko‘rasiz.
Endi esa sarlavhada keltirilgan xalqimiz maqoliga qaytamiz. Chindan ham bu holat «Suv keltirgan xoru, ko‘za sindirgan aziz», maqolining isbotidek bo‘lib ko‘rinmayaptimi sizga?
Ma’ruf Toshpo‘latov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter