Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qo‘sh hokimiyat» – bo‘sh hokimiyat

«Qo‘sh hokimiyat» – bo‘sh hokimiyat

Foto: «Venezuela Analysis»

Venesuelada yuzaga kelgan siyosiy beqarorlik o‘zining avj pardalariga chiqmoqda. Yigirma kundan oshdiki, Lotin Amerikasidagi bu mamlakat boshqaruvida ikki prezident faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu yil 10-yanvarda Nikolas Maduro o‘z prezidentligining ikkinchi muddatiga kirishgan edi. Muxolif kuchlar ko‘pchilikni tashkil qiladigan parlament bunga to‘liq qarshi chiqdi va Maduroning ikkinchi muddatga boshqaruvi noqonuniy, deb e’lon qildi.

Nikolas Maduro esa qonuniy saylangan o‘z lavozimini shunchaki tark etmasligini, vakolat muddati faqat 2025 yilga borib tugashini ochiq aytmoqda.

Shu yilning 23-yanvarida ommaviy tartibsizlar sharoitida Parlament spikeri Guaydo o‘zini o‘zi Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti deb e’lon qilib yubordi.

Amaldagi prezidentni iste’foga ketishga, navbatdagi prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirdi. Shu tariqa vujudga kelgan qo‘sh hokimiyat siyosiy raqobatdan fuqarolar urushiga aylanib ketish xavfi paydo bo‘ldi.

Foto: «thereklama.com»

Eng qizig‘i, o‘zini o‘zi prezident deb e’lon qilgan kimsani AQSh, Kanada, Lotin Amerikasi mamlakatlari – Braziliya, Argentina, Peru, Chili, Paragvay, Gonduras, Kosta-Rika, Panama, Boliviya, shuningdek, Chexiya, Portugaliya, Fransiya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Niderlandlar, Germaniya, Daniya, Chexiya, Polsha, Estoniya, Latviya, Litva, Finlyandiya, Isroil va Avstraliya tan oldi va qo‘llab-quvvatlamoqda.

Guaydo o‘z vakillarini ushbu davlatlarga muzokaralar olib borish va moliyaviy yordam olish uchun ketma-ket yubormoqda. Bu ishlarining samarasi o‘laroq, AQShning ayollar va bolalarga insonparvarlik yordami 12-fevralda mamlakatga yetib kelganini aytib, aholini o‘ziga qo‘shilishga chaqirmoqda.

Xo‘sh, agar Guaydoning bu ishlari qonunga va konstitutsiyaga zid ekan, nega shu vaqtgacha u va uning maslakdoshlari hibsga olinib, qonuniy chora ko‘rilmayapti? Maduroning bunday irodasizligi va ojizligi o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun salohiyat va mahoratga egaligini katta so‘roq ostiga qoldiroqda.

Oliy sud allaqachon Guaydoning qarorini bekor qilgan. Prokuratura tergov harakatlarini olib borayapti. Boz ustiga, uning mamlakatda mustahkam siyosiy tayanchi yo‘qligi ham aytilmoqda.

Venesuela Konstitutsiyaviy assambleyasi raisi birinchi o‘rinbosari, Yagona sotsialistik partiya raisi o‘rinbosari Tanya Diasning aytishicha, «muxolifda tashkiliy tarmoq mavjud emas. Maduro tarafdori bo‘lgan partiyamizda esa 13,6 ming hududiy bo‘limlar bor. Bu tuzilma butun mamlakat bo‘ylab odamlarni safarbarlikka chaqirishga qodir».

Demak, Maduro hozir birinchi navbatda, qo‘sh hokimiyatga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishi kerak. Guaydoni ushlab qamasa, xalqaro bosimlar yanada kuchayishidan qo‘rqmoqda.

Och qornim – tinch qulog‘im

Venesuelada oxirgi 20 yil davomida sotsializmcha iqtisodiy boshqaruv halokatli oqibatlarga olib keldi. Odamlar bugun haqiqatdan och qoldi.

Birgina o‘tgan yili inflyasiya 1,7 million foizga o‘sdi. Do‘konlar bo‘shab qolmoqda, narxlar esa osmonga o‘rlayapti, dori-darmon yetishmaydi.

Foto: «TJ»

Oddiy odamning o‘rtacha bir oylik maoshi 15-20 dollar. Biroq bozorda bir kilo kartoshkaning narxi 3 dollar, piyoz 2 dollar, go‘sht 15 dollar. Bunday sharoitda bir oylik ish haqiga bir paket mahsulot kelmayapti-da. Ular o‘z kunini qanday o‘tkazadi?

«Qora oltin» zaxirasi kattaligi bo‘yicha (300 milliard barrel) dunyoda birinchi o‘rinda tursa-da, hatto benzinni ham import qilmoqda. Chunki neftni qayta ishlash korxonalari to‘la quvvat bilan ishlamayapti, xom-ashyo eksportiga suyanib qolingan.

Tashqi qarzi 150 milliard dollarga yetdi. Bu qiyinchiliklarga neftning jahon bozorida narxi tushgani bir sabab bo‘lsa, AQShning o‘ziga xayrixoh bo‘lmagan mamlakatga nisbatan tizimli va uzoq muddatdan buyon qo‘llayotgan sanksiyalari ham yomon ta’sir qildi. Prezident Barak Obama boshqaruvi yillarida qo‘llagan sanksiyalar tufayli iqtisodiyot butunlay izdan chiqdi.

Foto: «Trust.UA»

Ugo  Chaves mamlakatni idora qilgan paytlarda Venesuelada 5,6 million kolumbiyalik, 400 ming ekvadorlik va shuncha peruliklar istiqomat qilar edi.

Hozir esa qora qozonini qaynatish uchun o‘zlari chetga chiqib ketishga majbur bo‘lishmoqda. Hozir 3 million fuqaro xorijda umrguzaronlik qilmoqda. Jumladan, qo‘shni Kolumbiyadan 1,2 million venesuelalik og‘ir sharoitlarda yashayapti. Ekvador, Peru, Chili, Braziliya va Argentinada bir necha o‘n minglab migrantlar bor. Atlantika osha Ispaniyadan qo‘nim topganlar soni 270 ming kishiga yetdi.

Nikolas Maduroning har oyda ijtimoiy dasturlarga 120 million dollar yo‘naltirib turayotgani ham 32 millionli aholi uchun kutilgan samarani bermayapti. Chunki birlamchi oziq-ovqat mahsulotlaridan bahramand bo‘layotgan ehtiyojmandlar soni 6 million kishidan oshmaydi. Oziq-ovqat yetishmasligi sababli 300 ming odam ochlik azobini boshidan kechirmoqda.

Chetdan yetkazib berilayotgan gumanitar yordam yuklarini Maduro AQShning maxsus xizmatlari o‘z g‘arazli maqsadlarida foydalanmoqda, degan vaj bilan chegaradan o‘tkazmayapti. Vaholanki, bu yordam hozir qiynalgan aholi uchun juda muhim va buni xolis xalqaro tashkilotlar ko‘magida ehtiyojmand qatlamlarga yetib borishini ta’minlansa bo‘ladi.

Foto: «bbc.com»

Qashshoqlik albatta, yomon. Lekin urush haqiqiy fojea ekanini odamlar yaxshi tushunadi. Tarixiy qahramon Bolivarning ozodlik ruhi bilan sug‘orilgan aholi AQShning mamlakatga bostirib kirishini, ko‘p qurbonlar berilishini va vayronagarliklar yuzaga kelishini sira-sira istashmaydi.

Shu sababli Guaydoning hokimiyatni egallash maqsadida xorijiy kuchlarni kirishiga ruxsat berishi haqidagi fikri ularning hafsalasini pir qildi. Odamlar qon oqishi evaziga o‘rnatiladigan har qanday «demokratiya» va «farovon hayot»ni o‘zlarining mag‘lubiyati deb qabul qiladi.

Guaydo tashqi kuchlar sharofati bilan hokimiyatga kelgan taqdirda ham Oq uy izmidan chiqa olmaydigan qo‘g‘irchoq siyosatchiga aylanadi-qoladi. 

Armiya kim tomonda?

Zamonaviy qurollangan va yaxshi jangovar tayyorgarlikka ega armiya hozircha Maduroga sadoqat ko‘rsatmoqda.

10-15-fevral kunlari harbiylar va o‘zini o‘zi himoya qiluvchi xalq bo‘linmalarining «Angostura-200» harbiy o‘quv mashqlari o‘tkazilayapti. Unda Rossiya va Xitoylik harbiylar ham qatnashayotgani aytildi.

Miranda shtatidagi amaliyotlarda ishtirok etgan prezident Maduro shunday dedi: «Armiyamizda professionallar xizmat qiladi. Ular o‘z hayotini mamlakat va xalq uchun berishga tayyor. Biroq ular yagona kuch emas. Asosiy qudratimiz – Venesuela fuqarolaridir. Biz tinch mamlakatmiz va hech kim bilan urushmaymiz. Biroq bizga ham boshqalar dushmanlik qilmasin va tahdid solmasin».

Foto: «Armeyskiy Vestnik»

Venesuela armiyasi jangovar qobiliyati qit’ada AQSh va Braziliya kuchlaridan keyin uchinchi o‘rinda deb baholanadi. Ammo armiya ichida bo‘linish boshlansa yoki unga qarshi harakat qilib qolsa, Maduroning ahvoli tang bo‘ladi.

Armiya hokimiyat almashuvi jarayonida hal qiluvchi kuch ekanligini yaxshi anglagan Guaydo bunga erishish uchun ular bilan yashirin muzokaralar olib bormoqda.

Fevral oyi boshida Harbiy-havo kuchlari bosh qo‘mondonligi strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i, general Fransisko Esteban Yanes Rodriges Guaydoni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan va o‘z do‘stlarini qurol-yaroqni xalqqa nisbatan qo‘llamaslikka chaqirgan edi.

Yaqinda Venesuelaning Vashingtondagi elchixonasi harbiy attashesi Xose Luis Silva ham muxolifat tomonga o‘tib ketgan edi.

Venesuela quruqlik kuchlari polkovnigi Ruben Alberto Paz Jimenes ham Guayno tarafiga o‘tib, namoyishchilarga qo‘shildi.

«Maduro askarlardan o‘z hukumatini saqlab qolish uchun foydalanmoqda. Kelinglar, qo‘rqoqmas, botir bo‘lamiz. 90 foiz qurolli kuchlar undan norozi», deb aytdi Jimenes.

Bu kabi boshqa tarafga o‘tib ketish faktlari ommaviy tus oladimi yoki onda-sonda bo‘lib turadimi, bunisini vaqt ko‘rsatadi.

Tashqi kuchlarning havodan yoki quruqlikdan to‘g‘ridan to‘g‘ri bostirib kirish yoki bombalar zarbalari va katta talofatlarga olib kelishi mumkin. Chunki armiya Rossiyaning zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan jihozlangan.

Vashington nima qila oladi?

Amerikaning maqsadi ayon. Shunday biqinidagi mamlakatni Rossiya va Xitoyning to‘liq nazoratiga tushib qolmasligi kerak, uni o‘ziga ittifoqchi davlatga aylantirishi lozim.

Biroq AQSh o‘z rejasini tezlikda amalga oshira olmasligini ham yaxshi tushunadi. Shu sababli avval boshdanoq sekin harakatlanish rejasi ishlab chiqdi. Bunda Koreya va Vetnam, Iroq va Afg‘onistondagi muvaffaqiyatsizliklar albatta, inobatga olingan.

Iqtisodiyoti zaif davlat bilan «past jadallikdagi mojaro» tamoyili yordamida kurashmoqda. Bu amaliyot to‘rtta vositani – sanksiyalar, targ‘ibot, yashirin urush va havodan bomba zarbalari berishni nazarda tutadi.

Hozir birinchi ikkita dastak faol qo‘llanilmoqda. Shubhasiz, iqtisodiy va axborot urushi tartibsizliklarni keltirib chiqardi, biroq hukumat ag‘darilmadi.

Avvalo davlatning iqtisodiy asoslarini izdan chiqarishga harakat qilmoqda. Jumladan, shu vaqtga qadar qo‘llanib kelinayotgan sanksiyalar mexanizmi yanada kuchaytirildi.

Lotin Amerikasi strategik geosiyosat markazining hisobotida ta’kidlanishicha, 2013-yildan buyon qo‘llanilayotgan moliyaviy sanksiyalar natijasida mamlakat jami 350 milliard dollar zarar ko‘rdi, gumanitar va migratsiya muammosi kuchaydi.

Foto: «IA REX»

Rasmiy Vashington «PDVSA» neft kompaniyasining AQShdagi 7 milliard dollarlik aktivlarini amaldagi hukumatga qaytarmaslikka qaror qilgani ham og‘ir zarba bo‘ldi.

OPEKdan AQSh sanksiyalarini qoralash bo‘yicha so‘roviga ham rad javobini oldi. Kartel vakillari tashkilot siyosiy kurashdan emas, balki neft siyosatidan manfaatdor ekanligini chiroyli qilib tushuntirib qo‘yishdi.

Bu bosqichlardan keyin AQSh harbiy aralashuvni ham istisno qilmayapti. Albatta, hujum masalasi BMT Xavfsizlik kengashiga qo‘ysa, besh doimiy a’zoning kamida ikkitasi – Rossiya va Xitoy hujjatni qo‘llab-quvvatlamaydi.

Mustaqil ravishdagi bir tomonlama harakatlar oqibati og‘riqli bo‘lishga qaramay, «katta og‘a» isyonchi kuchlarni qurol-aslaha bilan ta’minlashga intilayotgani sir emas.

Venesuela Milliy gvardiyasi va boshqa tuzilmalar Krabobo shtati Valensiya xalqaro aeroporti omboridan isyonchilarga xorijdan yuborilgan katta miqdordagi qurol-yaroqlarni topgani ham bundan dalolat beradi. 

Hozirgi bosqichni «gibrid urushi», deb ham atasa bo‘ladi. Bunda Venesuela chegarasini armiya bevosida bosib o‘tmaydi, balki ispan tilini yaxshi o‘zlashtirgan harbiy yo‘riqchilar hududga yashirin kirib olib, muxolifatga qurolli kurash olib borish usullarini o‘rgatadi. Bu variant kutilgan samarani bermasa, oxirgi – qo‘shinlarga to‘liq ishga solish yo‘li qoladi.

Qo‘shin kiritilsa, AQSh shubhasiz, harbiy taktik g‘alaba qozonishi mumkin, ammo strategik siyosiy mag‘lubiyatga uchrash ehtimoli ham yuqori. AQSh bu yerdagi ittifoqchilari, masalan Kolumbiya va Braziliya hududidan askarlarni Venesueaga kiritishi ham mumkin. Lekin bu mamlakatlar voqealar bunday keskin tus olishini istamaydi. 

Shu tariqa mintaqa ancha vaqt tinchimaydigan urush iskanjasiga qolib ketishi mumkin. Venesuela qochoqlari qo‘shni davlatlarga suqulib kirib, ularning ham siyosiy-iqtisodiy muammolarga tortishi muqarrar.

Shundoq ham migratsiyadan joni xalqumiga kelgan AQSh Meksika bilan chegara devorini tortayotgan bir paytda urush olovi yonsa, Lotin Amerikasidan millionlab muhojirlar bu omonat chegaraga yopirilib keladi.

Ruslar va xitoylar Maduroni saqlab qoladimi?

Venesuela – Lotin Amerikasida Rossiyaning eng yirik ittifoqchisidir. Bu yerga 17 milliard dollarlik sarmoyalarni kiritgan va do‘st hukumatiga qarz bergan.

Katta miqdorda qurol-yaroqni eksport qilmoqda. 2005-2018-yillarda 12 milliard dollarlik harbiy texnikalar yetkazib berildi. «Rosneft» kompaniyasi yer osti boyliklarini birgalikda o‘zlashtirish loyihalariga 7 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritdi.

Qolaversa, agar Venesuela neft zaxiralarini AQSh o‘z nazoratiga oladigan bo‘lsa, jahonda «qora oltin» narxlariga ta’sir ko‘rsatuvchi qudratli richakka ega bo‘ladi. Asosiy eksporti neft bo‘lib qolayotgan Rossiya bunday sharoitda shaxmat taxtasida katta mag‘lubiyatga uchraydi.

Foto: «InoSMI»

Ruslar Venesuelaga har qancha istashmasin, Suriyadagi kabi ulkan yordamni ko‘rsata olmaydi. Jo‘g‘rofiy olisda, ularni kamida 10 ming kilometrlik masofa ajratib turadi. Shu sababli savdo aylanmasi hajmi ham ancha kam, 2018 yilda 90 million dollar atrofida bo‘ldi.

Lekin Putinning siyosiy xarakteridagi kutilmagan qarorlar qabul qilish prinsipi hisobga olsin-sa, vaziyat Maduro uchun inqirozli darajada qaltis tus olganda harbiy yordam berish ehtimoli ham yo‘q emas. Ana unda vaziyat juda chigallashadi va urushga boshqa tomonlar ham tortiladi.

O‘z navbatida, Guaydo hokimiyatga kelsa ham Rossiya va Xitoy oldidagi kredit-moliyaviy majburiyatlarini bajarishi kerak. Shu sababli hozir Rossiya qizishmasdan, siyosiy-diplomatik va gumanitar rag‘batga asosiy diqqatini qaratmoqda.

U o‘zga davlatlarning ichki ishlariga aralashuv xalqaro me’yorlarning qo‘pol buzilishi va tinchlikka rahna soluvchi zo‘ravonlik, deya bong urmoqda.

Maduroni ayni paytda Rossiyadan tashqari, Xitoy, Eron, Turkiya, Belarus, Meksika, Urugvay, Boliviya, Kuba, Nikaragua, Salvador, Suriya, Indoneziya, Falastin davlatlari ham qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Harbiy aralashuviga kim qanday munosabatda?

Ispaniya har qanday harbiy aralashuvga qarshi.

Italiya esa Yevropa Ittifoqi davlatlarining Venesuela bo‘yicha bir tomonlama qarorini blokirovka qilib qo‘ydi.

Xitoy esa bu ishlar unga yoqmayotganini yashirmayapti. Chunki 70 milliard dollarga yaqin investitsiya kiritib qo‘ygan, 20 milliard dollarga teng loyihalari amalga oshirilmoqda. Shu sababli uning biror tomonni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi ehtimoldan juda yiroq.

Chunki, hozir u o‘zinning asosiy tashqi e’tiborini Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga qaratgan. AQShga qarshi kichik bir xatti-harakati ham Vashingtonning keskin javob qaytarishi uchun yaxshi bahona yaratishi mumkin.  

Shuning barobarida Pekin o‘z ehtiyojlari uchun neft sotib olish hajmlarini ko‘paytirish orqali Venesuelaga salmoqli moddiy yordam berishga qodir.

Navbatdagi inqirozga yechim bormi?

Yechim Maduroning o‘z qo‘lida. Xalqni rozi qilish kerak. U iqtisodiyotda tub islohotlar o‘tkazishi, budjetdagi ulkan taqchillikni hal qilish yo‘lini topishi kerak. Budjetni faqat neft sotuvidan tushadigan tushumlarga qarab shakllantirish bilan bir foydali ish chiqmasligi aniq.

Qo‘shimcha valyuta topishning yo‘llaridan biri sifatida u oltin ishlab chiqarish hajmlarini shu yil birinchi chorakda 3 barobarga, neft qazib olishni yil o‘rtalariga borib 2,5 million barrelga oshirishni ko‘rsatmoqda.

Hindistonga ham amaldagi 380 ming barrel neft yetkazib berish hajmlarini ikki barobarga oshirish niyatida.

Muxolifatga yon berildimi?

Maduro muxolifatga yon berib, parlament saylovlarini muddatidan oldin o‘tkazishga rozilik bildirgan.

Tomonlar o‘rtasida xalqaro hamjamiyat ishtirokida muloqot platformasini yaratish ham juda zarur. Maduro shu maqsadda tashkil qilingan «Montevideo mexanizm»ini ham qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Urugvay poytaxti Montevideoda bo‘lib o‘tgan birinchi muloqot guruhi yig‘ilishida Yevropa diplomatiyasi rahbari Federika Mogerini va 8 davlat (Germaniya, Ispaniya, Italiya, Niderlandlar, Portugaliya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Shvetsiya), Lotin Amerikasidan Boliviya, Kosta-Rika, Urugvay, Ekvador va Meksika qatnashdi. Ammo yakunda aniq bir natijaga erishilgani yo‘q.

Keyingi majlis mart oyida vazirlar darajasida kechadi. AQSh bu guruh tuzilishiga qarshi bo‘layapti.

O‘zi oxirgi yillarda Suriya, Iroq, Liviyadagi inqirozlarni hal qilishda o‘rni aytarli sezilmagan BMTning global xavfsizlik muammolari yechimida tashabbusni qo‘lga olishi va aralashuvi juda muhim.

Foto: «RIA Novosti»

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh xalqaro tashkilot hech bir tomon yonini olmasdan Venesueladagi mojarolashayotgan kuchlarga muloqot o‘rnatishlari uchun yordam berishga tayyorligini aytdi.

«BMT va men har ikki tomonga ham shaxsan yordam taklif etayapman. Agar mening jiddiy muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha iltimosim amalga oshsa, Venesuela qarama-qarshilikdan chiqishga erishadi», dedi ishonch bilan Antoniu Guterrish.

Ammo BMT Xavfsizlik kengashida Rossiya va AQShning azaliy va bir-biriga yon bermaslik bo‘yicha diplomatik bahslari qizg‘in davom etmoqda...

L.Hasan o‘g‘li

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring