«Detektivlar qirolichasi»: ayriliq, xiyonat va mukofotlar
Agata Kristi nomi ko‘pchilikka yaxshi tanish. U – 60 ga yaqin detektiv va 6 ta psixologik roman, 19 ta hikoyalar to‘plamining muallifi. Kitoblari dunyo miqyosida 100 ga yaqin tilga tarjima qilingan. Romanlari hozirga qadar («Bibliya» va Shekspirdan so‘ng) eng ko‘p nusxada nashr etiladi: adadi 4 milliarddan oshib ketgan. Agata Kristi sahna asarlari ham yozgan. Uning 16 ta pesasi London teatrida qo‘yilgan. Ilk bor esa «Qopqon» pesasi sahnalashtirilgan bo‘lib, 1952 yildan hozirgacha to‘xtovsiz namoyish etib kelinadi...
Zahar... kerak!
Agata Meri Klarissa Mallouen kelib chiqishi Miller bo‘lgan, keyinchalik birinchi umr yo‘ldoshining familiyasi bilan shuhrat qozongan Agata Kristi 1890 yil 15 sentyabrda Buyuk Britaniyaning Devon grafligi, Torki shaharchasida tug‘ilgan. Ota-onasi Qo‘shma Shtatlardan ko‘chib kelishgan muhojirlar bo‘lishgan.
Agata oilada kenja qiz edi. Millerlar xonadonida yana ikki nafar farzand – opasi Margaret Freri (1879–1950) va akasi Luis Montan «Monti» (1880 – 1929) bor edi.
Bo‘lajak adiba uyda yaxshi ta’lim oldi, ayniqsa, musiqadan puxta bilim egalladi. Biroq sahna oldidagi qo‘rquv uning musiqachiga aylanishiga xalaqit berdi.
Birinchi jahon urushi davrida Agata gospitalda hamshira bo‘lib ishladi. Bu kasb unga yoqar, «inson shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan eng foydali sohalardan biri» deb hisoblardi. Agata farmatsevt sifatida dorixonada ham faoliyat ko‘rsatdi. Bu esa keyinchalik ijodida aksini topmay qolmadi: asarlaridagi 83 ta jinoyat zaharlanish oqibatida yuz beradi.
1914 yili Rojdestvo kunida Agata polkovnik Archibald Kristiga turmushga chiqdi. Archibald bu qizni bir necha yillar oldin – leytenant bo‘lgan vaqtlaridan buyon yaxshi ko‘rardi. Ularning oilasida qizaloq – Rozalinda tug‘ildi.
Ayni shu davr Agata Kristi ijodining boshlanishi bo‘ldi. Aytishlaricha, Agataning detektivga murojaat qilishiga opasi bilan bahslashib qolgani sabab bo‘lgan. U adabiyotchi sifatida namoyon etgan Margaretga o‘zi ham yaxshi asar yoza olishga qodirligini aytgan. Opasi singlisini ijodga undagan.
Kristi birinchi detektiv romani– Staylzdagi sirli hodisa» romanini zo‘r ishtiyoq bilan yozdi. Biroq uni chop ettirish oson kechmadi. Roman Britaniyaning oltita nashriyoti tomonidan qaytarildi. Faqat yettinchi nashriyotda Kristi qo‘lyozmasini qabul qilishdi.
Dastlab muallif «Staylz...»ni Agata Kristi ism-sharifi bilan nashr ettirishdan cho‘chidi. O‘quvchi detektiv janrida yozadigan ayol-yozuvchilarni jiddiy qabul qilmaydi, deb o‘yladi u. Noshir esa kamdan-kam uchraydigan bunday ism-sharifni kitobxonlar darhol eslab qolishadi, deb Agatani ishontirdi.
«Staylzdagi sirli hodisa» 1920 yili 2000 nusxada chop etildi. Boshlovchi yozuvchi 15 funt sterling miqdorida qalam haqi oldi. Bitta kitob bilan keng ommaga tanilish oson emas, albatta. Agata Kristi yozishga zo‘r berdi.
Uning asarlari 1926 yili jurnallarda e’lon qilina boshlagach, mashhur bo‘ldi.
Ingliz detektiv janri ustalari an’anasini davom ettirgan Agata Kristi juftlik qahramonlar – zukko Erkyul Puaro va kulgili, intiluvchan va burmuncha laqma bo‘lgan kapitan Gastingsni yaratdi. Agar Puaro va Gastings aksar hollarda Sherlok Xolms va doktor Vatsondan nusxa olgan bo‘lsa, keksa Marpl xonim adibalar M.Z.Breddon va Anna Ketrin Grin bosh qahramonlarini eslatuvchi yig‘ma obraz hisoblanadi.
Antiqa tashxis sababi
1926 yili Agataning onasi hayotdan ko‘z yumdi. O‘sha yilning oxirida Archibald Kristi Agataga xiyonat qilganiga iqror bo‘lib, ajralishlari kerakligini aytdi. U golf bo‘yicha hamkasbi Nensi Nilni sevib qolgan edi.
Er-xotin o‘rtasida katta janjal chiqdi. Agata qizalog‘i Rozalinda uchun ham nikohini asrab qolmoqchi edi. Afsuski, harakatlari zoye ketdi. Ertasi kuni Agata uydan g‘oyib bo‘ldi. Kotibiga qoldirgan xatda uning Yorkshirga ketgani yozilgan edi.
Agata Kristining yo‘qolishi jamoatchilikda kuchli aks-sado berdi, chunki allaqachon yozuvchi sifatida muxlislari paydo bo‘lgan, keng jamoatchilikka tanilgan edi u. 11 kun mobaynida detektiv yozuvchisi Agata Kristining qayerda ekanligi haqida hech kim hech nimani aniqlay olmadi.
Shundan so‘ng adibaning mashinasi topildi, xolos. Avtomobil salonida Agataning po‘stinchasi yotardi. Oradan bir nech kun o‘tgach, o‘zining ham daragi chiqdi. Agata Kristi Tereza Nil ism-sharifi bilan uncha katta bo‘lmagan «Swan Hydropathik Hotel» mehmonxonasidan qo‘nim topgan ekan.
Kristi o‘zining yo‘qolgani sabablarini izohlab o‘tirmadi. Biroq ikki shifokor unga boshidagi shikastlanish tufayli amneziya – xotiraning yo‘qolishi tashxisini qo‘ydilar. Ammo Kristining g‘oyib bo‘lish sabablarini tahlil qilgan britaniyalik Endryu Norman o‘zining «Tayyor portret» kitobida yozishicha, «detektiv qirolichasi»ning bu tashxisga sira daxli yo‘q, u amneziyasiga uchramagan. Kristining harakatlari mutlaqo teskari jarayondan guvohlik beradi. U mohirona ish tutgan: mehmonxonada qayd ettirgan ism-familiya aslida erining ma’shuqasiniki edi, qolaversa, adiba o‘z vaqtini fortepiano chalib o‘tkazgan, kutubxonaga borgan.
Tafsilotlarni ikir-chikiri bilan o‘rgangan Normanning xulosasiga ko‘ra, Agata Kristi bularning barchasini og‘ir ruhiy siqilish tufayli amalga oshirgan.
Ikkinchi farazga ko‘ra, g‘oyib bo‘lish eridan qasos olish maqsadida adiba tomonidan atayin qilingan – politsiya uni o‘ldirilgan deb o‘ylab, qotillikda Archibald Kristidan gumon qilishi uchun!
Agata Kristi, hatto uzoq yillar o‘tib ham, yuqoridagi qilmishini izohlab bera olmadi. Hammasi g‘alati. Aftidan, onasidan judo bo‘lgani yetmagandek, erining xiyonati unga qattiq ta’sir qilgan. Bu ikki hodisa birgalikda ruhiy parokandalikka olib kelgan. Agata bir paytlardagi o‘zaro mehr-muhabbatga nihoyatda ishongan, erining tashlab ketishini xayoliga ham keltirmagan...
Oradan ikki yil o‘tgach, 1928 yili Archibald va Agata Kristi rasmiy ravishda ajrashdi. 1934 yili Meri Vestmakott taxallusi bilan yozgan «Yakunlanmagan portret» romanida Agata Kristi o‘zining g‘oyib bo‘lishiga o‘xshash voqealarni aks ettiradi.
Beg‘araz, yuvosh, biroq...
1930 yili Iroq bo‘ylab sayohat qilgan adiba Ure qazilmalarida bo‘lajak ikkinchi umr yo‘ldoshi – arxeolog Maks Mallouen bilan tanishdi. Maks Agata Kristidan 15 yosh kichik edi. «Ayol arxeolog uchun katta ko‘rinmog‘i kerak, ana o‘shanda uning qadr-qimmati sezilarli ravishda oshadi», – degan edi Agata mazkur nikohi haqida.
Shundan so‘ng u eri bilan bir necha oyni Suriya va Iroq ekpeditsiyasida o‘tkazdi. Bu davr adibaning «Qanday yashayapsan, ayt» nomli avtobiografik romanida o‘z aksini topdi. Agata Kristi ikkinchi umr yo‘ldoshi bilan umrining so‘nggi nafasigacha ahil yashadi.
Maks Mallouen hamrohligida Yaqin Sharqqa qilgan safari tufayli uning asarlaridagi bir nechta voqea o‘sha yerlarda yuz beradi. Boshqa romanlaridagi maskan sifatida esa (masalan, «Hech kim qolmadi») Kristi o‘zi tug‘ilgan Torki shahri va atroflarini makon qilib olgan. Uning «Sharq ekspressidagi qotillik» romani 1934 yili Turkiyaning Istambul shahri «Pera Palas» mehmonxonasida yozilgan. Bugun mazkur go‘shaning Agata Kristi yashagan 411-xonasi memorial muzeyga aylantirilgan. 1938 yili juftlik sotib olgan Devondagi Grenvey Yestat mulki esa Yodgorliklarni qo‘riqlash jamiyati tomonidan muhofaza qilinmoqda.
Kristi yozishdan tinmasdi. Uning asarlariga qiziqish tobora kuchaya bordi. Jumladan, Kristining bosh qahramoni belgiyalik izquvar Erkyul Puaro bo‘lgan 33 ta romani, 1 ta pesasi va 54 ta hikoyasi iliq kutib olindi.
Adibaning yana bir qahramoni Marpl xonim «Seshanba» tungi klubi» hikoyasida paydo bo‘ldi. Uning timsoli Agata Kristining buvisi edi. Muallif aytishicha, bu kampir «beg‘araz, yuvosh, biroq hamisha har narsaning yomon tomonini kutadigan va qo‘rqqanlari doimo ro‘y beradigan ayol edi».
Kristi Cheshirdagi qaynisi Jeyms Uotsga tegishli Ebni Xoll qo‘rg‘oniga tashrif buyurib turardi. Uning kamida ikkita asaridagi voqealar ana shu maskanda yuz beradi: «Rojdestvo pudingining sarguzashti» va «Dafndan so‘ng» romani. Ebni Agata uchun ilhom manbaiga aylangan edi. Bu atrofdagi Staylz, Chimniz, Stoungeyts va boshqa uy nomlari Ebnini qamrab olganiga guvoh bo‘lamiz.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Kristi ikkita roman yozdi: «Parda» (1940) va «Uxlayotgan qotillik». U shu tariqa Erkyul Puaro va Marpl xonim haqidagi turkum romanlarga nuqta qo‘ymoqchi edi. Ammo kitoblar faqat 70-yillarda nashr qilindi.
Detektiv zo‘ravonlik degani emas!
1955 yili VVS telekompaniyasiga bergan intervyusida Agata Kristi oqshom do‘stlari yoki oila davrasida to‘qish ishlari bilan vaqtini o‘tkazganida navbatdagi syujetlarni o‘ylay boshlagani, roman yozishga o‘tirganida syujet boshidan oxirigacha allaqachon tayyor bo‘lgani haqida aytgan edi. O‘zining iqror bo‘lishicha, yangi roman g‘oyasi har qanday joyda ham jonlanavergan. Gazeta qirqimlarida qayd etilgan zaharlanish, turli jinoyat ishlariga taalluqli g‘oyalar maxsus daftarga yozib borilardi. Qahramonlar bilan ham shunday bo‘lardi. Kristi tomonidan yaratilgan qahramonlardan biri hayotda real yashagan prototip – Mayor Ernst Belcher bo‘lib, o‘z vaqtida birinchi eri Archibald Kristining boshlig‘i edi. U 1924 yili polkovnik Reys haqida yozilgan «Malla kostyumli odam» romanidagi Pedlerning prototipi bo‘lgan.
Agata Kristi o‘z asarlarida ijtimoiy muammolarni ko‘tarib chiqishdan cho‘chimasdi. Masalan, uning ikkita romanida («Beshta cho‘chqa bolasi», «Aybsizlik sinovi») o‘lim jazosi bilan bog‘liq sud ishlariga doir xatolar yozilgan. Umuman, Kristining talay kitoblarida o‘sha davrdagi ingliz davlat sud idoralarining salbiy jihatlari aks ettirilgan.
Bugungi detektivlardan farqli o‘laroq, Agata Kristi asarlarida zo‘ravonlik, qon halqobi va qo‘pollik uchramaydi. U o‘z romanlarida biror marta ham jinsiy masalalarni mavzu qilib olmagan. «Detektiv – axloq hikoyasi. Bunday kitoblarni yozgan va o‘qigan barcha insonlar kabi, men ham jinoyatchi va aybsiz aybdorlikka qarshi edim. Detektiv asarlar o‘qiy boshlanganida ularda yozilgan lavhalar tufayli shafqatsizlik uchun shafqatsizlikdan sadistlarcha rohatlanish mumkinligi hech kimning xayoliga kelmasdi, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», – deb yozgandi Kristi o‘z tarjimai holida. Uning fikricha, mazkur hol hamdardlik hissini o‘tmaslashtirib qo‘yadi va o‘quvchi e’tiborini romanning bosh mavzusidan chalg‘itadi.
Kristi o‘z ijodiy faoliyatida ingliz mentalitetiga xos siyosiy mutaassiblikni fosh etadi. Buning yorqin namunasini Parker Payn turkumidagi «Kichik xizmatchi tarixi» hikoyasida ko‘ramiz.
Agata Kristi «O‘nta negr bolasi»ni eng yaxshi roman hisoblardi. Asar voqealari kechadigan serviqor qoyalardan iborat orolcha haqiqatda mavjud – u Burg va Janubiy Britaniya orollari edi. O‘quvchilar ham kitobga yaxshi baho berishdi – do‘konlarda eng ko‘p sotildi. Bugungi kunda «O‘nta negr bolasi» boadablik nuqtai nazaridan «Hech kim qolmadi» nomi bilan ham nashr qilinmoqda.
«Qirolicha»ni ranjitgan savol
Londondagi Ambassador teatrida «Qopqon» spektaklining o‘n yillik yubileyi munosabati bilan ITN telekompaniyasiga bergan intervyusida Agata Kristi ushbu asarini London sahnasiga qo‘yish uchun yaxshi deb hisoblamasligi, biroq tomoshabinlarga yoqqani uchun o‘zi ham yilda bir necha marta ko‘rishga borishini aytgan edi.
Kristi o‘zi yozgan asarlarini yaxshi deb hisoblamasa-da, yomon deb ham baholamasdi. «Hind jurnalistlaridan biri mendan «o‘zingiz yomon hisoblagan asarni nashr qildirganmisiz?» deb so‘radi. Men jahl bilan «yo‘q» deb javob berdim. Barcha kitoblarim o‘zim o‘ylab topganlarim asosida chop etilgan, hammasidan ko‘nglim to‘lgan, agar rostdan ham birorta kitobim yomon bo‘lganida men uni hech qachon nashr qildirmasdim», deb yozgan edi Agata Kristi o‘zining tarjimai holida.
1956 yili Agata Kristi Britaniya imperiyasi ordeni bilan taqdirlandi. 1971 yili esa adabiyot sohasidagi yutuqlari uchun unga Britaniya imperiyasining Kavaleriya xonimi ordeni topshirildi. Ushbu nufuzli mukofot Kristining nomi aytilganida «xonim» so‘zini dvoryanlarga xos qo‘llash nufuzini berardi. Darvoqe, bunday taqdirlanishdan uch yil muqaddam Kristining umr yo‘ldoshi Maks Mallouen ham arxeologiyadagi muvaffaqiyatli qazishmalari uchun Britaniya imperiyasi ordenining ritsarlik unvoni bilan mukofotlangan edi.
Muxlislar qiziqishini inobatga olgan adiba 1858 yili ingliz detektiv klubini tashkil etdi. Bu uning jamoatchilik bilan chambarchas ishlash yo‘lidagi sa’y-harakati edi.
Agata Kristining 1965 yili yakunlagan tarjimai holi shunday so‘zlar bilan intiho topgan: «Xudoyim, mazmunli hayotim va menga berilgan muhabbatlar uchun sendan minnatdorman».
1971 – 1974 yillarda Agata Kristining salomatligi pand bera boshladi, shunga qaramay, u yozishda davom etdi. Toronto universiteti mutaxassislari Kristining mazkur yillardagi xatlarini tadqiq etishdi va adibaning Alsgeymer xastaligiga chalingani haqida xulosaga kelishdi.
1975 yili butunlay holdan toygan Kristi «Qopqon» pesasining barcha huquqlarini o‘z nevarasiga berdi.
Agata Kristi 1976 yilning 12 yanvarida qisqa fursatli shamollash tufayli Uollingforddagi uyida hayotdan ko‘z yumdi. «Detektiv qirolichasi»ni Cholsi qishlog‘ida dafn etdilar.
Kristining yagona qizi Rozalinda Margaret Xiks ham 85 yil umr ko‘rdi va 2004 yil 28 oktyabr kuni Devonda vafot etdi. Nevarasi Metyu Richard Agata Kristining ba’zi adabiy asarlari huquqini «Agata Kristi limited» fondiga meros qilib bergan.
Akbar Fathullayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter