Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokatlar huquqlarining Konstitutsiyada belgilab qo‘yilishi bizga nima beradi?

Advokatlar huquqlarining Konstitutsiyada belgilab qo‘yilishi bizga nima beradi?

Hayotda har qanday holat yuz berishi mumkin. Hech kim sud va tergov jarayonlariga duch kelmayman, deb ayta olmaydi. Bu jarayonlarda jabrlanuvi, guvoh, gumonlanuvchi yoki javobgar va davogar sifatida ishtirok etar ekansiz qo‘rquv va xavotir sizni qurshab olishi mumkin.

Notanish bo‘lgan qonunlar, har bir gaping zararingizga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan holatlar, umringizda eshitmagan turli talab va qoidalar har kimni ham dovdiratib qo‘yishi tayin. Ana shunday jarayonlarda advokatlar sizga eng yaqin yordamchi bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yil davomida advokatlar tomonidan O‘zbekiston bo‘yicha jami 103 480ta og‘zaki va yozma huquqiy maslahatlar ko‘rinishida yuridik yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, shundan 84 foizi (86 926 ta) bepul ko‘rsatilgan.

2022-yil 1-yanvar holatida respublika bo‘yicha jami 2 051ta advokatlik tuzilmalari, ularda 4 211ta advokat faoliyat yuritmoqda. Bu 8,5 ming aholiga o‘rtacha bitta advokat to‘g‘ri kelishini anglatadi.

Sud va tergov jarayonlarida shaxs huquqlarini himoya qilishda advokatning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydi. Biroq advokatning o‘zi himoyaga muhtoj bo‘lsa-chi? Advokatga o‘z mijozini professional himoya qilishi uchun ko‘p narsa kerak emas, aslida. Bilim, malaka, erkinlik, daxlsizlik berilsa bo‘lgani.

Konstitutsiyaning 116-moddasiga ko‘ra, advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi yangi normaning kiritilishi sud va tergov jarayonlarida advokatlarning imkoniyatlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Advokat o‘z vazifasini bajarishda daxlsiz bo‘lishi kerak, uning ishiga hech kim, kim bo‘lishidan qat’i nazar aralasha olmasligi zarur.

Shu o‘rinda, qonunchiligimizda advokatlar daxlsizligi belgilanmaganmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Bunday normalar, albatta, bor. Xususan, 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi qonunining 6-moddasiga ko‘ra:

  • advokatning shaxsi daxlsiz (advokatning daxlsizligi uning uy-joyiga, xizmat xonasiga, foydalanishidagi transporti va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga ham taalluqlidir;
  • advokatga nisbatan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin;
  • advokatni yuridik va jismoniy shaxslarga qonunga muvofiq yuridik yordam ko‘rsatganligi munosabati bilan jinoiy, moddiy va boshqa javobgarlikka tortish yoki unga shunday javobgarlikka tortish bilan tahdid qilish mumkin emas.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1971-moddasiga binoan advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, advokatning ishda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilish, uning himoya ostidagi shaxs manfaatlariga zid bo‘lgan vaziyatni majburan egallashiga erishish maqsadida advokatga qanday shaklda bo‘lmasin ta’sir o‘tkazish javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Biroq advokatlarning daxlsizligi bo‘yicha qoidalarni qonunlarda ko‘rsatilishining o‘zi yetarli emas. Ularning huquqlari Konstitutsiya darajasida belgilanishi kerak. Chunki inson huquqlari himoyasini kuchaytirish uchun inson huquqlarini himoya qiluvchi advokatlar faoliyatining kafolatlarini ham kuchaytirish zarur.

Shu sababli Konstitutsiyamizga advokatlarning huquqlari himoyasiga oid yangi normalarning kiritilishi birinchi galda inson huquqlarini sifatli va samarali himoya qilishga xizmat qiladi.

Farhod PRIMOV,

yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring