Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

XDP taksichilikka doir talabni Konstitutsiyaga zid deb atadi va uni bekor qilishga chaqirdi

XDP taksichilikka doir talabni Konstitutsiyaga zid deb atadi va uni bekor qilishga chaqirdi

Toshkent shahrida yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanishga oid joriy qilingan cheklov keng jamoatchilik tomonidan turli fikr va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, endilikda har bir haydovchi o‘z hududida va unga tutash hududda taksi faoliyatini amalga oshirishi belgilangan.

Xalq demokratik partiyasi ushbu tartibni O‘zbekiston Respublikasining yangi qabul qilingan Konstitutsiyasi 67-moddasida belgilangan talabga zid ekaniligini aytmoqda.

«Konstitutsiyamizga muvofiq, davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.

 Yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan bog‘liq joriy qilingan cheklov turli noqonuniy faoliyatlarni boshlanishiga, ularni erkin mehnat faoliyatini olib borishga to‘sqinlik qilishga, shuningdek eng asosiysi fuqarolarimizni konstitutsiyaviy huquqlarini cheklanishiga olib keladi», – deyiladi partiyaning ushbu yangilikka munosabatida.

Shuningdek, Bosh qomusning 42-moddasiga ko‘ra, har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi nazarda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ishsizlikdan himoyalanish huquqidan foydalangan hisoblanadi. Va bunday shaxslar qonunlarda belgilangan tartibda tegishli litsenziya olib, tegishli soliqlarni to‘lagan holda to‘liq qonuniy faoliyat yuritmoqda.

«Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, yo‘nalishsiz taksilar bo‘yicha cheklov joriy qilishga hech qanday huquqiy asoslar yo‘q. Aksincha, konstitutsiyaviy me’yorlarga zid kelayotgan jihatlari yaqqol ko‘rinib turibdi.

Shulardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi Transport vaziridan ushbu masalada aniq tushuntirish berish yuzasidan so‘rov yubordi hamda transport sohasida muammolarni bartaraf etish yuzasidan hukumat soatida deputatlar savollariga javoblarni eshitish uchun Transport vaziri taklif qilinganligini qayd etadi», – deyiladi XDP munosabatida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring