Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent shahar hokimligi «Paxtakor»ga o‘tkazilgan 7 mlrd so‘m haqida izoh berdi

Toshkent shahar hokimligi «Paxtakor»ga o‘tkazilgan 7 mlrd so‘m haqida izoh berdi

Toshkent shahrining mahalliy budjetidan «Paxtakor» futbol klubi hisobiga 7 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib bergani xabar qilingandi.

Poytaxt hokimligi ushbu holatga izoh berdi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan «Paxtakor» futbol klubi Toshkent shahar hokimligi balansiga biriktirilishi va hokimiyat bosh homiy bo‘lishi belgilangan.

«Bu esa futbol klubining xarajatlari asosan shahar hokimligi mahalliy budjet daromadlarining orttirilgan qismidan qoplab berilishini anglatadi», deyiladi munosabatda.

Ayni paytda «Paxtakor» FK MChJning 334 nafar xodimi bor, ularning 200 ga yaqini sportchilar bo‘lib, bular – asosiy tarkib, ayollar, yoshlar, futzal hamda ularning turli yoshdagi jamoalari hamda murabbiylardir. Jamiyatning qolgan a’zolari esa OFK va O‘FA reglamenti asosida ishlovchi xizmatchilardir. «Paxtakor» FKning akademiyasida esa bugungi kunda 300 dan ortiq yoshlar ta’lim olayotgan bo‘lib, ularning murabbiylari ham MChJ xodimlari sanaladi. Ushbu jamoaning mehnat haqi, balansdagi 2 ta baza, 8 ta stadionni saqlash, futbolchilarni vitaminlar bilan ta’minlash, zarur texnik jihozlar xaridi, viloyatlardagi va chet ellardagi safarlar xarajatlarining barchasi ta’sischi, bosh va boshqa homiylar zimmasida.

Shunga ko‘ra, «Paxtakor» FK MChJ rahbariyatinning Toshkent shahar hokimligiga 2023 yilning 13 iyul kuni yuborilgan xatida 2023 yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasiga asosan 2023 yilning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal to‘lovlar va o‘yin o‘tkazish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun klubga 7 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi so‘ralgan. Toshkent shahar hokimining qarori bilan klub faoliyati uchun zarur mablag‘ ajratilgan.

«Bu mablag‘ futbolni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, uni kimgadir tegishli tizimni moliyalashtirish degan talqin noo‘rin», deyiladi rasmiy munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev «Paxtakor» klubining amaldagi rahbari hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring