Prezidentning yangi farmoni: ko‘p piyoda yurganga ko‘p pul to‘lanadi
Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha oxirgi yillarda bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Ushbu hujjatlar doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida oxirgi uch yilda sport bilan shug‘ullanuvchi umumiy aholi soni 4,8 mln nafardan (14,7 foiz) 5,6 mln nafargacha (16,5 foizga), shu jumladan, sport bilan shug‘ullanuvchi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 20,8 foizdan 28,5 foizga oshirildi.
Sportchilar tomonidan xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan jahon va qit’a chempionatlari, jahon kubogi kabi nufuzli xalqaro musobaqalarda jami 991 ta medal (355 ta oltin, 305 ta kumush, 331 ta bronza) qo‘lga kiritildi.
Shu bilan birga, jahonda COVID-19 koronavirusi pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham mamlakatimiz aholisining sog‘lig‘i, jismonan salomatligi, sog‘lom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini ko‘rsatdi.
COVID-19 koronavirus infeksiyasi, avvalo, yurak-qon tomir va nafas olish yo‘llari hamda semizlik (ortiqcha vazn) kasalligiga chalingan fuqarolarimizning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada, bugungi pandemiya oramizdan ko‘plab fuqarolarimizni bevaqt dunyodan ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi.
Barchamiz bundan jiddiy xulosa qilgan holda zararli odatlardan voz kechib, ommaviy sport bilan doimiy shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilish, xususan, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini me’yoridan ortiq iste’mol qilmaslikni, bir so‘z bilan aytganda sog‘lom turmush tarzini kundalik xayotimizga kiritishimiz zarur ekanligini bugungi davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Global pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish hamda har bir fuqaroda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish hamda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha hayotiy ko‘nikmalarini shakllantirish orqali aholida kasallikka qarshi kuchli immun tizimini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmon bilan:
1) aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda — yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, «Workout» (mahalla va ko‘cha fitnesi)ni sportning ustuvor turlari etib belgilash;
2) aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida «Sog‘lom turmush tarzi» (www.1hls.uz) platformasini yaratish.
Bunda:
bir sutka davomida 10 ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining elektron hamyoniga 3 ming so‘m;
bir oyda bir marta tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘m, hududlar bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 1 mln so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkaziladi;
(moliyalashtirish aholi salomatligi uchun zararli bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilardan maxsus yig‘im joriy etish hisobidan amalga oshiriladi)
3) har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo‘laklari»ni tashkil etish. Bunda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
piyodalar va velosiped yo‘laklarining umumiy uzunligi 3-5 kmni tashkil etishi hamda o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lishi;
zamonaviy, energotejamkor (harakat sensorlari bilan jihozlangan) yoritish tizimlari va yorug‘lik qaytaruvchi, yo‘laklarning boshlanishi, oralig‘i va yakunini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari bilan to‘liq ta’minlanishi;
piyodalar va velosiped yo‘laklarini barpo etishda alohida harakatlanish imkoniyatlarini yaratish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «to‘siqsiz muhit» tashkil etish;
4) hududlarda yangidan barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joylar qurish bo‘yicha tasdiqlangan amaldagi shaharsozlik normalariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish:
aholi soni va uy-joylarning joylashuvini inobatga olgan holda, shuningdek, tashkilotlarning tegishli hududlarida velosiped turar joylari va zamonaviy sport maydonchalarini tashkil etish;
mahallalar, qishloqlar, tumanlar va shaharlarni bog‘lovchi avtomobil yo‘llari, piyoda hamda velosiped yurishi uchun mo‘ljallangan «Salomatlik yo‘laklari»ni qurish;
5) 204 ta tuman (shahar)dagi 9 146 ta mahalla fuqarolar yig‘inida har chorakda «Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla» tanlovlarini tashkil etish;
(tanlovda birinchi o‘rinni egallagan mahalla 10 mln so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 5 mln so‘m va uchinchi o‘ringa 3 mln so‘m miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Pul mukofoti mahallalarda sport maydonchalarini tashkil etish va ularni jihozlashga yo‘naltiriladi)
6) maktabgacha va umumta’lim muassasalarini birlamchi sport jihozlari va anjomlari bilan ta’minlash;
(ushbu maqsadlar uchun 2021-yilda 6 021 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga 2 mln so‘mdan, 9 942 ta umumta’lim muassasasiga 5 mln so‘mdan ajratiladi)
7) davlat organlari va tashkilotlarida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga «Sport targ‘ibotchisi» qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning ish haqiga 20 foiz miqdorda ustama belgilash yo‘lga qo‘yiladi;
ish vaqtidan so‘ng haftada kamida bir marta rahbar va barcha xodimlari jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari (yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqalar) bilan shug‘ullanishi ta’minlanadi;
har shanba kuni soat 14:00 dan so‘ng xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi;
birinchi rahbarlar «Shaxsiy namuna» tamoyili asosida o‘zlarining antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash) yaxshilash orqali xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
8) davlat organlari va tashkilotlarining kasaba uyushmalari va ish beruvchilari o‘rtasidagi jamoa shartnomalarida:
ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari;
texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlariga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslarni belgilash joriy etiladi;
9) umumta’lim, professional va oliy ta’lim muassasalarida darslar oralig‘ida (katta tanaffus vaqtida) «Sport daqiqasi» jismoniy mashqlari, darslar boshlanishidan oldin 2 daqiqa nafas olish mashqlarini o‘tkazish amaliyotga joriy etiladi;
10) umumta’lim maktablarida 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab barcha sinflarda jismoniy tarbiya fanini haftada 2 soatdan o‘qitish tashkil etiladi.
- Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishish imkoniyati yaratiladi:
tuman (shahar) va mahallalarda jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish infratuzilmasi shakllantiriladi;
(9 146 ta mahallada 18 292 ta jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport maydonchalari, 2021-2022 yillarda 204 ta tuman (shahar)da jami 831 km piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi)
ta’lim muassasalarining sport infratuzilmasi rivojlantiriladi;
(2021—2025-yillar davomida 600 ta umumta’lim maktabida sport zallari quriladi, sport inventarlari bilan jihozlash uchun har yili 9 942 ta maktabga hamda 6 021 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga zarur mablag‘lar ajratiladi)
aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, bolalar va yoshlar orasida sport targ‘iboti kuchaytiriladi:
a) bog‘cha yoshidagi bolalar «Bolalikdan sportga», «Tonggi gimnastika» kabi sport mashg‘ulotlarini o‘tkazish natijasida sog‘lomlashtiriladi;
b) umumta’lim maktablarida «Biz bilan bajar, bizdek bajar, bizdan yaxshiroq bajar!», «Quvnoq startlar» sinflararo sport musobaqalarini o‘tkazish natijasida sport bilan shug‘ullanuvchi o‘quvchilar soni oshadi;
v) oilalar o‘rtasida o‘tkaziladigan «Otam, onam va men — sportchilar oilasi!» sport musobaqalarini o‘tkazish natijasida ommaviy sport bilan shug‘ullanuvchilar soni 6,1 mln.ga oshadi.
2025-yilga qadar jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholining umumiy soni kamida 30 foizga yetkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter