Bunda chempionlar ulg‘aymoqda...
Yana bir tong otdi. Aka-uka Mahmudali va Muhammadali nonushtadan so‘ng efir orqali beriladigan onlayn darslarini bajarishdi. Odatdagiday otasi Murodjon aka boshchiligida sportning sambo turi bo‘yicha mashg‘ulotni boshlab yuborishdi.
Poytaxtimizdagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlaridan birida chaqiriqqacha boshlang‘ich harbiy ta’lim fanidan dars beruvchi Murodjon aka Zukurboyev karantin davrida uyda qolib, ikki o‘g‘lining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkillashtirish maqsadida har kuni sport mashg‘ulotlarini olib boradi.
Mana, uch yildirki, ikki o‘g‘lim Yangiyo‘l shahridagi 9-umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan sambo to‘garagi mashg‘ulotlariga muntazam qatnashib keladi, – deydi Murodjon aka. – Otasiga rahmat, murabbiylar Muhammadjon Sotimov va Asadbek Nuraliyev qo‘l ostidagi tarbiyalanuvchilarga nafaqat sportdan saboq beradi, balki o‘quvchilarning yurish-turishi, sochi, tirnoqlari gigiyenasini qat’iy nazorat qilib borishadi, qolaversa, bolajonlarning kundalik daftarlarini ham tekshirib, fanlarni o‘zlashtirish darajasini kuzatib borishadi. Shundan bo‘lsa kerak, farzandlarini ushbu to‘garakka berishni istab keluvchi ota-onalar talaygina.
Ha, Murodjon aka aytganiday, bugungi kunda 120 nafardan ziyod yosh sportchilarini o‘zida jamlagan to‘garakka murojaat qiluvchilar ko‘plab topiladi. Qat’iy tartib intizom o‘rnatilgan joyda sport bilan shug‘ullanish, ta’lim-tarbiya olishni kim ham istamaydi, deysiz?!
Muhammadjon Sotimov Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining (harbiy ta’lim) ChYoHT yo‘nalishini tamomlab, ichki ishlar tizimida faoliyat yuritadi. Sportga bo‘lgan mehr, yoshlar o‘rtasida sport va jismoniy tarbiyani ommalashtirishga munosib hissasini qo‘shish maqsadida mazkur to‘garakni tashkil etdi. Asadbek Nuraliyev bilan birgalikda Yangiyo‘l tuman va shahar hududidagi samboga ixlosi baland yoshlarni jamladi. Xayrli ishda 9-umumta’lim maktabi rahbariyati, tuman hokimligi va xalq ta’limi bo‘limi bosh-qosh bo‘lishdi.
To‘garak tarbiyalanuvchilari o‘tgan davr mobaynida qator sport musobaqalarda sovorinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. O‘tgan yilning avgust oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida 2006 yilda tug‘ilgan Jahongir Baxtiyorov 41 kg vaznda oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 5-sinf o‘quvchisi Mahmudali Mohirov 36 kg vazn toifasida 2-o‘rin, 4-sinf o‘quvchisi Muhammadali Mohirov esa, 41 kg da 3-o‘rinni egallashdi.
Jonkuyar murabbiylar karantin davrida ham bo‘sh o‘tirishgani yo‘q. “Uyda qoling” shiori ostida to‘garak a’zolarining ota-onalari bilan telefon orqali bog‘lanib, shogirdlarining salomatligidan boxabar bo‘lib turishibdi. Shuningdek, tashkil etilgan telegramm kanali orqali navbatdagi mashg‘ulotlar bo‘yicha video-darslar namoyish etib borishmoqda. Ezgu ishning chegarasi yo‘q deb shuni aytishsa kerak-da!
Abdulboriy Nuraliyev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter