Andrey Kanchelskis «Navbahor»ni 1,6 million dollarga «tushiradimi?»
Andrey Kanchelskis va «Navbahor» o‘rtasidagi ishni FIFA rossiyalik murabbiy foydasiga hal qilgan. Bu haqda «Match TV» xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, qabul qilingan da’volar foizlar bilan birga 1,6 million dollardan oshgan. «Navbahor» ushbu summani 30 kun ichida to‘lab berishi lozim.
Kanchelskis «Navbahor» bilan maoshlarini vaqtida olmagani uchun shartnomani bekor qilgandi. Shundan so‘ng u shartnoma bekor qilingani uchun kompensatsiya olish uchun FIFAga ariza yozgan.
«Navbahor» matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Bayonotda aytilishicha, FIFAning Futbolchilar maqomi bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan 2021 yil 25 avgust kungi «Navbahor» klubi va Andrey Kanchelskis ishi bo‘yicha qabul qilgan FPSD-256-sonli qarori hali qonuniy kuchga kirmagan.
«Navbahor» PFK ushbu qaror qaysi asoslarga ko‘ra qabul qilingani bo‘yicha xabardor qilinmagani sababli, tegishli tartibda e’tiroz (shikoyat) yo‘llaydi.
«Navbahor» PFK FIFA qabul qilgan mazkur qarorning asoslovchi («motivirovochniy») qismini hali olmagan, qarorning nima sababdan bunday ko‘rinish olganidan bexabar. Qachonki, mazkur qaror yuzasidan asoslovchi sabablar ko‘rsatilib, jarayondan to‘liq xabardor bo‘lganidan keyin ushbu qarorga e’tiroz bildiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter