Suriya vahshati. Halablik qochoqlarning iztiroblari

Ko‘pchilik o‘z ona shahrini bugun hatto taniy ham olmaydi.
Bundan bir yil oldin, 2016-yilning 22-dekabrida 4 yil davom etgan ayovsiz janglardan so‘ng Suriyaning ikkinchi yirik shahri, iqtisodiy markazi Halab Rossiya yordamida Suriya armiyasi tomonidan isyonchilardan qaytarib olingan edi. Shundan keyin ushbu hududda yashagan ko‘plab tinch aholi vakillari shaharni tashlab qochishga va boshqa o‘lkalardan, asosan Yevropa mamlakatlaridan boshpana izlashga majbur bo‘lgan edi.
Aholisining asosiy qismi sunniylardan tashkil topgan Halab prezident Bashar Asad zulmiga qarshi isyonning markazi bo‘ldi. Bugungi kunda halablik qochqinlar Yevropada boshpana topishgan. Ushbu maqolamizda ulardan ba’zilarining xotiralari va bugungi hayotlari haqidagi fikrlari bilan tanishib chiqamiz.
Ko‘pchilik halabliklar qatori Fransiyada qo‘nim topgan 29 yoshli Saloh Ashkar Halabdan ayrilishini quyidagicha ifodalaydi: «Men bir bo‘lagimdan ayrilib qolgandekman. Bu xuddi baliqning suvsiz qolishiga o‘xshaydi». 2016 yilning dekabr oyida o‘zining «Tvitter»dagi sahifasiga joylashtirgan videosida mahzun ovozda shunday degan edi:
«Men Halab farzandiman, uni tark etishni istamayman. Hech kim ketishni istamasdi, ammo bizda tanlash imkoniyati yo‘q edi».
Fransiyaga noyabr oyi boshida siyosiy qochqin vizasi bilan kelgan, ayni paytda mamlakatdagi Oleron shahrida ayoli va bir necha oylik o‘g‘li bilan yashayotgan yana bir halablik, 26 yoshli Rami Zayat quyidagilarni hikoya qiladi:
«Mabodo qolganimizda bizni yo qamoqqa olgan bo‘lishardi, yoki otib tashlashardi. Yashash uchun ketish kerak edi. Halabdan chiqqanimizdan keyin men hamma narsamni yo‘qotganimni tushinib yetdim: shahrimni, uyimni, hayotimni... Juda g‘amgin bo‘lib qoldim».
22 yoshli yosh fotosuratchi Amir Alhalbining ta’kidlashicha urush uning «eng ajoyib damlarini» olib ketgan. 7 oydan buyon Fransiyada istiqomat qilayotgan bu yigit boshidan o‘tkazgan dahshatlar tufayli uyqusini yo‘qotgan. Har qadamda uni ta’qib qilaveradi. «Har kecha tushimga rasmlarim, portlashlar kirib chiqadi», deydi u. Bugungi kunda Parijda fotografiyada tahsil olmoqda:
«Ba’zan o‘qituvchi gapirayotganda xayol boshqa tomonda bo‘ladi. Men risoladagidek hayot izlab kelganman, ammo bu juda og‘ir».
«Menda hamon o‘zim olgan suratlar juda ko‘p, ammo ularga qarashga qo‘rqaman, meni yanada yomon ahvolga solib qo‘yishi mumkin», deydi Rami Zayat. Shuningdek, u «juda ko‘p narsa yo‘qotganini, kelajagi haqida oldindan bir nima deyolmasligini» qo‘shimcha qiladi.
29 yoshli fotograf va rejissyor Mahmud Hoji Usmon hamon bilagiga inqilob bayrog‘i tushirilgan bilaguzuk taqib yuradi. U ayoli va ikki nafar o‘g‘li bilan bir necha oydan buyon Fransiyaning Orlean shahrida yashab kelmoqda. U Parijdagi jurnalistlar tayyorlaydigan maktabga o‘qishga qatnaydi. Aytishicha, bu «fransuz tilini o‘rganishning eng ajoyib usuli». U Halab qamali boshlangan 2016-yilning iyulida mamlakatdan qochib ketgan.
Halab qamali davomida juda ko‘plab yoshlar u yerda yuz berayotgan zulmni dunyoga ko‘rsatish uchun videolarga yozib olishgan. Ko‘pchiligi tug‘ilgan shahrini tark etishmagan.
Ko‘pchilik o‘z ona shahrini bugun hatto taniy olmaydi.
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter