Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev 5 ta loyiha bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev 5 ta loyiha bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni qurilish loyihalariga oid 5 ta taqdimot bilan tanishgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Dastlab «Yangi O‘zbekiston» universiteti loyihasi ko‘rib chiqilgan. Universitet uchun Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘yida 30 gektar yer ajratilgan. Majmua loyihasi Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, bu yerda 5 ta fakultet uchun o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport saroyi va stadion barpo etiladi.

Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.

Yana bir loyiha kelgusida davlat muzeylarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra, binolarning arxitekturasi va tarixiy qiymatini saqlab qolgan holda ichki sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy texnikalar bilan jihozlash rejalashtirilgan. Jahondagi mashhur muzeylar tajribasi asosida eksponatlarning ko‘rimliligini oshirish, tarixiy ashyolarni bezarar saqlash, keluvchilarga qulayliklar yaratish bo‘yicha hamma jihatlar inobatga olingan. Bu ishlar natijasida muzeylarning ko‘rgazma maydoni kengayib, aholi va sayyohlar uchun jozibadorligi oshadi.

Yashnobod tumanidagi «Texnopark» hududida akvapark barpo etish loyihasi ham istiqbolli. Buning uchun hozirda foydalanilmay turgan bino bilan birga 4,5 gektar yer mo‘ljallangan. Majmua to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi evaziga barpo etiladi. Bu yerda ochiq va yopiq suv havzalari, attraksionlar, tamaddixona, o‘yin maydonchalari bo‘ladi.

Shuningdek, Yunusobod tumanidagi Astronomiya xiyoboni hududida gullar bog‘i barpo etish rejalashtirilgan. Bu joy aholining madaniy dam olishi, poytaxt ekologiyasi yaxshilanishi uchun yana bir omil bo‘lishi aytilgan.

Bundan tashqari, taqdimotda shaharlararo yo‘l infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari ham muhokama qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring