Jurnalistning o‘limi vazirning iste’fosiga sabab bo‘ldi
Slovakiya madaniyat vaziri Marek Madyarich jurnalist Yan Kutsyakning o‘limi sababli iste’foga chiqdi. U o‘z qarori haqida mahalliy televideniyega bergan intervyusida ma’lum qilgan. Bu haqda «Euronews» xabar bermoqda.
«Qarorni mustaqil ravishda qabul qildim. Bir jurnalist joniga qasd qilingach, OAVdagi vaziyatni nazorat qilishi lozim bo‘lgan madaniyat vaziri lavozimida qola olmayman», — degan u.
Chorshanba kuni bir qator slovak nashrlarida Kutsyakning tugallanmay qolgan maqolalari e’lon qilindi. Oxirgi vaqtlarda jurnalist slovak siyosatchilarining italyanlarning «Ndrangeta» guruhi bilan aloqalari xususida surishtiruv o‘tkazayotgan edi. Kutsyak qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra mafiya Yevroittifoq qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun Slovakiyaga ajratgan pullarni o‘zlashtirgan. Jurnalist, shuningdek, soliq bo‘yicha qallobliklarni ham tekshirgan. Uning o‘limidan bir kun o‘tib esa Koshitse shahar soliq inspeksiyasida yong‘in yuz bergan.
27 yoshli Kutsyakning jasadi uning Velka-Maka shahridagi uyidan topilgan edi. Politsiyaning taxminiga ko‘ra jurnalist yollanma qotil tomonidan otilgan.
Hukumat jinoyatni fosh etishga yordam beruvchi ma’lumotlarni bergan odam 1 million yevro pul bilan mukofotlanishini e’lon qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter