Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Devor ortidagi haqiqatlar»dan ta’sirlanib...

«Devor ortidagi haqiqatlar»dan ta’sirlanib...

Zamonaviy o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos dunyoqarashga va salmoqli fikrlarga ega ijodkorlardan biri, shubhasiz, Maqsud Jonixonovdir. Jurnalist hayoti davomida insonning o‘zgaruvchan ruhiyati, jamiyatdagi kuchli ziddiyatlar va yashirin haqiqatlarni teran badiiy yondashuv bilan aks ettirishga harakat qilib kelmoqda.

Uning maqolalarida oddiy odamlarning murakkab taqdiri, ijtimoiy muammolar va insoniy qadriyatlar o‘zining chuqur ifodasini topgan.

Oliygohimiz kutubxonasida qo‘limga tushib qolgan muallifning «Devor ortidagi haqiqatlar» to‘plami M.Jonixonov ijodining yorqin namunalaridan biri bo‘lib, unda adib hayotiy tajribasi va ruhiy kuzatuvchanligi o‘zining yuksak badiiy ifodasini topadi. Asarda e’tiborga molik adib, jurnalist, ijodkorlar hayoti, Vatanimizga qo‘shni o‘lka Ozarbayjon bilan yaqin munosabatlari, mamlakatimizda yuritilayotgan jadal islohotlar o‘ziga xos bo‘yoqlarda yoritilganini ko‘rishimiz mumkin. Lekin ulardagi bir umumiylik o‘qchiziq bo‘lib ko‘zga tashlanadi, ya’ni asardagi har bir maqola jurnalistning ko‘rganlari va bevosita amin bo‘lganlari asosida yozilgan.

Kitobdan joy olgan maqolalarni birma-bir o‘qir ekanmiz, uning sarlavhasi nega «Devor ortidagi haqiqatlar», deya nomlanganini tushunib, anglay boshlaymiz. M.Jonixonov haqiqatni rasmiy hodisa sifatida emas, balki har bir inson yuragida o‘z vijdoni bilan uyg‘unlashgan muqaddas tuyg‘u sifatida tasvirlaydi. Ko‘rinar-ko‘rinmas to‘siqlar, haqiqat va yolg‘on oralig‘idagi murakkab dunyoni badiiy qudrat, o‘zining go‘zal sezimlari bilan ochib beradi.

«Abdullajondan o‘qing...», «Jimmi – Mithun Chakraborti», «Ushal damlar, ushal damlar», «Boshqacha tarbiya» kabi maqolalarda jurnalist o‘z bolalik yillari haqida iliq va samimiy xotiralarini tilga oladi. Ushbu sahifalarda biz jurnalistning yoshlik dunyosiga nazar tashlaganini, o‘sha beg‘ubor va samimiy yillarni iliq entikish va hayajon bilan xotirlashini kuzatamiz. U o‘z o‘y-fikrlari orqali tamaki ekilgan bahor dalalardagi o‘zbek dehqonining tashvishlarini, kuz faslida avj oladigan namchil suvoqgarchilik ishlari mashaqqatlarini tanqidiy nazar bilan baholab, shuningdek, o‘sha davr kinozallarida namoyish etiladigan hayajonli hind filmlarining sehrli sahnalarini katta orziqish va to‘lqinlanish bilan yodga oladi.

Asarning dastlabki sahifalaridan e’tiborimizni qardosh Ozarbayjonning ko‘z ilg‘amas xilqatlari, davlatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalari va strategik sheriklikning naqadar mustahkam va ajralmas ekani o‘ziga ohanrabodek tortadi. Ikki qondosh xalq o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik kuchayib borayotganidan bir oddiy talaba sifatida qalbimiz iftixor va faxrlanish hissini tuyadi.

O‘zbek xalqining azaliy donishmandligi aks etgan «Qo‘shning tinch – sen tinch» maqolida aslida yaqin qo‘shnilarning osoyishtaligi sening ham xotirjamligingdir. Darhaqiqat, mintaqalar tinchligi – bu barcha yuksalish va taraqqiyotning doyasidir, farovonlik kalitidir.

«O‘zbek mo‘’jizasi», «Shodon damlar orzusi», «Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar» kabi maqolalarda yoshlarga bugun yaratilayotgan sharoitlar va g‘amxo‘rliklar, zamonaviy qulay imkoniyatlar, xususiy ta’lim dargohlarining tobora ko‘payib borayotgani bir paytlar «o‘qiyman» deb belni mahkam bog‘lagan talaba uchun oliygohlarga kirish bo‘yicha son-sanoqsiz mashaqqatlaru qiyinchiliklar bilan solishtiriladi-qiyoslanadi.

«San’atimiz jadidini unutmaymiz, unutolmaymiz» nomli maqola mehnatkash, shirinso‘z, o‘zbek san’atining so‘nmas durdonasi Sherali Jo‘rayevga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ustoz san’atkorning hayoti va san’atda bosib o‘tgan mashaqqatli, sharafli yo‘li haqida so‘z boradi: «Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlari dono va haqgo‘y murabbiyga, shirinso‘z ustozga o‘xshaydi: qaysi mavzuda qo‘shiq kuylamasin, o‘sha mavzu haqida mushohada qilishga majbur bo‘lasiz», deya qalbdan chiqayotgan ta’sirli satrlarni bitadi.

Darhaqiqat, Sherali Jo‘rayev yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan har bir inson qalbida o‘ziga xos iz qoldirgan, millatning tomir dardlarini kuylagan, elning asriy orzularini tarannum yetgan chinakam xalq hofizi edi. Jurnalist ta’kidlaganidek, u xalqning ichidan chiqqan, millatning dard-u shodliklarini o‘zning teran va o‘ktam ohangiga singdira olgan mard o‘g‘lon, ma’rifat va g‘ururni uyg‘otgan zabardast san’atkor sifatida tariximizda qoladi. San’atimizning bunday jadid nafasi, ma’naviyat bayroqdorini hech qachon unutmaymiz, unutolmaymiz!

Asarda ko‘plab yirik ijodkorlar – Komiljon Otaniyozov, Furqat Mirzayev, Tohir Malik, Abdusaid Ko‘chimov, Muhammad Yusuf, Fathulla Mas’udov, Qurbon Eshmatov, Ikrom O‘tbosarov, Shuhrat Jabborov kabi san’at va adabiyot, jurnalistika olamining yorqin namoyondalari hayot yo‘li va ijodiy meroslarini juda falsafiy va jonli aks ettirgan. Muallif ularning har birini o‘ziga xos badiiy mahorat, yurak tubidan chiqqan iliq tuyg‘u va xotiralar bilan tasvirlar ekan, har bir obrazda insoniylik, sadoqat va samimiyat ohangini mahorat bilan yoritib beradi. Bu ulug‘ va zabardast ijodkorlarning nafaqat san’at va adabiyotga, balki butun xalq tiynatida qanday iz qoldirganini chuqur his etamiz.

Muallif jurnalistika haqidagi mulohazalari alohida diqqatimni tortdi: «Men gazetani vijdonga o‘xshataman. Hayotda ko‘p narsani to‘xtatish, chalg‘itish mumkin, biroq qalbingiz tubidan keluvchi, yaxshilikda huzur bag‘ishlovchi, yomonlikda esa tinchingizni buzadigan sas – bu vijdondir. Agar gazeta ham xuddi vijdon kabi toza, pokiza va halol bo‘lsa, o‘quvchi uni albatta topib o‘qiydi».

Iste’dodli jurnalist, mahoratli muharrir va qalam sohibi Maqsud Jonixonov o‘z kasbining fidoyisi, qalbi toza, vijdoni sof shaxsdir.

Zero, kitob nomida aytilganidek, hech bir haqiqat har doim ham ko‘ringanidek sodda va ravshan emas, uning ortida shunday murakkab chigalliklar borki, har bir yosh bu hodisalarni faqat tafakkur nigohi bilangina anglash mumkin.

Men ko‘plab sara maqolalarni o‘qir ekanman, so‘nggi yillarda matbuot sahifalarida o‘zining badiiy-publitsistik chiqishlari bilan barchamizga manzur bo‘layotgan Ahmadjon Meliboyev, Zulfiya Mo‘minova, O‘tkir Rahmat, Anvar Namozov, Abror Zohidov, Norbek Niyozov, Tursunali Akbarov, Fozil Farhod kabi ko‘plab professional ijodkorlarning ham turli nashrlarda chop etilayotgan turkum maqolalarini ijodiy uyushmalar va vazirliklar birgalikda biz talabalar uchun mana shunday yaxlit va tizimli asosda kitob holida taqdim etishsa, ta’lim jarayonlarimizda, o‘z ustimizda ishlashimizda nihoyatda asqotishiga ishonaman.

Gulrux Usmonova, talaba

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring