Jozep Borrel O‘zbekistonga kelmoqda
Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Markaziy Osiyo bo‘ylab safarini boshlamoqda. Yuqori martabali diplomat O‘zbekistonga tashrifi doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
YeI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Jozep Borrel 16-17 noyabr kunlari Qozog‘istonda bo‘lib, prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev va tashqi ishlar vaziri Muxtor Tileuberdi bilan muzokara o‘tkazadi. So‘ng u O‘zbekistonga keladi. YeI bosh diplomati 17-18 noyabr kunlari Samarqandda o‘tadigan Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo vazirlar uchrashuviga raislik qiladi va «Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha: «Global darvoza» konferensiyasida hammezbon sifatida qatnashadi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov mezbonlik qiladigan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo 18-vazirlar yig‘ilishida xavfsizlik, savdo va sarmoya, transport, yashil energiya va barqaror o‘sish, aloqalarni yaxshilash, shuningdek, mintaqaviy muammolar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat va Rossiyaning Ukrainaga qarshi noqonuniy harbiy tajovuzining salbiy oqibatlari haqida fikr almashiladi.
«Global darvoza» anjumanida esa raqamli robita, transport kommunikatsiyasi va energiya aloqasi kabi mavzular muhokama etiladi.
Safar doirasida vitse-prezident/oliy vakil J.Borrel O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikni muhokama qiladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 16 iyul kuni Toshkentda o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro anjuman doirasida J.Borrelni qabul qilgan edi.
Avval xabar berganimizdek, YeI bosh diplomati Samarqandda o‘tadigan nufuzli anjuman oldidan yozgan maqolasida Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka oid muhim masalalarga oydinlik kiritgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter