Bizga «Troya oti» kerakmas — Lukashenkoga javob qaytarildi
KXShT (ODKB) yig‘ilishida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Qozog‘istonda notinchlikni keltirib chiqargan tashqi kuchlarning nazari O‘zbekistonga ham qaratilgani haqida gapirib: «Qozog‘istondagi voqealar saboq bo‘lishi kerak deganimiz, kechirasiz-u, hammadan ham avval O‘zbekistonga taalluqli. Agar saboq olinmas ekan, bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, ularning nigohi O‘zbekistonga ham qaratilgan», – dedi u.
Lukashenkoning bu chiqishi O‘zbekistonni KXShT tarkibiga kiritish harakatining tahdidli ko‘rinishi sifatida baholanmoqda.
«Yuqoridagi gap-so‘zlardan qanday xulosa qilish mumkin?
Eng avvalo, hissiyotlarga berilmaslik, ammo sovuq miya bilan real xavfni his qilishimiz kerak.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasi hamda harbiy doktrinasiga ko‘ra, biz hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaymiz, ularda ishtirok etmaymiz va O‘zbekistonda ham boshqa davlatlarning harbiy bazalari bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu qonunlarimiz bilan mustahkamlangan. Buni populist «do‘stlarimiz» ham yaxshi bilishadi.
Uchinchidan va eng asosiysi provokatsiyalarga berilmasligimiz kerak. O‘zini bizga g‘amxo‘rdek ko‘rsatib, yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lganlarning o‘zi barchasining boshida turishi ham ehtimoldan xoli emas. Bunaqa vaqtda bizga faqat va faqat birdamlik kerak.
To‘rtinchidan, hech qachon O‘zbekiston hududiga begona davlatlarning armiyasi kiritilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz, bunga hech qanday imkon qoldirmasligimiz lozim va lobud! Qo‘shni Qozog‘iston taqdiri bizga xulosa qilish uchun dars bo‘lishi kerak. Ayniqsa eski imperialistik maqomini qayta tiklash yo‘lida hech narsadan, hattoki boshqa davlatlar hududini egallashdan ham tap tortmaydiganlarning askarlarini O‘zbekistonning bir qarich hududiga ham qadam bostirmasligimiz shart!
Bizga KXShTga o‘xshagan «Troya oti»ning keragi yo‘q!», deya munosabat bildirdi Xushnud Xudoyberdiyev.
«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov esa quyidagicha izoh qoldirdi:
«Mamlakatimizning u yoki bu xalqaro tashkilot bilan hamkorligi masalasi avvalo, mustaqil O‘zbekiston xalqi va davlatining milliy manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilinadi. Bugungi kunda kuzatilayotgan xorijiy siyosatchilarning tashqaridan turib «saboq» berishi va ma’lum qarorni qabul qilishga sha’ma qilishi o‘ta noo‘rin holat va diplomatik xato deb hisoblaymiz».
Bloger va tadbirkor Firuz Allayev Qozog‘iston voqealaridan so‘ng Rossiya OAVsi va boshqa bir qator Lukashenkoga o‘xshagan sovetparastlar chiqishlari xavotirga solayotganini qayd etadi.
«O‘ylaymanki, hozir hukumatga ham har doimgidan qiyin. Endi, yildan-yilga Rossiyada umumiy siyosiy yo‘nalish o‘zgarmaguncha bosim oshib boradigan ko‘rinadi. YeOII va ODKBga bizni qo‘shish uchun hamma kartalar ishga solinadi.
Bu maqsadda Rossiya propagandasi ham kuchli ishlaydi. Shu uchun ham hammani his-hayajonga berilmaslikka, sovuqqonlikka chaqiraman. Rus OAVsi, ayniqsa televideniyesi tomonidan bo‘ladigan har qanday propagandaga ishonmasligimiz, har bir ma’lumotni qayta-qayta tekshirishimiz juda muhim» — deb yozadi u.
Deputat Rasul Kusherbayev esa O‘zbekiston suveren mamlakatligini, janob Lukashenko va boshqalar o‘zga mamlakatlarni nimagadir da’vat qilishda eng kamida o‘sha suverenitetni unutmasliklari zarurligini eslatdi.
«Chunki bizningcha Belorus ham O‘zbekiston kabi suveren mamlakat va uning xalqi ham boshqalar kabi hurmatda bo‘lishni istaydi», deydi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter