Zelenskiy: Ukraina Qrimning bosib olinganini tan olmaydi

AQSh tomonining Qrimni Rossiya hududi deb tan olish to‘g‘risidagi ehtimoliy taklifi ortidan Zelenskiy ayni shu mavzuda jurnalistlar uchun brifing tashkil qildi.
22-aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Ukraina rahbari jurnalistning Qrim borasidagi Kiyev pozitsiyasi haqidagi savoliga «bu yerda gaplashadigan hech narsa yo‘q - bu bizning Konstitutsiyamizga zid», – deya javob berdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Qrim va Rossiya tomonidan bosib olingan boshqa hududlar masalasini muhokama qilish faqat urushning cho‘zilishiga olib keladi.
«Qrim haqida, suveren hududlarimiz haqida gapira boshlashimiz bilan biz urushni uzaytirish yo‘liga kiramiz. Rossiya esa aynan shuni xohlayapti. Biz 12 yildan beri kurashyapmiz. Bu Rossiya bilan hududlar bo‘yicha kelishuvga erishish mumkinmi, degan savolingizga javob», - deydi Ukraina prezidenti.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Londondagi muzokaralarda Ukraina delegatsiyasi shartsiz yoki qisman o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilish vakolatiga ega.
«Biz bu bosqichga tayyormiz», – dedi Zelenskiy.
Londonda Ukraina va Yevropa delegatsiyalarining AQSh tomoni bilan uchrashuvi oldidan Zelenskiy, shuningdek, Zaporije AES borasida ham to‘xtalgan.
«Faqat Ukraina Zaporije AES operatori bo‘lishi mumkin», – dedi Zelenskiy AQShning AES yaqinidagi hududni nazorat qilish haqidagi taklifiga izoh berib.
Ukraina rahbariga ko‘ra, AQSh Zaporije AESida Kiyevsiz ishlay olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasi, Zelenskiy ta’kidlaganidek, so‘zsiz yoki qisman o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilish mandatiga ega bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter