Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zamonamiz qahramoni. Rossiyada avtobus halokatida yo‘lovchilarni qutqargan yigit bilan suhbat (video)

Zamonamiz qahramoni. Rossiyada avtobus halokatida yo‘lovchilarni qutqargan yigit bilan suhbat (video)

Foto: Xabar.uz

Rossiyaning Perm shahrida biroz vaqt muqaddam avtobus halokatga uchragan edi. Jamoat transporti devorga borib urilgan, natijada bir kishi vafot etib, 32 kishi turli darajada tan jarohatiga uchragandi. Jabrlanganlar orasida ayollar, qariyalar va bolalar bor edi. Yo‘qotishlar balki ko‘proq ham bo‘lardi, agarda Danil bo‘lmaganda.

Danil Yuldoshev O‘zbekistonning Yangiyo‘l shahridan. Yigirma yoshli yigit ancha oldin, 6 yil muqaddam Rossiyaga yo‘l olgan. Hozirda Perm shahrida istiqomat qiladi va boks bilan shug‘ullanadi. Halokat joyiga birinchi bo‘lib aynan u yetib keldi. O‘sha vaqtda Danil o‘zining «Neksiya» mashinasida mashg‘ulotga ketayotgandi. Halokat uning ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Yosh bokschi o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va darhol jabrlanganlarga yordam berishga otlandi. U bilan O‘zbekistonning Qozon shahridagi konsulligida ko‘rishdik.

— Avtobus devorga kuchli zarb bilan urilgani uchun eshigi ochilmaydigan bo‘lib qolgandi, kuch bilan ochishga to‘g‘ri keldi. Ichkaridagi holat esa dahshat edi. Birorta o‘rindiq o‘z joyida qolmagandi, hammasi o‘rnidan ko‘chib, odamlar ustidan bosib qolgandi. Kimnidir qo‘li singan, boshqasini singan suyagi oyog‘idan chiqib turibdi. Hamma yoq qon, baqir-chaqir, bolalar yig‘isi. Darhol jarohatlanganlarga yordam bera boshladim. Men ham o‘zimni yo‘qotib qo‘ysam bo‘lmasdi, ularga yordam beradigan odam qolmasdi.

Danil Yuldoshev ancha vaqtgacha yolg‘iz o‘zi jabrlanganlarni xavfsiz joyga olib chiqdi. Garchi hodisa serqatnov yo‘l yoqasida sodir bo‘lgan bo‘lsa ham yordam uchun to‘xtaganlar ko‘p emasdi. Agar u ham yo‘lida davom etganda, balki hech kim ayblamagan bo‘lardi. Ammo o‘zbek yigiti barcha ishini yig‘ishtirib qo‘yib, avtobusdagilarni qutqarishga kirishdi. Bu orada nafaqat tez yordam va FVVni chaqirdi, balki yo‘lovchi mashinalarni to‘xtatib, jabrlanganlarni kasalxonaga olib borishni iltimos qildi. Qat’iy ohangda. Tez yordam mashinalari shuncha odamga yordam berishga ulgurmasdi. Har bir daqiqa esa, qadrli, kimningdir hayotini qutqarib qoladi.

Danil barcha ish yakuniga yetgandan so‘ng politsiya idorasiga borib, nimalar bo‘lgani, ko‘rganlari haqida savollarga javob berdi. Shunaqa, hozirgi zamonda qilgan yaxshiliging uchun ham hisob berish kerak.

Biz Danildan nima sababdan ko‘pchilik kabi yo‘l tutmasdan, boshqalarga yordamga otlanganini so‘radik.

— Meni Islom shunday tarbiyalagan. Ota-onam muhtojlarga yordam berishni bolaligimdan miyamga singdirgan. Men boshqacha yo‘l tuta olmasdim. O‘zbekona odatimiz shunaqa.

Danilning insonparvarligi, odamiyligi Perm shahri rahbariyatining e’tiboridan chetda qolmadi. Unga ulkan minnatdorchilik bildirildi. Shu bilan birga O‘zbekistonning Qozon shahridagi konsulligida bosh konsul Fariddin Nasriyev, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Murodullo Xolmuhamedov kutib olib, odamlar hayotini saqlab qolishda ko‘rsatgan jonbozligi uchun minnatdorchilik bildirdi. Danil Yuldoshevga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mehnat vaziri o‘rinbosari Danil O‘zbekistonga qaytgan taqdirda munosib ish bilan ta’minlanishda yordam ko‘rsatishga va’da berdi. «O‘zbekistonda ancha katta o‘zgarishlar bo‘lgan. Qaytib borsangiz 500 dollarlik ish haqi to‘lanadigan ish topiladi», — dedi mehnat vaziri birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Murodullo Xolmuhamedov esa ta’lim sohasida yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Qozon shahridagi bosh konsul Fariddin Nasriyev ham o‘z navbatida Danilga har qanday masalada murojaat qilishi mumkinligini aytdi. «Aslida o‘zbekistonlik muhojirlar orasida Danil kabi sof ko‘ngilli, fidoyi yigitlar istagancha topiladi. Ular har kuni qayerlardadir, qandaydir qahramonliklarni amalga oshiradilar. Ammo bu haqda gapirmaydilar. Danilning qahramonligini ham internet orqali bildik. Uning o‘zi sira ham bizga murojaat qilib, shunday ishni amalga oshirganini aytmagan bo‘lardi. Mana shu taqdirlashga ham o‘zimiz amallab ko‘ndirib, chaqirib oldik. Bunday yigitlar bizga juda kerak», — dedi Fariddin Nasriyev.

Danil bilan iliq hayrlashdik. Qayerda bo‘lmasin, Rossiyadami yoki O‘zbekistonda, omad tiladik. Bunday yigitlar hamma joyda kerak...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring