Zambarak og‘ziga qo‘yib otilgan devonbegi
– Siz podshohsiz, men esa bir qulingizman. Maqsadingiz meni o‘ldirish bo‘lsa, o‘ldiring. Qulni o‘ldirish uchun ham tuhmatomuz so‘zlar aytib, bahona izlab o‘tirasizmi? – dedi Bekniyoz devonbegi Xiva xoni Abdullaxonga ta’zim bajo aylab...
Yoqub mehtarning g‘iybati bois devonbegini g‘oyat yomon ko‘rib qolgan xon qat’iy hukm qildi. Unga ko‘ra, Bekniyoz devonbegining tishlari urib sindirildi, so‘ng Angliyadan keltirilgan aslaha – to‘p og‘ziga solib otildi.
1855 yilda ijro etilgan yuqoridagi dahshatli hukmga sabab, yaqindagina Xiva hukmdori qilib Yoqub mehtar tomonidan ko‘tarilgan Abdullaxon Bekniyoz devonbegining xalq orasidagi obro‘sidan qo‘rqib, u meni noloyiq ko‘ryapti, deb o‘ylaganida edi. Zero, devonbegi Seraxsda o‘ldirilgan xon Madaminxonga g‘oyat sadoqatli bo‘lib, ular Abdullani emas, boshqa adolatparvar shahzoda Sayyid Mahmud to‘rani xon qilib ko‘tarmoqchi edilar. Negaki yurtga Madaminxonning amalga oshmagan niyatlarini ro‘yobga chiqaradigan islohotchi xon kerak edi.
Madaminxonning esa ko‘pdan ko‘p niyatlari o‘zi bino qildirayotgan minora singari chala qoldi.
1846 – 1855 yillarda Xiva xoni sifatida hukm surgan Madaminxon tarixda Xorazmning dovrug‘ini taratgan xonlardan sanaladi. Uning davrida bo‘ysunmas yovmutlar ham to‘la itoat ettirildi. Xonlikda soliqlar kamaytirildi. Dehqonchilik rivoj topdi.
Ayniqsa, 1850 yildan qurila boshlagan 130 hujradan iborat madrasa 3 yil ichida to‘liq bitkazildi. Xivadagi eng katta madrasalardan bo‘lgan Madaminxon madrasasiga ajratilgan vaqf yerdan yiliga 12000 botmon (1 botmon – 20 kg) va 5000 tillo daromad olinar va bu mablag‘ madrasa mudarrisi hamda talabalarga taqsimlab berilardi.
Shuningdek, Angariq qishlog‘ida bog‘ hamda xonning hovlisi ham qurib boshlangandi.
Madaminxon nomini tarixda qoldirgan va garchi qurilishi tugallanmagan bo‘lsa-da, g‘oyat mahobatli Kalta minorni Xivadagi eng mashhur yodgorlik, desa bo‘ladi.
1853 yildan barpo etila boshlangan minoraga koshinlar serjilo bezaklar bergan bo‘lib, o‘sha davr shoir va tarixchilari hali bitmagan minorani «Falak ayvoniga qo‘yilgan ustun», deya ta’riflagan edilar.
Aytganlaricha bor edi. Zotan, bitmagan minora bo‘lsa-da, u Ichan qal’aga ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Afsonalarga qaraganda, Madaminxon minora tepasidan Buxoro ko‘rinib tursin, deb quruvchilarga ko‘rsatma bergan. Negaki xon Buxoro amirining qizini o‘g‘liga olib bermoqchi, kelinning tashrifini minoraga chiqib tomosha qilmoqchi ekan.
O‘sha davrda tez-tez urushlar bo‘lib turgani bois kelajakda eng buyuk mo‘’jizaviy minora bo‘ladi, deb hisoblanayotgan bunyodkorlik ishi to‘xtab qoladi. 1855 yili Madaminxon Marv yaqinidagi Seraxs qal’asini qamal qiladi. Ushbu qamaldan oldin Yo‘lbarstepadagi jangda omad xivaliklarga kulib boqqan edi. Mazkur jangda Madaminxon buyrug‘iga ko‘ra, to‘pchiboshi Hoshimxon ikkita sariq urug‘ilik jangchini to‘p bilan urib, tilka-pora qilgan va sakson tilla mukofot olgandi.
Ammo Seraxs qamalida Madaminxonga o‘q tegib, otdan yiqiladi. Qurbonkal ismli dushman jangchisi unga qilich urmoqchi bo‘ladi. Shunda qozi Rahmonberdi, Muso to‘ralar ham xonni qutqarolmay, o‘zlari shahid ketadilar. Seraxs jangchisi O‘roz Madaminxonning va yana olti nafar Xiva aslzodasining boshini tanasidan judo qilib, Eronga olib ketadi. Garchi O‘rozxon, «Eron shohi bu ishim uchun meni taqdirlaydi», deb o‘ylasa-da, xato qilgan edi. Negaki, o‘sha davr taomiliga ko‘ra, dushman bo‘lsa ham jangda davlat rahbarining boshini tanasidan judo qilish gunoh hisoblanardi.
Shu bois Eron shohi Nasriddin O‘rozxonni bu qilmishi uchun jazolab, Madaminxonning boshini islom diniga ko‘ra yuvib, kafanga o‘rab, dafn ettiradi. Madaminxon dafn etilgan joyga maxsus javohiru toshlardan gumbazli maqbara bunyod qildiradi.
Shundan keyin xonlikda:
Madrasasi bitib, minorasi bitmagan,
Madaminxon murodiga yetmagan,
degan naql paydo bo‘ladi. Mazkur voqeadan so‘ng barpo etilayotgan minora ham chala qoldi. Bu vaqtda Xivada xonning eng sodiq devonbegi Bekniyoz Buxoro amirining qizini shahzoda Abdulla to‘raga unashtirib, to‘y taraddudida yurgan edi. Otasining o‘limidan so‘ng Abdulla amirning qiziga uylanishga jur’at qilmadi. Qiz ham unashtirilgani bois, hech kimga turmushga chiqmay qarib vafot etadi.
Bekniyoz devonbegi yangi xon Abdulla (Madaminxoning o‘g‘li emas, boshqa – U.B.) tomonidan to‘p og‘ziga solib otib yuborilgach, Madaminxonning niyatlari amalga oshmadi. So‘nggi xonlardan hech biri minorani tugallashga jur’at qilolmadi. Chunki, so‘nggi xonlar irim qilib, Madaminxon Eron bilan bo‘lgan jangda o‘ldirilib, boshi u yoqda, tanasi bu yoqda dafn etilganidan, minorani davom ettirsam, meniyam qismatim shunday tugashi mumkin, deya cho‘chishgan.
Qolaversa, undan so‘ng ko‘plab xonlar tez-tez almashib, saroy o‘yinlari, fisqu fasodlar ularni bu ishdan uzoqroq yurishga majbur qilgan. Ammo chala qolgan Kalta minorning o‘ziyoq Xivaga ko‘rk bo‘lishi bilan birga Madaminxonning nomini tarix zarvarqlariga abadiy muhrladi.
Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter