Yuzboshiga 36 tillo maosh: taxt tevaragidagi to‘ralar nimalar qilishgan?
Taxtda o‘tirgan olampanohning eng ishonchli odamlari atrofidagi amaldorlar edi. Davlat siyosati ham, tabiiyki, faqat xonga emas, taxt tevaragidagi insonlarning qanchalik adolatparvarligiga bog‘liq bo‘lgan. Bu amaldorlar har xonlikda turlicha nomlangan. Masalan, Qo‘qon xonligida mansablar nomi har xil atalib, Xiva xonligi yoki Buxoro amirligidan farq qilgan...
O‘zbeklarning ming urug‘idan bo‘lgan Shohruhbiy XVIII asrning boshlarida ashtarxoniylar saltanatining bir parchasi hisoblanmish Farg‘ona vodiysida Qo‘qon xonligiga asos soladi. Davlat rahbarini 1798 yil, ya’ni Olimxongacha bo‘lgan davrda «biy» deganlar. U biy yoki xon deb atalgan paytlarda ham taxt tevaragida amaldorlar uch darajaga ajratilgan.
Mingboshi, otaliq, beklarbegi, devonbegi, xazinachi, inoq, eshik og‘asi, parvonachi, dodhoh, dasturxonchi, sarkor, sharbatdor, oftobachi, qorovulbegi, tunqator, qushbegi oliy darajali amaldor hisoblanardi. O‘rta darajali amaldorlar esa – kitobdor, risolachi, bakovul, mirzaboshi, sarmunshiy, mehtari zakotxona, miroxur, shig‘ovul bo‘lgan. Salom og‘asi, mirzo, fayzi, munish, dafchi, chopquchi, jarchi, shotir, jilovdor esa saroydagi uchinchi darajali amaldorlar edi.
Otaliq xon yoki xonzodaning murabbiysi bo‘lib, yosh paytida ularga ta’lim-tarbiya berishgan. Otaliq xondan keyin oliy hukumat boshlig‘i edi. Mingboshi ming nafar otliq askarlarga bosh bo‘lib, harbiy yurishlar paytida lashkarboshi hisoblanardi. Beklarbegi xonning vorisi yoki ba’zi viloyatlar hokimiga berilgan mansab nomi edi. Devonbegi – xon devonining sardori. U xiroj va zakot ishlari, viloyatlarning hisob kitobi bilan shug‘ullangan.
Inoq xonning xos odami va sirdoshi edi. Xazinachi davlat xazinasining xo‘jayini hisoblanib, har bir viloyat markazida xazinasi bo‘lgan. Eshik og‘asi xon mahramlari va soqchi mulozimlarining sardori sifatida saroy eshigi oldida turgancha har bir kishini xondan ijozat olib, huzuriga kiritgan.
Dasturxonchi saroyda xon oshxonasining xo‘jayini hisoblangan. Qorovulbegi xon o‘rdasi soqchilariga boshchilik qilsa, tunqator, asosan, xonning tun davomida xavfsizligini saqlar, biror joyga borganida, hamisha sergak holda hukmdorning yonida yurardi.
Oftobachi xonning tahoratiga mas’ul, hidoyatchi esa tortiq va sovg‘alarni qabul qilib olar, shig‘ovul elchi va choparlarni saroyga boshlab kirardi. Qushbegi, asosan, ovchi itlar, lochinlarni parvarish qilar, xonning shikoriga ma’sul edi. Sarkorga kelsak, xonga tegishli ishxonalar, bunyod etilayotgan qurilishlarga boshchilik qilgan.
Saroy kitobxonasining mudirini kitobdor, elchilar va ularning xat-xabarlariga javob beruvchini risolachi, mirzo-xattotlar boshlig‘ini mirzaboshi, xalq to‘planadigan joylarda farmon va buyruqlarni e’lon qiladigan kishini jarchi, xon bir joyga borganida, odamlarni uning kelishidan ogoh etib, ta’zimga chorlovchini shotir, xon sha’niga baland ovozda maqtov so‘zlaru hamd-sanolar aytuvchini udaychi deb nomlaganlar.
Mehtar esa xon otxonasining boshlig‘i hamda zakotchi vazifasini bajarib, zakot uchun aholidan eng yaxshi otlarni olar, miroxur deganlari saroy otxonasiga ma’sul edi. Mirob xonlikning butun suv xo‘jaligiga mas’ul hisoblansa, darg‘aboshi hosilni yig‘ib olishdan avval joylarda bo‘lib, xiroj miqdorini aniqlar, ya’ni u zakotchilar boshlig‘i hisoblanardi.
Bulardan tashqari diniy mansab va qozixona amaldorlari ham bor edi. Qozi ul-quzzot mansabi ham bo‘lganki, u qozilar qozisi, ya’ni hozirgi adliya vaziriga teng amaldor edi. Qozi kalon – butun davlatdagi qozilar va qozixona ishlarini, qozi rais qo‘shinlarda muftiy bergan fatvolarning ijrosini nazorat qilib boravrdi.
Besh yuz nafardan iborat askarlar xo‘jayini botirboshi atalib, ular qurilish va ariq qazish ishlariga ham boshchilik qilar, viloyat va tumanlarda hokim o‘rinbosarlarini voli deb nomlashgandi. Xonlik chegaralaridagi qal’a va istehkomlar boshlig‘ini qal’abon (qutvol) deganlar. Qo‘rboshi esa qurol-aslaha, to‘p saqlash, yasash ishlariga boshchilik qilardi. Shu kabi yovar, to‘pchiboshi, to‘qsabo, ponsadboshi, qorovulbegi, yuzboshi kabi mansablar ham bo‘lgan.
Tabiiyki, taxt tevaragidagi amaldorlarga xazinadan maosh belgilangan. Miqdori vazifasiga qarab turlicha bo‘lgan. Yuzboshining oyligi 80 pud bug‘doy, 240 pud jo‘xori (otlar uchun), kimxob chopon, salla, to‘shak, etik, po‘stin, to‘n, chakmon, 2 ta qo‘y, cheprak, ikki qadoq choy, oq choy va bir yilda 36 tillo maosh olardi.
Qo‘rboshi 400, qorovulbegi 200, qushbegi 1500, to‘qsabo 300, qo‘rchi 70 tanga, askarlar esa 20 botmon bug‘doy bilan 50 tanga yillik maosh olishgan. Bundan tashqari harbiylarga ma’lum o‘lchovli yer ham berilib, uni tanho deb ataganlar.
Boshqa yuqori amaldorlar maoshi esa ancha ko‘p edi. Qozi kalon 1200 tanga pul, 800 botmon g‘alla, naqib 500 botmon g‘alla va 1000 tanga pul, sudur 400 tanga pul, 100 botmon g‘alla, o‘roq 50 botmon g‘alla va 200 tangadan yillik maosh olishgan. Madrasa, masjid, mozorlar o‘z vaqf yerlariga ega bo‘lib, shu hisobdan keladigan daromaddan haq olishardi.
Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter