Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘talga qarshi siropdan 300 dan ortiq o‘lim qayd etildi – JSST

Yo‘talga qarshi siropdan 300 dan ortiq o‘lim qayd etildi – JSST

23-yanvar, dushanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) sifatsiz va qalbakilashtirilgan yo‘tal siroplari sabab 7ta mamlakatdan e’tirozlar kelib tushganini, jumladan, ularning uchtasida 300 dan ortiq odamning o‘limi qayd etilganini ma’lum qildi. 

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksariyati besh yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

«So‘nggi to‘rt oy ichida qator davlatlar bolalar uchun retseptsiz beriladigan yo‘tal siroplari tarkibida etilenglikol va dietilenglikol moddalarining mavjudligi yoki shunday deb taxmin qilingani haqida xabar bergan», – deyiladi press-relizda.

Qayd etilishicha, bu birikmalar sanoat erituvchilari va antifrizlar sifatida ishlatiladigan zaharli kimyoviy moddalar bo‘lib, ular oz miqdorda ham odamlar uchun halokatli bo‘lishi mumkin.

JSST bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘lim bilan bog‘liq holatlar Indoneziya, Gambiya va O‘zbekistonda sodir bo‘lgan.

JSST tibbiy ta’minot zanjiriga aloqador asosiy manfaatdor tomonlarni zudlik bilan va muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rishga chaqirdi. Ular orasida hukumat va tartibga soluvchi organlarni:

  • JSSTning sog‘liqni saqlash bo‘yicha ogohlantirishlarida o‘lim va kasallikning potensial sababi sifatida belgilangan har qanday sifatsiz tibbiy mahsulotlarni o‘z bozorlarida aniqlash va muomaladan olib tashlash;
  • tegishli bozorlardagi barcha tibbiy mahsulotlar vakolatli organlar tomonidan sotish uchun ruxsat etilganligini, shuningdek vakolatli/litsenziyalangan yetkazib beruvchilardan olinishini ta’minlash;
  • tavakkalchiliklarni hisobga olgan holda, xalqaro normalar va standartlarga muvofiq, o‘z vakolatlari doirasidagi ishlab chiqarish ob’yektlarini tekshirishni takomillashtirish va ko‘paytirish uchun tegishli resurslarni ajratish;
  • bozor nazoratini kuchaytirish, xususan tegishli bozorlarda, shu jumladan norasmiy bozorlarda sotiladigan tibbiy mahsulotlar uchun maqsadli xavf-xatarlarga asoslangan testlarni o‘tkazish;
  • sifatsiz va qalbakilashtirilgan dori vositalarini ishlab chiqarish, tarqatish va/yoki ulardan foydalanishga qarshi kurashishga qaratilgan qonunlar va boshqa tegishli huquqiy chora-tadbirlarni zarur hollarda qabul qilish va amalga oshirishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil dekabr oyining oxirida O‘zbekistonda ham ushbu holat qayd etilib, hind kompaniyasining «Dok-1 Maks» dori vositasini iste’mol qilgan 18 nafar bola vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring