Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yomg‘ir yog‘ar edi shivalab...

Yomg‘ir yog‘ar edi shivalab...

Sevimli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti sohibi va betakror dramaturg O‘lmas Umarbekovning «Kuzning bir kuni», «Odam bo‘lish qiyin», «Shoshma, quyosh», «Yoz yomg‘iri», «Fotima va Zuhra» kabi asarlarini sevib o‘qiganmiz. Xo‘sh, shunday ajoyib asarlar yaratgan insonning muhabbati qanday bo‘lgan?..

O‘shanda 1954 yilning bahor oylari edi... Yomg‘ir shivalab yog‘ardi. Hozirgi Amir Temur xiyoboni maydonida joylashgan ToshDUda (ayni paytdagi O‘zbekiston Milliy universiteti) shaxmat-shashka musobaqasi o‘tkaziladi.

Kech bo‘lib qolgani uchun yoshlar yetakchisi O‘lmasning taklifi bilan yigitlar qizlarni uyigacha kuzatib qo‘yadigan bo‘lishadi. O‘lmas Zuhraga hamroh bo‘ladi. U o‘zbek filologiyasi fakultetining 1-kursida o‘qiydigan bu istarasi issiq qizni ko‘p uchratgan, ammo ochiq-oydin gaplashmagan edi.

– Siz qaysi ko‘chada turasiz? – deb so‘raydi O‘lmas.

– Yotoqxonada, – javob beradi Zuhra (qiz Toshkent shahridan bo‘lsa-da, bolalar uyida tarbiyalangan, hech kimi bo‘lmagani bois yotoqxonada yasharkan).

Ularning suhbati tezda qovushib, yotoqxona oldiga yetib kelishganini ham sezmay qolishdi.

Zuhra xonasiga kirganida quvonchdan yuragi hapqirardi. Uni ko‘rgan qizlar, g‘olib bo‘ldingmi, deya o‘rab olishdi. Zuhra shaxmat musobaqasida emas, hayot ostonasida o‘z o‘rnini topgan edi.

Shunday qilib, ToshDU filologiya fakulteti, jurnalistika bo‘limining 3-kurs talabasi O‘lmasning ishqi Zuhraga tushdi. 1956 yilning kuzida ularning to‘yi bo‘ldi.

O‘lmas Zuhraning tug‘ilgan kuniga ayollar yaxshi ko‘radigan fransuz atiri sovg‘a qildi va ko‘p bor takrorlaydigan so‘zini aytdi: «Har doim yasanib, mana shunday go‘zal bo‘lib yuring».

O‘lmas Umarbekov yozuvchi sifatida tanilib qolgan paytlar juda ko‘p xorij safariga chiqishiga to‘g‘ri kelardi. Shunda doimo yonida Zuhrasini ham olib ketardi. Yozuvchining «O‘z arizasiga ko‘ra» asari qahramoni o‘z ayoliga «Men sizga dunyoni ko‘rsatdim, dunyoga esa faxrlanib sizni ko‘z-ko‘z qildim», deydi. Bu so‘zlar, shak-shubhasiz, Zuhraga aytilgan edi. Ularning juftligiga chinakamiga hamma havas qilardi.

O‘lmas akaning boshqa yozuvchilarga o‘xshamagan fazilatlari ko‘p edi. Bu asarlarni, asosan, yilda bir marta beriladigan ta’tilda yozar, bekorchilikni xush ko‘rmas edi. Ijodkorlarda ko‘p uchraydigan injiqliklar unga begona bo‘lgan.

Tinimsiz mehnat, ijod Umarbekovning sog‘ligiga putur yetkazdi. 1989 yilning kuzida adibning ovozi bo‘g‘ila boshladi. Vrachlar nafas olish yo‘lida bez borligini aytishdi. Operatsiya qilindi. Moskvada kasal yotgan O‘lmas Umarbekov Zuhrani chaqirdi. Ro‘zg‘orning boriga ham, yo‘g‘iga ham chidagan rafiqasiga o‘z minnatdorchiligini bildirmoqchi bo‘ldi-yu, aytolmadi. Faqat ko‘ziga yosh oldi, xolos.

– Menga ayting, men o‘lsam, qanday yashaysiz? – dedi adib so‘zlarini zo‘rg‘a tanlab.

Bu so‘zni hazilga olgan ayoli kulimsirab javob berdi:

– Hamma qatori...

– Hammaning eri, aka-ukasi, qolaversa, o‘g‘li bor. Sizlarni esa men yolg‘iz tashlab ketyapman.

– Hali siz ko‘p yashaysiz. Ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz. Biz... birga o‘lamiz.

Yozuvchi sapchib ketdi.

– Siz o‘lmang, siz yashashingiz kerak. Qizimiz Umidani o‘zingizga o‘xshagan inson qilib tarbiyalab, katta qiling. Keyin... o‘zim chaqirib olaman. Faqat sizdek farishtadek ayol bilan u dunyoda birga yashay olishga ruxsat bormikan?

O‘lmas Umarbekovning kundan-kunga ahvoli yomonlashardi. Bora-bora tildan ham qoldi. Uni ko‘rishga kelganlar bilan qog‘oz-qalamda «gaplashardi» yoki lab qimirlashlari bilan erining nima demoqchiligini tushungan xotini ko‘maklashardi.

Bir kuni Moskvada kuchli qor yog‘di. Kasallikdan rangi siniqqan yozuvchi Zuhrani imlab chaqirib, karavotining bosh joyini ko‘rsatdi. Lablarini qimirlatib, nimalarnidir gapirdi. Hech kim anglamagan so‘zlarni ayoli tushundi:

– Yana qor yog‘di, qorni yomon ko‘ramiz-ku! Bahorni, hovlimizni sog‘indim. Rayhon hidi, yer hidini juda-juda... O‘lsam, o‘z yurtimda o‘lay. Arzirli mol-mulk ham qoldirmayapman... Chig‘atoyga emas, ota-onamning qabri yoniga ko‘minglar.

Moskvalik vrachlar O‘lmas Umarbekovning juda qisqa, ko‘pi bilan ikki oylik umri qolganini bildirishdi. Uyga qaytishgach, xotiniga bemorni tabibga qaytarish kerak, deya maslahat berishdi. Hakimlardan olib kelingan har bir qo‘lbola dorini avval Zuhra o‘zi ichib ko‘rar, hech qanday behalovatlik sezmasagina eriga berardi. Yozuvchi vrachlar xulosasidan orttirib yana to‘rt yil yashadi.

 ...Hali uning so‘nggi – «Qizimga maktublar» asarining bo‘yog‘i qotmagan edi. 1994 yilning 10 noyabrida qahri qattiq o‘lim O‘lmas Umarbekovning mashhurligidan-da, Zuhra Umarbekovaning jasoratidan-da ustun keldi. O‘sha kuni ular ilk bor uchrashgan damlardagidan ham ko‘proq yomg‘ir yog‘di. Tabiat go‘yo butun borlig‘i bilan o‘ksib-o‘ksib yig‘lardi...

El ardog‘idagi adib, mashhur inson jasadi solingan tobutni ko‘targan minglab odamlar jala yoqqan ko‘chalarni to‘ldirib, o‘zi vasiyat qilganidek, ota-onasi qo‘yilgan Toshkentdagi «Minor» qabristoni tomon ketishardi...

Izzat Ahmedov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring