Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yodgorov sigaretni kuldonga asabiyroq ezg‘iladi. Va...

Yodgorov sigaretni kuldonga asabiyroq ezg‘iladi. Va...

...Sud-huquq sohasida islohotlar boshlanganiyam chorak asrdan o‘tdi. Hanuz davom etmoqda. Bu nimadan dalolat: samara kamligidanmi yo avvalgilari shunchaki yuzakimidi? Bu jarayon yana qancha davom etadi-yu kutilgan samarani qachon ko‘ramiz?

Kutilmagan savollarga doim tayyor turadigan Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov suhbat boshidanoq «yoqadan olishimiz»ni kutmagan chog‘i, qo‘lida tutatib turgan sigaretni asabiyroq kuldonga ezg‘ilab, qaddini rostladi. Va savollarga paydar-pay javob berishga tushdi.

Darvoqe, suhbatimiz davlatimiz rahbarining kuni kecha e’lon qilingan «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni mazmun-mohiyati xususida kechdi...

1

- Islohotlar - mavsumiy tadbir emas, u davom etib boradigan jarayon, - deya gap boshladi Xolmo‘min Yodgorov. - O‘tgan yillar davomida tizimda ozmuncha o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q, to‘g‘ri. Sud-huquq tizimizdagi navbatdagi islohotlar esa o‘tgan yillar davomida orttirilgan tajribalar, qilingan tahlillardan kelib chiqib, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarning izchil davomi hisoblanadi. Rost, xato-kamchiliklar bo‘lmadi, deyish qiyin. Ammo muayyan yutuqlardan ko‘z yumish ham insofsizlik bo‘ladi. Yurt taraqqiyoti uchun eng birlamchi omil nima? O‘lmang, ijtimoiy adolat! Busiz rivojlanish, kechirasiz-ku, tushingizga ham kirmaydi! Ijtimoiy adolatni ta’minlamasdan turib taraqqiyotgan erishib bo‘lmas ekan, sud-huquq tizimidagi islohotlar davom etaveradi. 

2

- Sud hokimiyati mustaqilligini amalda ta’minlash hozirgidek davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganmi hech?! O‘tgan qisqa vaqtda qilingan ishlar samarasi o‘zini ko‘p kuttirmadi-ku?! Birgina misol, «oqlov hukmi» degan narsa sudlar yot bo‘lib ketmaganmidi? O‘tgan uch yilda 2273 shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Ilgari «eshikni ichkaridan berkitib» ishlagan bo‘lsak, bugun odamlarning oldiga o‘zimiz boryapmiz. O‘tkazilayotgan sayyor sudlar ko‘rilayotgan ishlarning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etmoqda. Sayyor qabullar-chi?. Mahalla va yoshlar ittifoqi kafilligi ostida uch yarim ming nafardan ko‘p yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanganini ayting... Bunaqasi avval bo‘lganmi? Yo‘q!

Shuncha o‘zgarishlar silsilasida tizimni yana-da isloh qilish ehtiyoji paydo bo‘lyaptiki, bularning hammasi davlat rahbarining siyosiy irodasi hosilasidir.

3

- Endi farmon haqida gaplashsak? Qitmirlik qilmay, gap boshidan shundan kelmaysizmi, akasi?.. Qisqa tushuncha bering?.. Diqqat bilan yozing unda: mazkur farmondan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolar, keng xalq ommasining odil sudlovga bo‘lgan talabini qanoatlantirish, jismoniy va yuridik shaxs qonuniy manfaatlari va huquqlarini to‘laqonli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashdan iborat! Muhtaram yurtboshimiz Oliy Majlisga qilgan Murojaatini eslang-a: «Qonunchilikni yangilashdan maqsad-faqat qonun qabul qilish emas, aksincha, yangi qonunlar ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday yengillashtirishi haqida bosh qotirishdan iborat bo‘lmog‘i lozim...» deb qayd etgan edilar. Ana shu nuqtai nazardan, darhaqiqat, o‘tgan vaqt mobaynidagi sud amaliyoti tahlili sudlarda ishlarini tashkil etish va tizimni yanada isloh qilish lozimligini ko‘rsatdi.

4

- Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali samarali himoya qilish birgina mavjud moddiy qonun normalariga emas, balki amaldagi sud tizimiga hamda sudlarda ish ko‘rish qanday tashkil etilishiga, bir so‘z bilan aytganda, protsessual tartib-tamoyillarga ham bog‘liq. Farmonda bu boradagi muhim vazifalar belgilangani bilan ham ahamiyatlidir.

Xususan, Farmon bilan 2021 yil 1 yanvardan viloyatlar miqyosidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar negizida (sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda) yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi belgilandi. Ya’ni, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning har birida alohida-alohida faoliyat yuritayotgan 3 ta (fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy) sudlar birlashtirilib, ularda (xuddi Oliy sudda yo‘lga qo‘yilgan tartibda) alohida sudlov hay’atlari tashkil etiladi.

Bunda, birinchidan navbatda boshqaruv, sud ishini tashkil etish takomillashadi, ikkinchidan, sudlardagi ishlarni apellyasiya instansiyasida ko‘rishdagi mavjud sansalorlikka barham beriladi, eng asosiysi - sud xatoliklarini o‘z vaqtida to‘g‘rilash imkoniyati yuzaga keladi.

5

- Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati (ma’muriy sudlardan) jinoyat ishlari bo‘yicha sudlariga o‘tkazish belgilandi.

Amaldagi ma’muriy sudlarga - davlatning majburlov choralarini qo‘llash va davlat, davlat boshqaruv organlari va nazorat organlarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolarni ko‘rish vazifalari yuklangan edi. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga berilishi ma’muriy sudlar vakolatidagi ana shu mantiqiy bir-biriga zidlikka barham beradi.

 Shu bilan birga, Farmonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat markazlarida ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan tumanlararo ma’muriy sudlarni tashkil etish, shuningdek viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni saqlab qolish qayd etildi. Buning o‘rinli tomoni shundan iboratki, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlarga oid ishlarning viloyat markazidagi tumanlararo sudlari tomonidan ko‘rilishi sud ishlariga mahalliy aralashuvlar ehtimolining oldi olanadi.

6

- Farmonda ayrim tuman sudlari tugatilib, ayrim tumanlarda yangi sudlar tashkil qilinishi ham qayd etildi. 

Bu ham sud tizimi tuzilmasi aholining talab va ehtiyojlari, shuningdek, sudlarning ish yuklamasi inobatga olingan holda takomillashtirilayotganidan dalolat beradi.

Xususan, Farmonga ko‘ra, tegishli tuman (shahar) aholi sonidan va sudlarning haqiqiy ish hajmidan kelib chiqqan holda:

2021 yil 1 yanvardan Amudaryo, Nurobod va Boysun tuman iqtisodiy sudlari tugatilib, bu hududdagi iqtisodiy nizolarni ko‘rish vazifasi yaqin tumanlardagi sudlar zimmasiga yuklatiladi. Chunki ushbu tumanlarning aholisi soni nisbatan kam va iqtisodiy sudlarning ish yuklamasi ham unchalik yuqori emas. Masalan, Boysun tuman iqtisodiy sudi 2020 yilning o‘tgan 6 oyi davomida 21 ta ish ko‘rgan, xolos. 

7

- Aholi soni nisbatan ko‘p bo‘lgan hamda qo‘shni tuman sudlari uzoq masofada joylashgan Yangiyo‘l tuman va shahar (aholi soni 275 ming) va Urgut (aholi soni 507 ming), Xatirchi (aholi soni 193 ming), Paxtakor (aholi soni 124 ming) tumanlarida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tashkil etiladi.

Shuningdek, So‘x tumani (aholisi 77 ming) anklav bo‘lgani, fuqarolarga chegaradan o‘tib, Rishton tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilishi qiyinchilik tug‘dirayotgani inobatga olinib, ushbu tumanda yangi fuqarolik ishlari bo‘yicha sud tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari 2019-2020 yillarda yangi tashkil etilgan Bo‘zatov, Taxiatosh, Bandixon va Tuproqqal’a tumanlarida ham jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilgan.

8

- Prezident farmonida Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha alohida sudlov tarkibi tuzish ham belgilandi.

Bu sudlov tarkibining vazifalari nimalardan iborat bo‘ladi? Shunday sudlov tarkibi tuzish juda katta yangilik hisoblanadi. Chunki ilgari bizda bunday sudlov tarkibi bo‘lmagan.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi jahonga yuz burgani, ko‘plab investorlar mamlakatimizda o‘z faoliyatini yuritishga qiziqayotgani hech kimga sir emas. Albatta, investorlarni avvalo bizdagi mavjud qonun-qoidalar qiziqtiradi. Farmon asosida investitsiyaviy nizolarni va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha alohida sudlov tarkibini tuzish ularning huquq va manfaatlari kafolatli himoya qilinishini ta’minlaydi. Investitsiyaviy sudlov tarkibning tashkil etilishi natijasida investorlarning o‘z nizolarini hal qilish uchun turli sud instansiyalari o‘rtasida oylab vaqt yo‘qotishlarning oldi oladi, muammo bitta sud doirasida hal qilinishi ta’minlanadi. Investorlarni bilasiz, ular «vaqtim - naqdim» maqolini qattiq yaxshi ko‘radi.

9

- Yana savollar bormi? Yetarli bo‘ldi? Unday bo‘lsa, kelganinglar uchun rahmat. Yaxshi kunlarda ko‘rishaylik...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring