DSQ yirik soliq to‘lovchilarga stiker beradi
Davlat soliq qo‘mitasi karantin davrida korxonalar ishini yengillashtirish va uzluksiz faoliyat yuritishi uchun maqbul sharoitlar yaratish maqsadida yirik soliq to‘lovchilarning transport vositalariga maxsus ruxsat beruvchi stikerlar berishni boshlaydi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ruxsat beruvchi stikerlar yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi korxonalar xodimlarining shaxsiy yoki xizmat avtotransport vositalari uchun beriladi.
Ruxsat beruvchi hujjatni olish uchun faqat onlayn tarzda soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron soliq xizmatlari portalida maxsus anketani to‘ldirib ariza berish mumkin.
Avtotransportda harakatlanish uchun kerak bo‘ladigan maxsus QR-kodli ruxsatnomani printer orqali chop etish lozim. U ariza yuborilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida shakllantiriladi.
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan har bir soliq to‘lovchiga alohida stiker kvotalari belgilanadi. Ruxsat beruvchi stiker u olingan kundan boshlab 30 kun mobaynida harakatlanish huquqini beradi.
Avtotransport vositasidan foydalanish uchun ruxsat beruvchi stiker olgan xodimlar mehnat daftarchasining nusxasi va ish joyidan berilgan tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi kerak. Xodimlarga faqat belgilangan yo‘nalish bo‘yicha, xizmat maqsadlarida soat 9:00 dan 18:00 gacha transport vositasidan foydalanishga ruxsat beriladi.
Ruxsat berish uchun hech qanday to‘lov olinmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter