Yaponiyalik fazogir Oyni zabt etishga tayyorlanmoqda
Yaponiya o‘z astronavtlaridan birini Oyga amalga oshiriladigan Artemis missiyasiga tayyorlamoqda. Agarda bu yuz bersa, yapon fazogiri Oyga qadam qo‘ygan amerikalik bo‘lmagan ilk fuqaro bo‘ladi.
Ushbu kelishuv Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisidaning AQShga rasmiy tashrifi doirasida Vashingtonda prezident Jo Bayden bilan uchrashuvda e’lon qilindi.
Avvalroq Oq uy ma’muriyati Artemis dasturi doirasida xalqaro fazogirlarlarni Oyga uchirish maqsadlarini e’lon qilgandi. Yaponiyalik fazogir ushbu missiyada nechanchi navbatdaligi hozircha noma’lum.
Artemis II missiyasi 2025-yilning sentyabriga mo‘ljallangan bo‘lib, ekipaj komandiri vazifasi kanadalik astronavt Jeremi Hansenga topshirilgan. U va NASAning uch nafar fazogiri Oyga Orion kemasida boshqariladigan parvozni amalga oshiradilar (ular Oyni aylanib, qo‘nmasdan, yerga qaytadi. Parvoz davomiyligi — 10 kun). «Oyga qaytish» rejasida, shuningdek, Yevropa fazoviy agentligining uch nafar, Kanada fazoviy agentligining bir nafar astronavtini uchirish ko‘zda tutilgan.
Artemis III missiyasi esa 2026-yilga belgilangan. Missiya Apollo dasturidan beri odamlarni Oyga qaytarish borasidagi ilk qadam bo‘lib, agar muvaffaqiyatli amalga oshsa, ilk ayol kishi va ilk afroamerikalik (ikkisi ham AQSh fuqarosi) Oyga qadam qo‘yadi. Yapon astronavti kelgusi parvozlarda Oyga borib qo‘nishi rejalashtirilgan ilk xalqaro vakil sanaladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter