Yaponiya O‘zbekistonni Al Aynda qoldirib ketdi
Osiyo Kubogida ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi guruhdagi so‘nggi uchrashuvida Yaponiyadan mag‘lubiyatga uchradi.
Ushbu bahsda guruh g‘olibi nomi aniqlandi. Ikki turdan so‘ng har ikki jamoa hisobida ham 6 ochkodan bor edi. To‘plar nisbatiga ko‘ra, O‘zbekiston guruhda yetakchilik qilayotgandi. Shu sabab durang natija ham terma jamoamizni qoniqtirardi.
Ektor Kuper bu bahsda bir qator yetakchilarni pley-offga asrashga qaror qildi va qaysidir ma’noda bu terma jamoamizning muvaffaqiyatsizligiga sabab bo‘ldi. Maydon markazi ishonib topshirilgan Fozil Musayev terma jamoa saviyasida o‘yin ko‘rsata olmadi. Bundan tashqari, yaponlarning birinchi goli Farrux Sayfiyev qanotidan, ikkinchi goli esa Yegor Krimetsning xatosidan keyin urildi. Bungacha Eldor Shomurodov turnirdagi eng chiroyli gollardan birini kiritishga ulgurgandi.
Guruhda g‘olib bo‘lgan jamoa 1/8 finalda Sharjada Saudiya Arabistoni yoki Qatar bilan bahs olib borishi lozim edi. Ikkinchi o‘rin egasini esa Avstraliya kutib turgandi.
Shu tarzda endi Yaponiya Sharjaga yo‘l oladi. O‘zbekiston esa Al Aynda qolib, Avstraliyaga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi.
«F» guruhi. 3-tur.
YaPONIYa – O‘ZBEKISTON - 2:1 (1:1)
Gollar: Yoshinori Muto (43), Sukasa Shiotani (58) — Eldor Shomurodov (40)
Ogohlantirishlar: Farrux Sayfiyev (69), Yegor Krimets (72)
Yaponiya: 23.Daniel Shmidt, 2.Genta Miura, 3.Sei Muroya, 4.Sho Sasaki, 10.Takashi Inui (Genki Xaraguchi 81), 11.Koya Kitagava (, 13.Yoshinori Muto (Endo Vataru 86), 14.Junya Ito, 17.Toshixiro Aoyama, 18.Sukasa Shiotani, 20.Tomoaki Makino
O‘zbekiston: Ignatiy Nesterov, Davron Hoshimov, Yegor Krimets, Islom To‘xtaxo‘jayev, Farrux Sayfiyev, Otabek Shukurov, Fozil Musayev (Sardor Rashidov 76), Javohir Sidiqov, Dostonbek Hamdamov (Aziz Turg‘unboyev 65), Ikrom Aliboyev, Eldor Shomurodov (Marat Bikmayev 70)
Demak, Avstraliyaga qarshi nimchorak final uchrashuvi 21-yanvar kuni «Xalifa bin Zayd» stadionida bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 19:00da boshlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter