Yaponiya isroilliklarga qarshi sanksiya joriy qildi
Yaponiya ishg‘ol ostidagi Falastin hududlarida zo‘ravonlikning kuchayishida Isroil ma’muriyatini aybdor deb hisoblaydi, deydi Kunchiqar o‘lka hukumati bosh kotibi Yosimasa Hayasi.
«Kyodo» axborot agentligiga ko‘ra, Yaponiya 23 iyul, seshanba kuni bosib olingan G‘arbiy sohildagi zo‘ravon shaxslarga nisbatan ilk bor sanksiya joriy qildi, xususan, ularning aktivlarini muzlatdi.
«Yaponiya aktivlarni muzlatish bo‘yicha chora-tadbirlarni og‘ishmay amalga oshiradi va Isroil hukumatini qat’iy ravishda xalqaro hamjamiyat, jumladan, «Katta yettilik» bilan hamkorlikda manzilgohlar qurishga butkul barham berishga chaqiradi», – deydi Yosimasa Hayasi.
So‘nggi vaqtlarda Isroil hukumati G‘arbiy sohilda yashovchi falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik qilib kelayotgan yahudiylarga qarshi chora ko‘rmayotgani, bil’aks ularni dastaklayotgani tanqidlarga sabab bo‘lib kelmoqda.
O‘tgan hafta BMT Xalqaro sudi Isroilning G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusdagi manzilgohlar qurish siyosatini noqonuniy deb e’lon qildi. Xalqaro mahkama Tel-Avivdan Falastinning bosib olingan hududlarini bo‘shatish, yahudiy kelgindilarini ko‘chirish va okkupatsiya sabab yetkazilgan zararni qoplashni talab qildi.
Joriy yil 19 aprel kuni Isroilning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lmish AQSh ham G‘arbiy sohilda sodir etilgan zo‘ravonliklarga aloqador tashkilot va shaxslarga qarshi sanksiya joriy qildi. Taqiq choralariga muvofiq, yahudiy ekstremistlariga AQSh viza bermaydi, ularning mablag‘lari muzlatiladi. Qo‘shma Shtatlar fuqarolariga «qora ro‘yxat»dagi shaxslar bilan tijoriy aloqalar olib borish man etiladi.
Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Kanada ham mushtumzo‘rlik qilib kelayotgan yahudiy kelgindilariga nisbatan jazo qo‘lladi.
Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.
Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Binyamin Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan.
BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan.
G‘azo sektorida qonli qirg‘in davom etayotgan bir paytda G‘arbiy sohilda ham falastinlik oilalarga nisbatan zulm va zo‘ravonlik kuchaygani kuzatilmoqda. Masalan, joriy yil mart oyida yuzlab yahudiy kelgindilari tomonidan Al-Mug‘ayir qishlog‘iga uyushtirilgan hujum oqibatida bir falastinlik halok bo‘ldi, yigirmadan ziyodi jarohatlandi. Ekstremistlar falastinliklarga tegishli uy va avtomobillarga o‘t qo‘ydi.
2023 yil dekabr oyida Fransiya, Avstraliya, Belgiya, Kanada, Daniya, Finlyandiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi ham G‘arbiy sohilda ekstremistik kayfiyatdagi aholi tomonidan falastinliklarga hujumlar misli ko‘rilmagan darajada ko‘payganidan chuqur xavotir izhor etgan va Tel-Avivdan zo‘ravonliklarga chek qo‘yishni talab qilgan edi.
Xalqaro hamjamiyat e’tirozlariga qaramay, Tel-Aviv ma’muriyati G‘arbiy sohilda yahudiy uylarini qurish va kelgindilarni ko‘chirish uchun tobora ko‘proq mablag‘ ajratmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter