Yanvar oyida prezident shifokorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida endokrin kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandik.
Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra ikki oy davomida sohadagi haqiqiy ahvol o‘rganilgan.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev endokrinologiya xizmatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘riladigan birinchi galdagi chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Shuningdek, tibbiyot muassasalarida laboratoriya xizmatlari ko‘rsatishning mutlaqo yangi tizimi joriy etilishi qayd etildi.
Yig‘ilish davomida davlat rahbari yanvar oyida shifokorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishini ham ma’lum qildi.
«Aytish joizki, so‘nggi oylarda xirurgiya, kardiologiya, bugun esa endokrinologiya yo‘nalishlarini chuqur ichiga kirib, muammolarini tahlil qildik.
Umuman, sog‘liqni saqlash sohasida yechimini kutayotgan masalalar hali ko‘pligini inobatga olib, yanvar oyida tibbiyot xodimlari bilan «ochiq muloqot» tashkil etamiz», dedi davlatimiz rahbari so‘zining yakunida.
Mutasaddilar oldiga ushbu tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish, joylardagi muammolarni o‘rganib, ularni tizimlashtirish va aniq takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter