Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangilanayotgan Konstitutsiya bilan malakali tibbiy yordam kafolatlanmoqda

Yangilanayotgan Konstitutsiya bilan malakali tibbiy yordam kafolatlanmoqda

Har bir mamlakatda sifatli tibbiyot tizimi mavjudligi juda muhim. Fuqarolar zarur paytlarda sifatli tibbiy xizmat uchun davlatga suyana olishi alohida ahamiyatga ega. Shu sababli Konstitutsiyada fuqarolar davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olishga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Bu juda muhim ijtimoiy kafolatdir. Chunki aholining ayrim qatlamlari pulli asosda yoki xususiy shifoxonalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Ana shunday vaziyatda davlat o‘z fuqarosini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi kerak. Konstitutsiyadan o‘rin olayotgan ushbu modda aynan mazkur jihatlarni ko‘zda tutadi.

Masalan, davlat hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatni rivojlantirish maqsadida 2021-yildan boshlab, birlamchi bo‘g‘inda aholini 66 turdagi, 2022-yilda 120 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma elektron navbat asosida berilmoqda. Eng muhimi, bu tizimga asosan, mablag‘lar shifoxonaga emas, balki aniq bemorga ajratilmoqda.

Birgina, 2022-yilning o‘zida tibbiyot sohasiga budjetdan 29 trillion so‘m yo‘naltirildi, bu mablag‘ 2016 yilga nisbatan 5 barobar ko‘pdir. O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash uchun mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi.

Xususan, qishloqlardagi 801 ta oilaviy poliklinika zamonaviy tashxis apparatlari bilan ta’minlandi. Bu orqali qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Hududlarda 23 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining yuzdan ortiq filiallari faoliyat boshladi.

Tibbiy sohani, shu jumladan uning nodavlat shakllarini rivojlantirish davlat majburiyatlariga o‘tkazilishi fuqarolarga sifatsiz tibbiy yordam ko‘rsatish yoki umuman tibbiy yordam ko‘rsatmaslik holatlarining oldini olishga ko‘maklashadi.

Shu bilan birga, barcha hududlarda ham sport bilan shug‘ullanish uchun yetarli sharoitlar bor deb ayta olmaymiz. Shu sababli sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun sharoitlarni yaratish Konstitutsiya darajasigacha oshirilib, davlat majburiyatiga aylanmoqda.

48-modda.

Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli.

Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Mazkur masalaning Konstitutsiya darajasiga ko‘tarilishi – aholi salomatligi milliy manfaatlarimizning muhim  tarkibiy qismi ekanligini bildiradi.

Davlat tibbiyot sohasiga oid eng muhim vazifalarni o‘z zimmasiga olayotgani onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan normaning yana bir ahamiyati shundaki, davlat o‘z fuqarolarining moddiy ahvolidan qat’i nazar kafolatlangan bepul tibbiy yordam bilan qamrab olinishini mustahkamlamoqda. Bu fuqarolar, ayniqsa, moddiy sharoiti yaxshi bo‘lmagan fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlashga davlat g‘amxo‘rlik qilishdan to‘xtamasligini anglatadi. Kafolatlangan tibbiy yordamga oid normaning belgilanishi  aholi, onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Yangi norma orqali tibbiyotning nodavlat shakllarini rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratish ishlari yanada yaxshilanadi.

Joylardagi ayrim mas’uliyatsiz va doim ham tashabbus ko‘rsatmaydigan ijrochilarga bu vazifalarni majburiyat sifatida belgilamoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring