Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Konstitutsiyaga zid». Blogerlar maktab darsligi pulli bo‘lishiga e’tiroz bildirmoqda

«Konstitutsiyaga zid». Blogerlar maktab darsligi pulli bo‘lishiga e’tiroz bildirmoqda

Foto: Xabar.uz

O‘zbekistonda 2025-2026 o‘quv yilidan darsliklar va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimi qayta yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklif etgan budjet loyihasida bir bola uchun darslik va mashq daftarlari to‘plami o‘rtacha 450-500 ming so‘mga tushishi, endilikda ushbu summaning 80 ming so‘mi (tannarxning 16-18 foizi) ota-onalar tomonidan to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

2022 yilda jamoatchilik e’tirozidan keyin darslik ijara to‘lovi bekor qilingandi. Blogerlar, jamoat faollari yana uni qayta tiklash rejasiga qarshi chiqmoqda.

«Buni qanday tushunmoq kerak: o‘zi ko‘p yillar davomida Konstitutsiyaga zid ravishda ota-onalardan darsliklar ijarasi uchun pul olinib, oxiri bu to‘xtatilgandi. Ya’ni Konstitutsiyaga amal qilish boshlangan edi.  Endi yana yangi Konstitutsiyaga zid harakatlarni davom etadimi? Yoki Prezident topshirig‘i xato bo‘lganmidiki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Prezident irodasini sindirishga urinsa?

Agar budjetni to‘ldirish istagi bo‘lsa, nima uchun otning kallasidek imtiyoz berilgan monopolist va yer osti boyliklarini olib, istagancha sotayotgan guruhlarga berilgan soliq imtiyozlari bekor qilinmayapti?»deb yozdi sobiq deputat va jamoat faoli Rasul Kusherboyev.

«Konstitutsiyasiga «bu – ijtimoiy davlat» deb yozib olgan mamlakat maktab o‘quvchilariga berilayotgan darsliklar uchun pul so‘rashda  uyalishi kerak. Hech bo‘lmasa shu – «ijtimoiy davlat» degan yozuv uchun ham uyalishi kerak. Bu yozuv yozilganiga hali ikki yil ham bo‘lgani yo‘q, uni «o‘tgan zamondagi yomonlar yozib ketgan» deb birovga to‘nkashga ham asos yo‘q.

Davlat pul iqtisod qilish va orttirish uchun maktabdan boshqa sohani topolmayotgan bo‘lsa, hay, ishni birdan o‘quvchilarga darslik solig‘i solishdan emas, shu darsliklarni chiqarayotganlarning ishini taftish qilishdan boshlagani ma’qul (ehtimol, darsliklar aslida bunchalik qimmatga tushmas. Va Amerika kashf qilishni to‘xtatib, bu sohada ham normal dunyo qilayotgan ishni qilgan, normal dunyo yurayotgan yo‘ldan yurgan ma’qul», – deb yozdi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.

https://t.me/muhrim/2777

Iqtisodchi Otabek Bakirov energetika tizimiga trillionlab subsidiyalar ajratilayotgan bir paytda «budjet mablag‘larini tejash maqsadida» degan afsonaga ishonish qiyin deb hisoblaydi.

«Darsliklar ijarasi bilan ham xuddi shunday. Ijara to‘lovlari budjet mablag‘larini tejash uchun emas, bu mablag‘larni boshqa kanallar orqali sovurish uchun tiklanmoqda. Bu budjet ma’no mazmuni bo‘yicha inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, teng imkoniyatlar yaratish, inson sifatini yaxshilashga xizmat qilmaydi. Afsuski, biz uchun budjetni muhokama qiladigan, samarali budjet uchun tortishadigan parlamentimiz yo‘q», – deydi O.Bakirov.

Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov fikricha, asosiy muammo darsliklarni yangilash uchun budjetdan yana 1,3 mlrd so‘m ajratilishi yoki darslik ijarasi uchun qayta to‘lov joriy qilinishida emas.

«Yagona darslik» tizimidan voz kechilishi kerak. Aniq o‘quv dasturlari e’lon qilinishi kerak va shu dasturga mos har qanday darslik yashashga haqli bo‘lishi kerak. Darsliklarni nashriyotlar o‘z hisobidan yaratishi, maktablar va o‘qituvchilar darsliklarni tanlash huquqiga ega bo‘lishi, vazirlik esa aynan o‘qituvchilar tanlagan darsliklarni maktab kutubxonalariga olib berishi kerak. Nashriyotlar esa o‘z darsliklarini erkin savdoga chiqara olishi, ota-ona istasa, farzandiga darsliklarni sotib olib bera olishi kerak. Butun normal dunyo shunday qiladi.

To‘g‘ri, bunday tizimda kimlardir nimalardandir quruq qolishi mumkin, lekin oxir-oqibat darsliklar sifati ta’minlanadi va ular arzonroqqa ham tushadi. Va asosiysi, millionlab bolalar xatolarga to‘la darsliklar asosida o‘qishga majbur qilinmaydi», – deya taklif bergan K.Jalilov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring