Yangi davr. Xayrulla Hamidov maqolasi
«Oltin to‘p» sovrini o‘tgan asrning o‘rtalaridan beri topshirib kelinayotgan bo‘lsa-da, boshqalar ham men kabi bu sovringa 90-yillar boshida e’tibor qaratgan bo‘lsa kerak. Men ham juda-a-a e’tibor qaratganman deyolmaymanu, yilning eng yaxshi futbolchilari ro‘yxatiga qaraganimda, bu sovrin Italiyadagi mundialdan boshlab o‘z ahamiyatini topgandek tuyulaveradi. Futbolchilarini ham taniganim uchundir balki.
Ha, men uchun ham Pele yetib bo‘lmas cho‘qqi, Kroyff otamning suyuklisi, Garrincha san’atkor, Mesxi sobiq ittifoq durdonasi, Yashin qora pantera va Tofik Bahramov hakamlar siymosi bo‘lib gavdalansa-da, ularni hayotim yo‘lida parallel uchratmaganim uchun Maradonaning yoniga qo‘ya olmayman. Diyego do‘stimdek, akamdek ko‘rinaveradi.
O‘tmish yulduzlarini ham Papen va van Bastendaqa gol ura olishmagan deb o‘ylayveraman. Badjo siymosi kattaroq tuyulaveradi. Ulg‘ayganim sari kuzatganim – Zidan va Ronaldino futbol akademiyasi uchun mukammal qo‘llanma. Braziliyalik Ronaldo gol mashinasi. Bo‘ldi, futbol men uchun o‘z saboqlarini shu tahlit berib bo‘lgan go‘yo.
Magistraturada esa, Bekxem, Raul, Nedved, Del Pero, Bergkamp, Totti, Figu, Shevchenko, Klyuyvert va yana bir qator daholar qo‘shimcha dars o‘tib, futbolda bundan boshqa kashfiyot yaratib bo‘lmayajakligini tushuntirib ketishgan menga.
Va hatto «Milan» 2007-yilgi Chempionlar Ligasini yengganida va unda braziliyalik Kaka supero‘yin ko‘rsatib, yil oxirida «Oltin to‘p»ga loyiq ko‘rilganida ham men uchun oxirgi qo‘ng‘iroq chalib bo‘lingan edi. Keyin bilsam, bu qo‘ng‘iroq oxirgisi emas, tanaffusga chorlovchisi ekan.
Futbol o‘zi aldamchi o‘yin. «Chempion» gazetasi chiqarib yurgan paytimiz, aniqrog‘i, 2007 yilning oxirlarida kirish maqola yozgan ekanman, yaqinda ko‘rib qoldim va uyalib ketdim. Lekin uyalishim asnosida o‘zini oqlamagan taxminlarimdan xursand ham bo‘ldim. Bilasizmi o‘shanda nima yozgan ekanman? «So‘nggi mogikanlar» futbol bilan xayrlashmoqdalar, bundan buyon futbol robotlar o‘yini bo‘lib qolajak, endi braziliyalik Ronaldo singari yiliga 30talab gol uradigan hujumchi chiqmaydi, Zidanga o‘xshab to‘p bilan aylanadigan, Ronaldino singari elastik harakatlar sohibi boshqa tug‘ilmaydi, degan ekanman. Qalay?!
O‘qigan odam o‘sha kun holati bilan ishongan, turgan gap. Rostanam-da, 2002 yilgi mundialdan so‘ng faqat jamoaviy o‘yin ko‘rsatayotgan terma jamoalar qit’a va jahonni yengayotgan bir paytda, boshqacha fikrga kelishning imkoni bormidi?! Kannavaro ajoyib o‘yinchi, ammo u «Oltin to‘p»ni olgach, bu sovrinning qiymati qaylarga tushib ketdi, deb ayuhannos solgan biz bo‘lamiz, azizlar! Shu bois ham, Kakaning 2007 yili Parijda g‘olib bo‘lgani-da hech kimni sevintirmagan. «Milan» muxlislaridan boshqa.
Men maqola yozgan va Kaka «Oltin to‘p» sohibiga aylangan o‘sha 2007 yil keyin ma’lum bo‘lishicha, to‘fondan oldingi sukunat edi.
Biz-ku, o‘ttizdan oshgan, futbol deb atalmish jozibali o‘yindan boricha mehrni ko‘rgan muxlislarga qandaydir yangilik u qadar zarur emas edi. Yosh, endigina futbolga oshno bo‘lgan ko‘ngillar yaqin orada nedir sodir bo‘lajakligini balkim kutishgandir, biz buni bilolmaymiz. Qayerdandir yangi mehmon kutgan bo‘lishsa, ajab emas.
Va u rostan ham keldi.
Futbolning shu joyda futbolligi tutib qoldi. U nedir yangi hodisa, hech qachon ko‘rilmagan hodisa istab qoldi: «Bu shunday hodisa bo‘lishi kerakki, uzoq cho‘zilsin, futbolning robotlar o‘yiniga aylanib borayotganiga sha’ma qilganlarga qattiq zarba bo‘lsin!»
Shunday bo‘ldi ham.
O‘sha lahzadan boshlab futbol meni yana yoshlikka, lekin g‘alati yoshlikka qaytardi. Kap-katta odammanu, messichi va ronichilar zamondoshiga aylanib qoldim. Misol uchun, otamga qarayman, uni biror bir futbolchi qirqqa yetganida oldingi davriga qaytara olmagan. Kroyffning nomini o‘chirib yuborishga qudrat topmagan otam. Menda va mening tengdoshlarimda shu davr sodir bo‘ldi.
Qizig‘i, bu davrni hech kim o‘ylab topmadi. Kimdir aytayotganidek, ularni piar qilib shishirishmadi, qandaydir kompaniya bu ish ustida bosh qotirmadi. Ularning ikkisi zamona zayli bilan, ko‘ngil mayli bilan, futbol sayli bilan kirib kelishdi yashil maydonga.
To‘g‘risi, hozir Messi va Ronaldu haqida yangi gap ayta olmayman. Men faqatgina ularning atrofida bo‘lib o‘tgan hodisalarni bayon etish orqali o‘zi biz qanday zamonga tushib qolganimizni tushuntirishga urinib ko‘raman.
Kaka 2007-yili «Oltin to‘p» sohibi bo‘lganida shu ikki yigit uning oldida jimgina turgan. Demakki, Leo ham, Krish ham futbolda mavjud odamlar edi. Lekin nega o‘shanda hech kim bu ikki o‘g‘lonning o‘n yil davomida shu dargohga tinmasdan tashrif buyurajakligini taxmin qila olmagan?
Menimcha, bu hodisa sodir bo‘lishini faqatgina Messi va Ronalduning o‘zi o‘sha kuni qalban his etgan. Axir, ikkisi «Oltin to‘p» qo‘ldan qo‘lga o‘tib kelayotgan bir matoh davrida yashashdi-ku, barqarorlik degan tushuncha futbolda yo‘qolib ketganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi-ku. Kakaning oldida turishardiyu, aslida undan zo‘r ekanliklarini juda yaxshi bilib turishardi ikkisi. Bu ularning ichki olamidan portlab chiqayotgan isyon edi.
Ishonavering, futbol qay bir dahoni yuzaga chiqarar ekan, undan oldingi va undan keyingi davrni ham shunga bog‘lab qo‘yadi. Kaka o‘sha kuni «MYu» va «Barsa» afsungarlarining haqiqiy kuchini bilmagan. Yillar o‘tibgina, «men «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan oxirgi yerlikman» deganida, o‘sha kunlarda qanday gravitatsiya kuchiga qarshi turganini anglab yetgan.
2007 yil futboldagi ana shunaqa evrilish yili bo‘lgandi. Keling endi, chin dildan iqror bo‘laylik-da, futbolni uch davrga bo‘lib chiqaylik: Pelegacha bo‘lgan «bolalik davri», Peledan 2007 yilgacha bo‘lgan «yoshlik davri» va Kakaning oldida «Oltin to‘p»ni oxirgi yerlik olayotganiga norizo holda turgan ikki o‘g‘lonning asri...
2008-yildan keyin bu sport turida balog‘at davri boshlandi. Ha, ha, balog‘at davri. Chunki inson balog‘atga yetgandagina barqarorlik hosil qiladi. Tetik turadi, kurashlardan charchamaydi, besh marta yiqilsa, olti bora o‘rnidan tura oladi. Bu, Messi va Ronaldu davri bo‘ldi.
2018-yilning eng yaxshi futbolchisi nomi Xorvatiya terma jamoasi sardori Luka Modrichga topshirilganiga qaramay, aslida Leo va Krish davri tugadi deb bo‘lmaydi. Chunki argentinalik afsungar hali 31 yoshda, oldingidan ko‘ra xavfliroq. Lekin endi bir tekis davom etgan 10 yillik hokimlikka chek qo‘yildi. Shunisi rost. Messi va Ronaldu yana bittadan «Oltin to‘p» ham oladi deylik – men bunga ishonaman – lekin ularning yurishi baribir 2018-yil bir to‘xtagani haqida gapiriladi.
Qarang endi – Kaka va Modrich. Yarim himoyachilar. Luka «Oltin to‘p»ni qo‘liga olib: «To‘p nihoyat maydon markaziga qaytdi», dedi. Chiroyli so‘zlar, tan olamiz. Ammo u to‘pni markazga qaytargani bilan futbolning keyingi hayotiga nima bermoqchi? Qanday ma’no taqdim etmoqchi?
Bugun Modrichning «Oltin to‘p»i haqida gaplar ko‘p. E’tirofdan ko‘ra e’tirozlar talaygina. «Asrning eng katta o‘g‘riligi» deb yozmoqda «Marka» nashri. Italiya gazetalari «Oltin to‘p»ga ham VAR tizimi kerak», deyishdi. «Yil davomida o‘nta gol ura olmagan futbolchi 50dan ziyod gol uruvchilardan «Oltin to‘p»ni tortib oldi», deganlar bo‘ldi.
Aslida-chi? Bizningcha, Luka kerakli paytda yaxshi mavsum o‘tkazdi, xolos. Xorvat shu o‘yini va shu natijalari bilan 2010 yo 2014-yili uchtalikka ham kira olmasdi. Ishonmaysizmi, Snayder, Inesta va Riberidan so‘rang! Hatto Modrichning o‘zi ham bu narsani yaxshi tushungani uchun «Oltin to‘p»ini yuqoridagi yulduzlarga bag‘ishlaganini aytib o‘tdi.
Ha, odamlar Messi va Ronaldudan charchashdi. Charchashibdi. Kakaning oldida jilmayib turgan va «sizlarga shunday shou qilib beraylikki, bizdan boshqa hammani unutib yuboringizlar» deb kirib kelgan monstrlarning uzoq davom etgan kurashi hamma-hammaning joniga tegib bo‘libdi.
Hozir ko‘pchilik Modrich bahona Inesta va Snayderni eslayapti. Ularga FIFA noxolislik qilgan, degan so‘zlar to‘lib ketdi izohlarda. To‘g‘ri, Ispaniya va Gollandiya yulduzi 2010 yili bugungi Modrichdan-da yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishgan, bunga ishonaman. Biroq, xotiramga murojaat qilib, o‘sha kunlarga qaytadigan bo‘lsam, mundialda gol ura olmagan Messining o‘sha mavsumda futbolchi hayoti davomida yo‘llashi amrimahol gollarni qalashtirib tashlayotganidan sarmast dunyoni ko‘raman.
«Real»ga borib quturib ketgan, ko‘zi qonga to‘lib har o‘yinda yo‘lbarsga aylanayozgan Krishning harakatlariga hayratlanib turgan olomonni kuzataman.
O‘shanda Snayder «Oltin to‘p»ni olsa yo 2013-yili shu sovrin Riberiga ketib qolsa bormi, bu yovvoyi olomon mazkur qarorga hozirgidan-da ko‘proq e’tiroz bildirishi mumkinligini tushunib yetyapman.
Messi va Ronalduning o‘sha kungi o‘yinlarini bugunning ko‘zi bilan, qaysiki har hafta bir xil kurashni ko‘raverib charchab ketgan ko‘z bilan ko‘rishga shoshilmang, o‘sha kunning yorqin nigohi bilan tomosha qilib ko‘ring-chi, qanday ahvolga tushib qolarkansiz?!
Muxlislar, mutaxassislar, jurnalistlar, hamma-hammaga Argentina va Portugaliya yulduzlari juda ham jonga tekkanligi ma’lum bo‘lib qoldi – FIFAning «The Best»ida ham, Fransiya nashrining «Oltin to‘pi»da ham kim bo‘lsa bo‘lsin, shu ikkisi bo‘lmasin deb, istalgan yulduzni belgilab tashlayveribdi hamma.
Grizmanni birinchi o‘ringa, Mbappeni ikkinchi o‘ringa, Modrichni uchinchi o‘ringa qo‘ygan bir jurnalistning intervyusini o‘qidim. U Modrich olganidan xursand. Iya, axir, sen fransiyalik yulduzni belgilagansan-ku, nega xorvat yutsa, shodlanasan, deydigan odam yo‘q. Chunki hamma bitta haqiqatni bilib turibdi: Kim olsa ham shu ikkisi olmasa bo‘ldi edi.
Adolat qaror topdi, deyishimiz kerak baribir. Adolat gohida qaror topishi uchun o‘z soniyasini bilsa bo‘ldi ekan. Qachon katta sahnaga chiqishini anglasa bo‘ldi ekan. Luka o‘sha oltin pallaga to‘g‘ri kelib qoldi. Aks holda, qanday qilib, nozik harakatli Grizmann kabi jahon chempionligini qo‘lga kiritmasdan turib, Ronaldu singari hech qayerda to‘purar bo‘lmasdan turib, Neymar kabi fint qila olmasdan, eng zo‘r assistlikka da’vo ham qilmay, tashqi ko‘rinishiyu liderligi bilan alohida ajralib ham turmay, hech qachon klubida birinchi raqamli yulduz bo‘lmagan, texnik qobiliyati Messining yarmicha ham bo‘lmagan yigit, qanday qilib «Oltin to‘p» olishi mumkin edi? Anovi ikkisidan qutulish uchun yangi ertak kerak edi olamga. Bo‘ldi.
Bu ertakning Zolushkasi bo‘lganing bilan qutlaymiz, Luka! Endi seni tarixda futbolni eski holiga, yerga qaytarganing bilan eslaymiz. Shu ishni sen qilasan deb o‘ylamagandik lekin. Yangi telefon rusumi sotib oladigan vaqting keldi. Tabrik...
Xayrulla Hamidov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter