Yangi davr Cho‘lponni sog‘inmoqda. Nega uning yubileyi nishonlanmayapti?
O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida 1930-yillardagi qatag‘onlar haqida rosa yozildi, go‘yo ilmiy tadqiqotlar qilindi. Ammo endi ayon bo‘layaptiki, o‘shal mudhish yillar, zamonlar tuzuk-quruq o‘rganilmadi. Faqat qobiq-po‘st xususida gapirildi.
Mana, yillar o‘tdi, fikrlar tindi, eng muhimi, mustaqilligimiz mustahkamlandi, yangi davr boshlandi. Har tomonlama hurlikni teranroq his qilmoqdamiz. Bu yaxshi-da!..
Qatag‘on yillarida millatimizning asl farzandlari — shoir, yozuvchi, davlat arboblari qurbon bo‘ldilar (1980-yillardagi oddiy dehqonlar kabi). Keyin yana davrlar o‘zgardi. Hukmdorlar kabi tushunchalar ham evrildi. Biroq ma’ni, haqiqat o‘zgarmasdir.
Cho‘lpon!..
Biz sobiq sho‘ro davrida qatag‘on qilingan shoir-yozuvchilarning hayoti va ijodini maktab darsliklarida (biroz qisqartirilgan bo‘lsa-da) tuzukkina o‘qidik-o‘rgandik. Ular haqida (qatag‘on qilingan davlat arboblari xususida ham) 1960 — 1970-yillarda turli-tuman maqolalar, risolalar, kitoblar chiqqan, ya’ni baholi qudrat (mustabid tuzum imkon berganicha) o‘qiganmiz. Biroq Cho‘lponning hayoti, ijodi mutlaqo o‘rganilmagan. Sho‘ro davrida u haqda gapirish ham mumkin emasdi. Asarlarini qo‘ying, ko‘pchilik ichida suratga tushgan bo‘lsa, hatto uning yuzi siyoh bilan chaplab tashlangan. Asarlari chop etilmagan. Yozuv mashinkasida terilib, kitob qilingan romani va she’rlarini hur fikrli kishilar qo‘lma-qo‘l o‘qishgan. Bizning xalq uchun bu o‘ta noyob hodisa! Uni uzoq yillar man qilishgan. Agar mustaqillik bo‘lmasa, Cho‘lponning nomi tilga olinmasdi va asarlari chop etilmasdi — bu aniq! Chunki u tom ma’noda isyonkor, vatan ozodligi uchun jon bergan shoirdir (Qo‘qondagi muxtoriyat voqealarida shoirlar qariyb yo‘q edi. Cho‘lpon ishtirok etgan va she’r o‘qigan. U Orenburgda tatar-boshqird davlati raisining kotibi bo‘lib ishlagan). Uning ishqiy she’rlarida ham isyon, ozodlik sog‘inchi bor. Agar she’riyatdagi keyingi o‘zgarishlarni hisobga olsak, Cho‘lponsiz Usmon Nosir, G‘afur G‘ulom, Oybek, Rauf Parfi, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Cho‘lpon Ergash, Usmon Azim, Shavkat Rahmon va boshqalarning she’riyati bo‘lmasdi. Cho‘lpon she’riyatda ham, nasrda ham inqilob yasagan!
Mabodo Boltiqbo‘yi yoki Kavkaz xalqlarining Cho‘lponi bo‘lganida, uni butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilib, afsonaga aylantirishlari aniq edi. Afsuski, biz o‘zbeklar hamma narsani xaspo‘shlashga o‘rganganmiz. Biz uchun vatan va uning ozodligi deya jon bergan ham bir, o‘z jonini avaylab bir navi yashagan, ammo omon qolgan ham bir! Tavba-a!
Istiqlol yillarida Cho‘lponning mukammal asarlar to‘plami ham chiqmadi («Akademnashr» (xususiy nashriyot) yurak yutib, to‘rt tomligini nashr etdi (1500 nusxada). Lekin uning tarqalishi, sotilishi nashriyot «bo‘g‘zida» turibdi). Boshqalarniki esa qayta-qayta chop qilindi. Nima, bu taqdir hazilimi yoki hamon «boshqalar» g‘olibligidanmi? Hatto 120 yilligi ham nishonlanmaydi shekilli!
Cho‘lpon tom ma’noda vatan erki uchun yashagan, kurashgan, jon bergan zot. U she’riyatda, nasrda burilish yasagan. Hatto g‘animlar uni bo‘lakcha o‘ldirishgan (Cho‘lponchasiga jon bergan, men buni «Tegirmon» nomli romanimda baholi qudrat tasvirlaganman).
Cho‘lpon — betakror shaxs. U tom ma’noda istiqlolimizning ramzidir! Mustaqillik bor ekan, u ulug‘lanishi shart. Bu o‘zbek yigitlarini mardlikka, jasoratga, chin erkaklikka undaydi. Yangi Prezident chorlayotgan erkparastlik, qo‘rqmaslik shunda keladi! Cho‘lponni sog‘ining, jo-on o‘zbeklar!..
Nabi Jaloliddin
Tahririyatdan
Ko‘pchilikka ma’lumki, Cho‘lpon 1897-yilda tug‘ilgan bo‘lib, bu haqdagi ma’lumotlar darsliklarda ham, boshqa manbalarda ham shunday keltirilgan. Lekin faqat O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida 1898-yil deya qayd etilgan.
Andijon viloyatida 2017-yili Cho‘lponning 120 yillik yubileyi tor doirada nishonlangandek bo‘ldi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi esa ensiklopediya ma’lumotiga asoslanib va hukumat qarorini kutib, joriy yilda keng doirada nishonlamoqchi.
G‘alati paradoks yuzaga kelmoqda: Andijon shahridagi Cho‘lpon haykali ostiga «1897 – 1938» deya bitilgan (suratga qarang). Xo‘sh, savol tug‘iladi: Cho‘lpon qaysi yili tug‘ilgan? Shundoq ham uning tug‘ilgan sanasi ma’lum emas, endi yili ham mavhumligicha qolmoqdami? Cho‘lponga qachondir yetarlicha e’tibor beriladimi? Cho‘lponning yubileyini qachon nishonlaymiz?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter