Yana qancha qurbon kerak?
Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyati Irg‘iz tumanida ro‘y bergan fojia yurtdoshlarimizni larzaga soldi. Buni tahririyatimizning elektron pochtasiga kelayotgan murojaatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizdagi mavzuga doir xabarlarda yozib qoldirilayotgan izohlardan ham bilish mumkin. «Xorazm yoshlari» gazetasi muharriri o‘rinbosari Davlatnazar Ro‘zmetov bu haqdagi mulohazalarini qog‘ozga tushirib, uni o‘quvchilarimiz hukmiga havola etishimizni iltimos qilgan. Quyida ushbu maqolani o‘qishingiz mumkin.
Yozaymi, yozmaymi deb ko‘p o‘ylandim. Keyingi paytlarda ayrim tanish-bilishlar orasida «tevarak-atrofga boqqaningda qora ko‘zoynaksiz qarashni ham o‘rganish kerak» deguvchilar topildi. Shu bois bundan buyon faqat hamdu sanolardan iborat narsalar yozsammikan degan xayolga ham bordim. Ammo 52 nafar vatandoshimning jumboqlarga to‘la fojiali o‘limi meni ko‘pchilik qatori chuqur qayg‘uga solgani ushbuni yozishimga turtki bo‘ldi.
Men musofirchilikning nonini yeb ko‘rganman. O‘sha tomonlardan, ming afsuski, o‘z akamning tobutini olib kelishimga to‘g‘ri kelgan. Ikki hamyurtimning tobuti vatanga yuborilishida ishtirok etish peshonamga yozilgan ekan. Shu bois musofirchilikning noni qanday qattiqligini, o‘zga yurtlarda mardikorchilik qilishga majbur bo‘lganlarning ahvolini juda yaxshi bilaman.
Shu kunga qadar O‘zbekistondan necha kishi o‘zga yurtlarga pul topish ilinjida ketib tobutda qaytgani haqida aniq ma’lumot yo‘q, ammo shunday tobut kelmagan bironta mahallani topib bo‘lmasa kerak. Menimcha, Afg‘onistondagi urush chog‘ida ham xalqimiz bunchalik ko‘p qurbon bermagan.
Achinarlisi shundaki, o‘zga yurtlardan eri, akasi, otasining jasadi kelgan yurtdoshlarimiz baribir tirikchilik uchun yana begona yurtlarga ketishga majbur bo‘lmoqda. Xalqimizda «ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi» degan gap bor, ammo jigaridan ayrilgan yurtdoshlarimizning yana nega xorijga mardikorchilikka ketishdan boshqa iloji yo‘qligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘z vatanining poytaxtida mardikorchilik qilishning azobi o‘zga yurtlardagidan o‘n chandon ortiq bo‘lsa, Toshkentga ish izlab kelgan viloyatliklar ikkinchi sort odamga aylanib qolsa, alamidan o‘zga yurtga ketishdan o‘zga chorasi bo‘lmasa, nima qilsin bu bechoralar?
Yaqin-yaqingacha muhojirlikdagi mardikorlarning muammolari yurtimizda eng bee’tibor va o‘ta yopiq masalalardan biri edi. Holbuki, o‘sha davrda ham vatanining rasmiy himoyasidan mosuvo bo‘lsalar-da, o‘z yurtiga jaraq-jaraq dollarlarni olib kelib, respublikamizning iqtisodiy yuksalishiga hissa qo‘shishdan charchamadilar. 2011 — 2016-yillarda faqatgina Rossiyadagi mehnat muhojirlari 28 millarddan ortiq AQSh dollarini banklar orqali O‘zbekistonga jo‘natib, iqtisodiyotimizga naqadar katta hissa qo‘shganini tan olish lozim. Shu bois ham keyingi paytlarda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mehnat migrantlarining haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek xorijga ishga ketayotganlar sonini kamaytirishga alohida e’tibor berilmoqda. Bugungi o‘zgarishlarni xalqimiz bugun his qilishi lozimligi to‘g‘risida davlat boshlig‘ining ko‘rsatmasi bo‘lishiga qaramasdan mahalliy rahbarlar zamon bilan hamnafas bo‘lolmayotgani oqibatida mana shunday fojialar sodir bo‘layotgani uchun amaldorlarning vijdoni qiynalmasmikan?
Bir hokim maktab direktorlarini kaltaklasa, yana bittasi muallimlarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlasa, uchinchi bir hokim davlat maslahatchi oldida yolg‘on va’dalar berib, xalqni aldasa, bularning bari prezident siyosatini atayin sabotaj qilish emasmi?
Katta umidlar bilan tashkil etilgan Yoshlar ittifoqi kerak-nokerak tadbirlarini sal kamaytirib, yoshlarning bandligiga, yosh tadbirkorlarni faqat qog‘ozda emas, amalda qo‘llab-quvvatlashga ko‘proq e’tibor qaratganda halok bo‘lgan jigarlarimiz qahraton qish tugamay tirikchilik ilinjida o‘zga yurtga mardikorchilikka yo‘l olmasdi-ku?
Mahalla faollari o‘z hududidagi har bir oilaning ahvolini o‘rganib, muhtojlarga yordam berish masalasini mas’ul rahbarlar oldiga ko‘ndalang qo‘yganlarida bu yigitlar hozir ota-onasining, bola-chaqasining oldida o‘tirgan bo‘lmasmidi? Mahalla raislarining ko‘pchiligi o‘z vazifasiga o‘ta sovuqqonlik bilan qarayotgani, to‘y-hashamlarda «ulush» olishdan bo‘shamayotgani ham, afsuski, bor gap!
Rossiya yo‘nalishidagi poyezdlarga chiqib ko‘rganingizda edi, nima uchun bu odamlar tinchgina poyezdda ketishdan qozoqlarning shaldiroq avtobusida manziliga yetishni afzal ko‘rishini bilardingiz. Yo‘q, avtobusda yo‘l haqining arzonligi asosiy sabab emas. Poyezdga falon pulga bilet olib chiqqaningizdan provodniklar yoningizga kelib, «tinch ketishni istasangiz, aka, falon rubldan berasiz, aks holda qozoqning melisasiga javob berolmayman» deya ochiqchasiga talonchilik qilishlaridan bezganlar odatda shaldiroq avtobus yoki yengil mashinani tanlaydi.
Vatanimiz o‘zining yana 52 pahlavonidan ayrildi. Farzandidan ayrilgan onalarning, beva qolgan singillarimizning faryodi olamni bosdi. Voyaga yetib endi suyanchiq bo‘lgan o‘g‘illaridan judo bo‘lgan otalarning bir kechada sochlari oqarib, beli bukildi. «Otam qachon keladi?» deya savol berayotgan bolajonlarga kim nima deb javob beradi?
«Umr — oqar daryo» deydilar, vaqt o‘tib sal o‘ziga kelib olgan ona, ota, beva ayol, o‘g‘il, aka yoki uka oilam, bola-chaqam deb tirikchilik ilinjida yana xorijga mardikorchilikka otlanaveradi. Ular shunday qilishga majbur! Lekin ularning aybi nima? Janob hokimlar, katta-kichik amaldorlar, butun respublikadagi ahvolni yaxshilashga prezidentning bir o‘zining hech qachon qurbi yetmaydi! Prezident sizlarga ishonib mansab berib qo‘yibdi! Xalq sizga maosh to‘lab, bola-chaqangizni bekamu-ko‘st boqish imkonini berib qo‘yibdi! Agar salgina vijdoningiz bo‘lsa, o‘z vazifangizga mas’uliyat bilan yondashing. Ishonavering, joylarda prezidentimizning farmonu qarorlari, davlatimizning qonunlari, hukumatimizning dasturlari ijrosi hech bo‘lmasa 70 foiz ta’minlansa ham farzandlarimiz o‘zga yurtlarda darbadar bo‘lib yurmaydi! Onalar farzand dog‘ida kuymaydi! Qizlarimiz beva qolmaydi! Bolalarimiz yetim bo‘lmaydi!
Ko‘zingizni oching, amaldorlar, shuncha begunohlarning o‘limi mudragan ko‘zlaringizning ochilishi uchun yetmaydimi?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter