Yana pedofiliya. Bunday odamlar tuzaladimi?
Joriy yilning fevral oyida Toshkentda 12 yoshli qizaloq Muslima pedofil tomonidan o‘ldirilgani esingizdami? Fojeaga hech qancha bo‘lmasidan bunday shumxabarlar oqimi hamon davom etmoqda: «Qashqadaryo viloyatida voyaga yetmagan o‘g‘il jiyanini zo‘rlagan erkak 16 yilga qamaldi» – qariyb 50 yoshga yaqinlashib qolgan amaki 8 yoshli jiyaniga zo‘ravonlik qiladi. Yana bir xabar: «Qashqadaryoda asrab olgan qizining nomusiga tekkani aytilgan erkakka hukm o‘qildi.» Kuni kecha «Sukut saqlama» (Ne molchi) kanalida «Toshkent. Diqqat zo‘ravon qidirilmoqda» xabari turibdi-da. Bugun videoyozuvlardan aniqlandiki, bu erkakning yoshi 50 dan ham oshib ketgan, qizaloq esa sakkiz yosh... Pedofillarga qancha nafratimizni sochmaylik, qonuniy jazolarni kuchaytirmaylik ular qo‘ziqorindek ko‘payishda davom etmoqda. Shu kunlarda pedofillar haqida bolalar psixologi Muazzam Ibrohimovaning «Pedofillarnigina emas, pedofiliya sabablarini ham yo‘qotaylik» va amaliyotchi psixolog Madina Miytanning «Pedofilning boshida nima bor?» maqolalarini o‘qish asnosida vaziyat biz o‘ylagandan ham jiddiy ekanligini angladim va savollarga javob topishga harakat qildim.
Hamma pedofil pedofillik qiladimi?
Muazzam Ibrohimova: «Pedofiliya (yoki infantoseksualizm, paderoziya) jinsiy og‘ishlar bilan bog‘liq murakkab ruhiy kasallikdir. U kasalliklarning xalqaro tasnifiga kiritilgan bo‘lib, jinsiy moyillikning buzilishi bilan xarakterlanadi. Ming afsus, azaldan pedofiliya bo‘lgan. Eski nomi «bachchavozlik». Pedofillar deganda uchta toifadagi shaxslar tushuniladi:
Birinchisi – boshidanoq jinsiy sherik sifatida bolalarni afzal ko‘radiganlar.
Ikkinchi toifaga – dastlab kattalarga ko‘ngli moyil bo‘lgan, lekin kattalar bilan o‘zaro munosabatlardagi omadsizliklar natijasida diqqatini bolalarga qaratgan pedofillar kiradi.
Uchinchi toifa – bu nafaqat boshqa odamlarning bolalari, balki o‘z farzandlari, qarindoshlari bilan ham jinsiy aloqada bo‘lishdan tap tormaydigan manqurtlar kiradi.
Pedofiliya tashxisi psixiatrik tekshiruvlardan so‘ng, psixiatr shifokor tomonidan qo‘yiladi».
Madina Miytan: «Aslida bular o‘zlarini namoyon qilib qo‘yganlari, lekin ularning ko‘pchiligi hech qachon o‘z fantaziyalarini amalga oshirishga jur’at eta olmaydi. Yashirin bo‘lgan pedofillar bor. Psixologik surishtiruvlarga ko‘ra haqiqatan ham, ko‘plab pedofillar bolaligida o‘zlari boshqa odamlar tomonidan jinsiy harakatlar qurboni bo‘lishgan: odobsiz teginishlar, uzoq vaqt tushunarsiz jinsiy harakatlar, erotik «o‘yinlar» va zo‘rlanish.
Pedofillik xulq-atvori uchun sudlanganlar orasida taxminan 30 foizi bolaligidan shunday qurbonlik tajribasini olishga mahkum bo‘lganlar. Pedofillar orasida aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilganlari kamroq (15 foiz hollarda). Bunday odam o‘ziga yaqin hissiy yetuklik darajasiga ega bo‘lgan sherikni izlashga intiladi. Bunday sherik bilan u o‘zini qulay va ishonchli his qiladi. Va, bunda ko‘pincha qurbon bolalar bo‘ladi. Atrof-muhit, ta’lim va erta nomaqbul jinsiy taassurotlar ham pedofillik yo‘nalishini shakllantirishga ta’sir qiladi. Ta’lim sifati past davlatlarda shuning uchun ham bu ko‘rsatkich baland hisoblanadi. Va, albatta, doimiy bunaqa xabarlarning psixik nosog‘lom odamlarga ta’siri kuchliroq bo‘ladi. Shuning uchun xabarlar tarqalayotganda doimo e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Ba’zida, jabrdiydaga yordam beramiz deb OAV dan teskari effekt uchun ishlab qo‘yishimiz ham mumkin. Oramizda «ular» borligini unutmasligimiz kerak».
Yana kimlar pedofillik qilish mumkin?
Muazzam Ibrohimova: «Pala-partish jinsiy hayot kechiruvchi, giyohvand, psixotrop moddalar, spirtli ichimliklar ta’sirida es-hushini yo‘qotganlar ham o‘zi bilmagan xolda pedofilga aylanib qolishi mumkin.
Shuning uchun sergak ona bo‘kib ichib olgan, giyohvandlik tufayli sarxush yotgan eri, aka-uka, hatto otasining oldiga farzandlarini yo‘llamaydi va ularni aslo yolg‘iz qoldirmaydi!!!
Yana jinsiy tahqirlanganlar, zo‘rlangan sobiq mahkumlar ham pedofillikka moyil bo‘ladi.
Yana bir gap. Turmushi buzilgan ba’zi ayollar qayta turmush quradi va hali yaxshi sinalmagan, lekin o‘ta mehribon ko‘rinayotgan o‘gay otaga bolalarini ishonib qoldiradi.
Pedofil uchun esa bu ayni muddao. Shov-shuv bo‘lib, jamiyatni larzaga keltirgan ko‘p jinoyatlarda jinoyatchi, aynan o‘gay ota yoki ona bo‘lib chiqayotgani gapimning isbotidir.
Faqat o‘zbekligimizga borib yoki xalq g‘azabidan qo‘rqib, jinoyat ishi malakalanayotganda pedofiliya alomatlari har doim ham oshkor etilmaydi».
Madina Miytan: «Klassik ruhiy xastalardagi (shizofreniya, maniakal-depressiv psixoz) barcha holatlarni atigi 4 foizida bunday pedofil xatti-harakatlar kuzatilgan. Ya’ni, bu tashqaridan hammamiz uchun ko‘rinib turgan ruhiy kasallar «pedofil bo‘lishi mumkin» degan shubha, xavotir bilan gumonlanib hammasidan birday qo‘rqishimiz shart, degani emas. Juda kamdan-kam hollarda, qo‘zg‘atuvchi nevrologik kasallik (masalan, erta demensiya) yoki miya shikastlanishida pedofillik holatlar kuzatilishi mumkin. Qizig‘i shundaki, pedofillarning aksariyatini erkaklar tashkil qiladi. Ayollarda pedofiliya holatlari hali ham juda kam o‘rganilgan».
Bunday odamlarga yordam berish...
Muazzam Ibrohimova: «Pedofilizm dardiga yo‘liqqan kasallarga nafratlar, xitoblar mutlaqo ta’sir qilmaydi. Saratonga chalingan odamlarni she’r va ta’sirli maqola, roliklar bilan davolash mumkin bo‘lmaganday, pedofillarni ham davolab bo‘lmaydi, davolash hozircha aniq ishlab chiqilgan sxemaga ega emas. Aksariyat hollarda bunday og‘ishni tuzatish juda qiyin. Odatda, yaxshilanish faqat odamning o‘zi davolanishni juda xohlasa samara beradi. Aksariyat hollarda prognoz shubhali.
Pedofiliya har doim ham alohida kasallik bo‘lib uchramaydi. Ba’zi hollarda shizofreniya, psixopatiya, isteriya yoki buzuq tarbiyaning ko‘rinishlari bilan birga namoyon bo‘ladi. Odatda bu holatda psixiatrlar xarakter patologiyasi haqida gapirishadi, chunki aksariyat pedofillar o‘zlarining harakatlari g‘ayritabiiy, halokatli va bolaga tuzatib bo‘lmaydigan ma’naviy shikast yetkazishi mumkinligini yaxshi bilishadi.
Biroq u qamalgan bilan jamiyat pedofillardan tozalanib qolmaydi. U kastratsiya qilinsa ham. Xalqaro tibbiyot klassifikatsiyasiga ko‘ra kasallik hisoblanuvchi pedofiliya yo‘q bo‘lmaydi. Uni tag-tomiri bilan yo‘q qilish uchun esa hukumat ota-onalarni mardikorlik tamg‘asidan qutqarib, munosib ish berishi, bolalar begonalar qo‘lida emas, oila quchog‘ida katta bo‘lishi kerak!»
Madina Miytan: «Karolinsk instituti (Shvetsiya) shifokorlari yaqinda pedofillarga o‘zini qo‘zg‘atuvchi manbasini yengishiga yordam beradigan dori sinovini yakunlashni rejalashtirmoqda. Ushbu preparat erkaklik gormoni bo‘lgan testosteronni ishlab chiqarishni bostiradi. Hozirda bu prostata saratonini davolashda qo‘llanilmoqda, ammo tadqiqotchilar sinov yakunlangach uni pedofillarda qo‘llash uchun yangi yo‘llarni ochishiga umid qilishmoqda.
Gormon terapiyasi bugungi kunda pedofiliya uchun eng istiqbolli davolash hisoblanadi deyishmoqda tadqiqotlarchilar. Garchi uning o‘ziga xos narxi (qimmat) bo‘lsada: u testosteron ishlab chiqaruvchi «kranni» o‘chiradi, shunda odam umuman jinsiyn istakni yo‘qotadi deyishmoqda.»
Pedofillikka mayli bor «farishtalar» qachon oshkor bo‘ladi?
Muazzam Ibrohimova: «Pedofiliyaning belgilaridan biri: erkakning bolalar bilan g‘ayritabiiy muloqot qilish istagi ortishida namoyon bo‘ladi.
U bolalar bilan birga yolg‘iz sayrga chiqishni, cho‘milishga borishi, suzishni o‘rgatishni taklif qilishi mumkin.
Balki maqolamdan so‘ng millatimizga uncha yopishmagan bir illatni bo‘rttirib yuborganimni ta’na qilishar, lekin so‘nggi voqealar ogohlikka dav’at etadi.
Ularni quyidagi omillar junbushga keltiradi: ichkilik, psixotrop moddalar, bosh miya jarohati, yuqumli kasalliklar mudrab yotgan «shayton»ni uyg‘otib yuborishi mumkin. Tengiga nisbatan jinsiy qobiliyatsizlik ham xuddi shunday ta’sir ko‘rsatadi.
Yana bir toifa pedofillar – bolaligida jinsiy tajovuz qurboni bo‘lgan erkaklardir».
Madina Miytan: «Hozirgi vaqtdagi yana bir faol ilgari surilayotgan farazlardan biri, pedofiliya orbitofrontal korteks va boshqa zonalardagi buzilishlar bilan bog‘liq bo‘lib, ular miyaga kiruvchi jinsiy impulslarni o‘z ichiga olar ekan. Orbitofrontal korteks bizning instinktiv istaklarimizni ushlaydigan tarmoq vazifasini bajaradi. Masalan, mashinamizni olib ketayotgan evakuator haydovchisini kaltaklash, davolovchi shifokorni do‘pposlash yoki xohlagan biror begona odamni o‘pish bilan «urish» va h.o.
Ko‘pincha, pedofillar o‘zlarining xohish-istaklarini tiya olmaganlarida va zo‘ravonlikni amalga oshirgandagina o‘zlarining kimligini bildirib qo‘yishadi. Ya’ni, to‘g‘rirog‘i shundagina biz uning yomon odamligini bilib qolamiz, ungacha esa bilmaymiz va shubhalanmaymiz ham.
Orbitofrontal korteksdagi miya shishi esa ilgari hech qachon bunday xatti- harakatlarni sodir etmagan kattalarda ham pedofillik xatti-harakatlarini amalga oshirishga sababchi bo‘lishi mumkin ekan.
Xuddi ana shu muammo ko‘pincha bir marta sudlangan pedofillarni jinoyatlarni yana takrorlashga undar ekan. Aynan shu toifa ayniqsa xavfli hisoblanishini jazolovchi organlar hisobga olishlari kerak nazarimda. Deylik, birinchi safar yengilroq xatti- harakati uchun jazolangan va tezda ozodlikka chiqqanlar yanayam xavfli guruh vakillari bo‘lishi mumkinligini unutmasligimiz kerak.
Shu sababli ham, pedofil zo‘rlovchini qayta tarbiyalash uchun qamoqning o‘zi yetarli jazo hisoblanmaydi. Ya’ni, buning o‘zi to‘la yechim emas. Tegishli tarzda davolanish ham talab qilinadi. Hech bo‘lmaganda, bu pedofil odamni o‘z miyasining qorong‘u joylaridagi fikrlaridan himoya qilish mumkin. Bu yangi qurbon izlamasligini uchun ham kerak, hech bo‘lmaganda jamiyatni xavfsizligi uchun yanada muhim».
Barno Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter