Xorijga chiqish pasportini olish soddalashtirildi, bir nechta bandlar olib tashlandi
Adliya vazirligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda 16 yoshdan kattalar va 16 yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar uchun xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun yangi anketa shakllari ishlab chiqildi va 2019-yilning 22-may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Amaldagi ariza-anketaning shakli 16 ta bandni o‘z ichiga olgan 4 varaqdan iborat bo‘lib, unda ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarning aksariyati tegishli idoralarning ma’lumotlar bazalari orqali idoralararo ma’lumot almashish yo‘li bilan aniqlanishi mumkin.
Yangi anketa shakli 1 varaqda va unda ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan ma’lumotlar 11 ta banddan (16 yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar uchun 9 ta banddan) iborat bo‘lib, tegishli kataklarni to‘ldirish orqali shakllantiriladigan tarzda tayyorlandi.
Oldingi ariza-anketa shaklidan quyidagilar chiqarib tashlandi:
1) arizachining yaqin qarindoshlari, jumladan, ota-onasi, bolalari, agar o‘zaro nikohda bolalari bo‘lgan bo‘lsa, sobiq turmush o‘rtog‘i haqidagi ma’lumotlar;
2) arizachiga sud tomonidan qo‘yilgan, ijro etilmagan majburiyatlari mavjudligi, sudda fuqarolik da’vosi ko‘zg‘atilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
3) arizachining xorijga chiqishdan maqsadi (qaysi davlatga va maqsadi), unga nisbatan jinoyat ish qo‘zgatilganligi haqidagi ma’lumotlar;
4) ariza-anketa shaklining korxona, muassasa, tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan imzolanishi va muhr bilan tasdiqlanishi haqidagi talab;
5) arizachi so‘ngi 2 yil mobaynida qachon va qaysi xorijiy davlatlarda bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlar;
6) arizachi xorijiy davlatlarning qonunlariga rioya qilmagani uchun shu davlatning xuquqni muhofaza qilish xizmatlari tomonidan ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
7) arizachining so‘nggi 5 yildagi mehnat faoliyati haqida mehnat daftarchasidan ko‘chirma talab qilish.
Mazkur anketa, ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari (ma’lumotlarni yig‘ish punkti)ning mas’ul xodimi tomonidan shakllantirilib, anketa bergan shaxsga tanishtiriladi hamda u tomonidan imzolanadi.
Ma’lumotlarni yig‘ish punktining mas’ul xodimi tomonidan anketada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter