Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazm XTBga savol: raddiyami yo berkinmachoq?

Xorazm XTBga savol: raddiyami yo berkinmachoq?

Foto: «pohorony.com.ua»

Ko‘p emas, ikki kun avval saytimizda «Qadr va kadr. Yoki vazirlik «parol»ni tushunmabdimi?» sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Bir kunda shu maqolaga munosabat bildirilsami?! Bunday tezkor munosabat olqishga loyiq — agar mavjud tartib-taomilga rioya qilinganda! Munosabat bildirishda tartibga rioya qilinmaslik esa yosh bolalarning berkinmachoq o‘yinini eslatadi, xolos.

Holatni ochiqlasak: «Qadr va kadr. Yoki vazirlik «parol»ni tushunmabdimi?» maqolasida Xorazmning Yangiariq tumani xalq ta’limi bo‘limida kadrlarni joy-joyiga qo‘yish masalasi qalamga olinib, bu jarayonda tasavvurga sig‘mas «o‘yinlar» aniq misol bilan yoritilgandi. Ya’nikim, tizimdagi islohotlar bahonasida o‘n yildan ko‘p tajribaga ega pedogog-psixolog Gulruh Ibragimova XTB metodist-defektolog lavozimidan bo‘shatilib (to‘g‘rirog‘i, qisqartirilib), o‘rniga asli mutaxassisligi kimyo-texnologiya muhandisi bo‘lgan va 4 oylik o‘quv kursida (?!) o‘qib, psixolog sertifikatini olgan shaxs tayinlangani qayd etilgandi. Vaholanki, Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, (vazirlikning 2019-yilning 1-noyabrdagi 06-06/1-3117 sonli xatini eslang!) ushbu lavozimga 5 yildan kam bo‘lmagan ish stajiga ega sof pedogog psixolog tayinlanishi maqsadga muvofiq edi!

Ta’lim tizimi bugun jamiyatning eng org‘iqli nuqtasi ekani ma’lum. Malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj tizimida har qachongidan ziyodaki, shunga qaramay Xorazmda tajribali mutaxassis «qisqartirilib», o‘rniga nomutaxassis (o‘quv kursi sertifikatining quvvati diplomga bilan barobar emas-da!) tayinlanishi sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelavermaydi. Bundan nainki muayyan shaxslar, balki butun tizimga zarar yetishini anglash uchun katta aql shart emas. Qolaversa, ayni jarayonda mutaxassis (G.Ibragimova)ning mehnatga oid huquqi ham buzilganini ta’kidlash ham ortiqchalik qilmaydi. Qonunga (Mehnat kodeksi) ko‘ra, qaramog‘ida ikki  va undan ortiq nafar kishi bo‘lgan va oilasida undan ortiq ish haqi oluvchi shaxslar bo‘lmagan xodimga afzallik berilishi aniq-tiniq ko‘rsatib qo‘yilgan. G.Ibragimovaning qaramog‘ida to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi bor...

Qisqasi, mazkur maqolaga Xorazam  viloyat xalq ta’limi bo‘limi «raddiya» beribdi deng.  Qizig‘iki, e’tiroz bizga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgani yo‘q. Sarlavhasigina «raddiya» bo‘lgan matn Xorzam viloyat xalq ta’limi boshqarmasining «Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z kanalida e’lon qilinibdi.

«Raddiya»da maqolada ko‘ndalang qo‘yilgan birorta savolga javob yo‘q, jaydari tilda aytsak, «arava quruq olib qochilgan», xolos.

Bu nima, «Xabar.uz»dan musht yegan joyiga o‘z axborot resursi orqali «sho‘rpaxta» qo‘yishmi? Yoki vaziyatdan chiqishi uchun o‘ynalayotgan «berkinmachoq»mi bu? Yo‘qsa, nega «raddiya» to‘g‘ridan to‘g‘ri «Xabar.uz»ga taqdim etilmay, boshqarmaning «Telegram»dagi kanalida e’lon qilindi? Tartibga ko‘ra, e’tirozlar  maqola chiqqan OAVga taqdim etilishi, agar (OAV) «raddiya»ni chop etishdan bosh tortsa, sudga murojaat qilinmaydimi?

«Raddiya»da yoziladi: «... so‘nggi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim sohasida ham bir qator islohotlar o‘tkazilib, ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda». Qo‘shilamiz. Faqat og‘riqlisi shundaki,  tizimda kadr tanlashda uning salohiyatiga emas, boshqa omillariga e’tibor qaratilaverar  ekan, islohotlarga tushov tushaveradi...

Vassalom.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring