Xivada Xalqaro baxshichilik festivali boshlandi (foto)

Xiva shahrida 26-28-aprel kunlari IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida «ll Turkiy dunyo madaniyati forumi» hamda «Yangi O‘zbekistonda baxshichilik san’ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Festivalda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan 200 ga yaqin vakil ishtirok etmoqda.
Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlarning nufuzli ilm maskanlaridan tashrif buyurgan taniqli folklorshunos olimlar baxshichilik san’ati tarixi va jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida ma’ruza qildilar.
«Xalq ijodining nodir durdonasi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning yuksak namunasi hisoblangan baxshichilik san’atining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur o‘rganish bugungi kun uchun juda zarur.
Bunday xalqaro tadbirlar esa baxshilar tomonidan ijro etilayotgan ijod namunalarning hududiy, lokal xususiyatlarini inobatga olgan holda keng tadqiq etilishiga, baxshichilik san’atining tarixiy ildizlari, taraqqiyot bosqichlari va badiiy xususiyatlari tadqiqiga bag‘ishlangan ilmiy ishlanmalar, monografiyalar yaratilishiga sabab bo‘ladi», — dedi o‘z kirish so‘zida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.
Anjuman doirasida tashkiliy qo‘mita tomonidan yaratilgan «Baxshi aytimlari» to‘plami taqdim etildi. Taqdimot xalqaro ilmiy anjumanning ijodiy cho‘qqisi va ilmiy yangiligi bo‘ldi.
«Baxshi aytimlari» to‘plami 100 adadda chiqarilgan, har bir xalq dostoni va terminlar qaysi vaqtda ijro etilishi, uning inson ruhiyatiga ijobiy ta’siri to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rin olgan «Qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma» ham anjuman ishtirokchilariga tarqatildi.
Anjumanda mamlakatimizning oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat yuritayotgan folklorshunos olimlar, baxshichilik va xalq og‘zaki ijodi masalalariga qiziquvchi tadqiqotchilar ham sohaga aloqador ilmiy-nazariy maqolalari bilan ishtirok etishdi. Tadbir yakunida har bir ishtirokchi madaniyat vazirining xalqaro sertifikati va konferensiya tashkiliy qo‘mitasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter