Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xivada yangi imkoniyatlar eshigi ochildi

Xivada yangi imkoniyatlar eshigi ochildi

2025 yil 14 may kuni Mikrokreditbank tashabbusi bilan «Arda Xiva» turistik majmuasida «Ayollar daftari»ning 6-bosqichi doirasida ilhomlantiruvchi uchrashuv tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi — ishsiz xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash va amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.

Bank axborot xizmati xabar berishicha, tadbirda Mikrokreditbank Boshqaruv raisi o‘rinbosari Shaxlo Ibragimova, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Xorazm viloyati kengashi raisi Gulsara Qurbanbayeva, viloyatning turli tuman va shaharlaridan kelgan 100 nafar «Ayollar daftari» ro‘yxatidagi xotin-qizlar, 10 nafar faol tadbirkor ayollar, mahalliy hokimiyat va bank vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv rasmiy emas, balki samimiy va ruhlantiruvchi muhitda o‘tdi. Shaxlo Ibragimova o‘z nutqida xotin-qizlarning tadbirkorlikdagi ishtiroki nafaqat oila farovonligi, balki jamiyat barqarorligi uchun ham katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, bank tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar haqida so‘z yuritdi hamda ishtirokchilarni ulardan faol foydalanishga chorladi.

Tadbir davomida tadbirkor ayollar o‘z hayot yo‘llari, yutuqlari va yuzaga kelgan muammolar haqida samimiy tarzda o‘rtoqlashishdi. Ushbu tajribalar ko‘plab ishtirokchilar uchun ilhom manbai bo‘ldi.

Tadbirning amaliy qismida «Ayollar daftari»ning ikkinchi toifasidagi xotin kizlar uchun Mikrokreditbankning imtiyozli kredit dasturlari, moliyaviy savodxonlik asoslari va tadbirkorlikni boshlash qadamlari haqida qisqa va aniq ma’lumotlar taqdim etildi.

Tadbirning e’tiborga molik jihati shunda bo‘ldiki, bank moliyaviy ko‘magida o‘z faoliyatini boshlagan tadbirkor ayollar «Ayollar daftari» ro‘yxatida turgan ayollarni ishga taklif etishdi. Uchrashuv chog‘idayoq 15 nafar ishtirokchi ayol bilan ishga qabul qilish bo‘yicha mehnat shartnomalari imzolandi. Urganchdan Nasiba Allaberganova («Jaxon Ali Servic» MChJ), Yangiariqdan Tamara Jumaniyozova va Xiva tumanidan Farida Nurjanova kabi tadbirkorlar shu kunning o‘zida yangi xodimlarni ishga qabul qilganini mamnuniyat bilan ma’lum qilishdi.

Bu tadbir ilhom manbaiga aylanish bilan birga, aniq ijobiy natijalarga erishilayotgan amaliyot ekanini ko‘rsatdi.

Mikrokreditbank tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Prezident tashabbusi bilan bank tizimida ayollar uchun yangi moliyaviy xizmatlar joriy etilmoqda. 2025 yil 1 may holatiga ko‘ra, 912 milliard so‘mlik kreditlar orqali yurtimizda 41 525 nafar ayol tadbirkorlikka jalb qilingan bo‘lib, shundan 8 ming nafaridan ziyodi Xorazm viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu uchrashuv yana bir bor shunga yaqqol misol bo‘ldiki — xotin-qizlar mehnatga, taraqqiyotga va o‘z hayotini o‘zgartirishga tayyor. Ularga faqat ishonch va ozgina ko‘mak kerak. Mikrokreditbank esa ushbu yordamni tizimli ravishda ko‘rsatish, tadbirkorlik orqali barqaror jamiyat qurishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor.

Chunki xotin-qizlarning tadbirkorlikdagi ishtiroki — nafaqat ularning, balki jamiyatimiz va kelajak avlodning ravnaqi uchun ham muhimdir. Birgalikda harakat qilsak, har bir orzu ro‘yobga chiqishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring