Xitoy manzilga samolyotdan ham tezroq yetib boradigan poyezdni sinovdan o‘tkazmoqda
Xitoy soatiga 600 km tezlik bilan harakatlana oladigan poyezdni magnitli yostiqda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Yangi poyezd prototipi o‘tgan yil may oyida Sindaoda yig‘ilgandi, hozir uni Shanxayda sinovdan o‘tkazishmoqda.
Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, yangi tarkib 1500 km.gacha masofaga sayr qilish uchun eng tezkor transport vositasiga aylanadi. Pekin bilan Shanxay o‘rtasidagi yo‘l xuddi shuncha masofani tashkil etadi. Yangi poyezd ikki shahar o‘rtasidagi yo‘lovchilarni 3,5 soatda ko‘zlagan manziliga yetkazib qo‘yishi mumkin. Taqqoslash uchun: Pekindan Shanxayga samolyotda sayohat qilish uchun aeroportdagi rasmiylashtirish jarayonlari bilan qo‘shib hisoblaganda 4,5 soat vaqt kerak bo‘ladi. Tezyurar poyezdda esa 5,5 soatda yetib borsa bo‘ladi.
Xitoy matbuotining yozishicha, temiryo‘l transporti tezligini oshirish uchun navbatdagi qadam vakuumli poyezd bo‘ladi: bunda transport magnitli levitatsiya sharofati bilan havosi chiqarib olingan quvur bo‘ylab harakatlanadi. Bunday tarkib soatiga 1500 km (soniyasiga 416 m) bilan harakatlana olishi mumkin.
Tovushdan tez harakatlanadigan poyezdni 2021-yil aprel oyida Chendu (Sichuan) shahrida Janubi-g‘arbiy transport universiteti bazasida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda, deya ma’lum qildi loyiha rahbarlaridan biri, professor Chjan Veyxua.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan vakuumli poyezdlar temiryo‘l kelajagi sanaladi. Hozir Xitoydagi tezyurar poyezd soatiga 400 km tezlik bilan harakatlanishi mumkin. Biroq temiryo‘l transporti uchun eng yuqori tezlik hisoblanmish 600 km/soatdan maglev va vakuumli poyezd texnologiyalari yordamida o‘zib ketish rejalashtirilmoqda, deb izohlaydi mutaxassis.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter