Xitoy «Huawei»ning alamini qaysi kompaniyadan olmoqchi?
Voqealar rivoji «Huawei» kompaniyasiga qo‘llanilayotgan sanksiyalar alamini Xitoy «FedEx» logistika kompaniyasidan olishi mumkinligidan dalolat bermoqda. Amerika kompaniyasi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi mumkinligi haqida TASS XXR tijorat vazirligi rasmiy vakili Gao Fenga asoslanib xabar berdi.
Gap shundaki, «FedEx» Yaponiyadan «Huawei» uskunalari joylangan ikkita jo‘natmani kompaniyaning Xitoydagi ikkita ofisiga (Guanchjou va Shanxayga) yuborish o‘rniga, ularni AQShga jo‘natib yuborgandi. Amerikaliklar bu ishdagi xatolik, «tashqi kuchlar»ga hech qanday aloqasi yo‘q, deb kechirim so‘rashgandi. Shunga qaramasdan, Pekin 14-iyundan jo‘natma yuborilishidagi xatolik yuzasidan surishtiruvni boshlagab yuborgan.
Iyul oyida XXR Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xua Chunin «FedEx ishi»da noqonuniylik aniqlanganini ma’lum qildi. Amerika kompaniyasi javob berishi, biroq jazo qanchalik og‘ir bo‘lishi tegishli organlar o‘tkazayotgan kelgusi surishtiruvlar natijasiga bog‘liqligi aytildi.
AQSh dunyo bo‘ylab «Huawei»ning yuzlab sho‘balarini «qora ro‘yxat»ga tirkab qo‘ygan. Oxirgi sanksiyada garchi asosiy kompaniyaning AQShda ishlash litsenziyasi yana 90 kunga cho‘zilgan bo‘lsa ham, 49 ta sho‘basi mash’um ro‘yxatdan qochib qutula olmadi.
Fen Vashington ma’muriy resurslardan voz kechib, xatolarini to‘g‘rilashiga, Xitoy kompaniyalariga halol va adolatli munosabatda bo‘lishiga umid bildirdi. U Xitoy kompaniyalariga qarshi qo‘llanadigan cheklovlar ular bilan yaqin hamkorlik qiluvchi Amerika kompaniyalari uchun ham og‘riqli bo‘lishiga e’tiborni qaratdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter