Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryodagi 14-asrga oid «Langar ota» masjidi $250 ming evaziga qayta tiklandi

Qashqadaryodagi 14-asrga oid «Langar ota» masjidi $250 ming evaziga qayta tiklandi

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida joylashgan 14-asrga oid «Langar ota» masjidi AQSh Elchilari Madaniy meros muhofazasi jamg‘armasi (AFCP) tomonidan ajratilgan 250 ming AQSh dollarga teng ta’mirlash loyihasi natijasida qayta tiklandi va foydalanishga topshirildi.

«Madaniy meros ob’yektlarini qayta tiklash va asrab-avaylash borasida AQSh hukumati va Elchi janoblari bilan hamkorlikda qator xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqdamiz. Bundan tashqari bir necha yillardan beri usta restavratorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha hamkorlikda qator amaliy mahorat darslari ham tashkil etildi. Ikkala mamlakat o‘rtasidagi madaniy merosni himoya qilish yo‘nalishidagi hamkorlik munosabatlarini kelgusida ham yanada mustahkamlagan holda rivojlantirib boramiz», – deya ta’kidladi Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdukarimov ochilish marosimidagi nutqida.

2023 yilning kuz oylarida boshlangan restavratsiya loyihasi majmuaning takrorlanmas koshinlarini asliday yangilash va masjidning nurab qolgan tom qismini o‘zgartirish ishlarini o‘z ichiga oldi. Shuningdek, amerikalik diplomat o‘z bayonotida O‘zbekistonning ajoyib va betakror madaniy merosini asrab-avaylashga o‘z hissasini qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lganidan mamnun ekanligini qayd etdi. Tadbir ishtirokchilari qayta tiklangan masjidni ko‘zdan kechirishdi va «Shahrisabz» davlat muzey-qo‘riqxonasiga tashrif buyurib, bir qancha madaniy meros obektlarini tomosha qilishdi.

Ma’lumot uchun, AQSh Elchilari madaniy meros muhofazasi jamg‘armasi 2001 yilda AQSh Kongressi tomonidan ta’sis etilgan. AQSh Davlat departamenti tomonidan boshqariladigan AFCP jamg‘armasi butun dunyo bo‘ylab tarixiy obektlar, qo‘lyozmalar va madaniy an’analarni saqlashni qo‘llab-quvvatlab keladi. O‘zbekistonda AQSh hukumati hozirgacha umumiy qiymati 2,5 million AQSh dollarga teng bo‘lgan 15 ta loyihani moliyalashtirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring