Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xavfsiz shahar» tizimi: uning samarasi bizning hayotimizga ham kirib kelmoqda

«Xavfsiz shahar» tizimi: uning samarasi bizning hayotimizga ham kirib kelmoqda

Foto: «Security»

O‘tayotgan har bir kunimiz yangilik, o‘zgarishlarga boy. Buni birgina texnologiyaning rivojlanib, har sohada yuksalib borayotganidan ham ko‘rsak bo‘ladi. Masalan, avvallari katta ko‘chaga chiqib, yo‘lning u betidan bu betiga o‘tish uchun noqulaylik yuzaga kelardi. Axir svetoforning qizil chirog‘i yonganiga qaramay, avtoulovlar harakatini to‘xtatmasdi, to‘xtatganlari esa chorrahaning o‘rtasida yoki piyodalar yo‘lakchasiga borib to‘xtardi. Bu, albatta, yo‘lovchiga nisbatan noqulaylik va o‘z o‘rnida xavf ham tug‘dirardi.

Katta chorrahalarga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgach, ko‘p masalalar hal bo‘ldi: avtomashinalar chizilgan chiziqdan o‘tmasdan to‘xtaydi, yo‘lovchi esa belgilangan joydan xotirjam o‘ta oladi. Agar chorrahada tirbandlik hosil bo‘lsa, tizim orqali darhol yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimiga xabar beriladi. Demak, yo‘l va harakat xavfsizligi doimo nazoratda.

Endi bir tasavvur qilib ko‘ring: bu kabi texnologiyalarni (videokuzatuv kameralarini) har jabhada qo‘llasak aholiga qancha qulayliklar yaratilgan bo‘lardi! Qanday qilib deysizmi?

Misol uchun, siz istiqomat qiladigan ko‘p qavatli uy yon-atrofiga kimdir chiqindi tashlab ketadi yoki uyingiz yonida turgan avtomashinangizni birov (o‘g‘ri) to‘namoqchi, kimningdir uyi atrofida olov alangasi ko‘rindi... Bularning barchasi kuzatuv kamerasi nazoratida bo‘ladi va albatta, mutasaddi (operatorlar) bu haqda tegishli joylarga tezkor xabar beradi.

Hattoki uyingiz yonidan biron notanish (shubhali) kimsa o‘tib qolsa ham, nazoratda bo‘ladi. Bu kabi misollarni o‘nlab, yuzlab keltirish mumkin. Endilikda «Xavfsiz shahar» tizimining Toshkent shahrida yagona apparat dasturiy kompleksi ish boshlagan va u yuqorida misol qilib keltirilgan, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqea-hodisalarning oldini olish uchun mo‘ljallangan. Tizim aholi tinchligi va osoyishtaligi uchun xizmat qiladi. «Xavfsiz shahar» loyihasi ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda sinovdan o‘tgan bo‘lib, o‘z samarasini bermoqda. Endi uning samarasi bizning hayotimizga ham kirib kelayotir.

Anvar Turapov, Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazining internet-madaniyat bo‘limi bosh mutaxassisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring