Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xavfsiz shahar» loyihasi: hammasi rejadagidek

«Xavfsiz shahar» loyihasi: hammasi rejadagidek

Foto: «Mitc.uz»

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori (2017-yil 29-avgust, PQ-3245-son)ga muvofiq, 2019—2023-yillarda «Xavfsiz shahar» loyihasini bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida joriy etish belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining «Xavfsiz shahar» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar va yagona texnologik yondashuvni tashkil qilish to‘g‘risida»gi qarori (2018-yil 7-may, 343-son)ga muvofiq «Xavfsiz shahar» loyihasining texnik hujjatlari (Konsepsiya, Bosh texnik topshiriq, Texnik iqtisodiy hisob) Xalqaro konsalting kompaniyasi («PWC») ekspertlar guruhi bilan birgalikda tegishli idoralar va vazirliklar ishtirokida ishlab chiqildi.

Birinchi bosqichda 2019-2020-yillarda Toshkent shahrida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda «Xavfsiz shahar» loyihasining yagona texnologik platformasini yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu asosda Toshkent shahridagi barcha qisqa raqamli tezkor navbatchilik — 101, 102, 103, 104, 1050, 1055 xizmatlari Yagona vaziyatlar markaziga jamlanadi hamda umumiy 112-navbatchilik xizmati doirasida faoliyati tashkil etiladi. Buning natijasida, favqulodda vaziyatlar xizmatlarining faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmi joriy etiladi. Toshkent shahrida «112» Yagona dispetcherlik xizmatini joriy etish bo‘yicha Texnik topshiriq ishlab chiqildi.

Hozirgi kunda Toshkent viloyatida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi bo‘yicha 11,328 mln. yevrolik shartnoma imzolanib, 2020-yil 1-iyul holatiga 4,1 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Mazkur loyiha doirasida Toshkent viloyati hamda Farg‘ona vodiysida 19 ta «Nexia-3» rusumli avtotransportga mobil kompleks uskunalari o‘rnatilib, ishga tushirilgan.

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida «Xavfsiz shahar» sayyor loyihasi doirasida jami 142 ta ijtimoiy soha ob’yekti va aholi gavjum joylarda jami 898 dona intellektual videokuzatuv tizimi qurilmasi o‘rnatilib, ishga tushirildi.

Toshkent shahrida «Xavfsiz shahar» tizimini joriy etish loyihasi bo‘yicha bir nechta kompaniyalarning yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari buzilishini foto-video qayd etish bo‘yicha bergan takliflari va texnik yechimlaridan hamkor kompaniyani tanlab olish ishlari amalga oshirilmoqda.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani «Chorvoq» erkin turistik zonasida «Xavfsiz turizm» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 146 ta ijtimoiy ob’yektga 500 dan ortiq videokuzatuv kamerasi, radar va noqonuniy avtoturargohni aniqlash uskunasi hamda asosiy chorrahalarda foto-video qayd etish qurilmalarini o‘rnatish yuzasidan loyiha amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida «Chorvoq» erkin turistik zonasida optik tolali aloqa liniyalarini qurish, videokuzatuv tizimi qurilmalarini montaj qilish, yo‘l harakti xavfsizligini foto-video qayd etish tizimi qurilmalarini yetkazib berish va o‘rnatish ishlari bajarilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring