Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xasta shoirning nochor qismati

Xasta shoirning nochor qismati

«Muqimiy» filmidan.

1907-yilda «Turkiston viloyatining gazeti» muharriri N.Ostroumov Toshkentda «Devoni Muqimiy» to‘plamni nashr ettirgach, keng jamoatchilik hajvchi shoirning she’rlari bilan tanisha boshladi. Ammo afsuski, bu paytda shoir muhtojlikda hayot kechirib, kasallikdan vafot etib ketgan edi.

 1903-yil may. Qo‘qonlik 53 yoshli Muhammad Aminning har yili qaytalab turadigan «yaraqon» (jigar xastaligi) va quloq og‘rig‘i kasalligi ancha kuchaygach, umri oilaviy nizolar, kambag‘allik, kimlar bilandir kelishmovchiliklarda o‘tgani natijasida to‘shakka yotib qolgan edi. Biroq betobligiga qaramay, ruhiyati tetikligi bois shoir o‘tgan kunlarini sarhisob qilib, o‘zidan ham ko‘ra moskvalik jiyani Ro‘zimuhammad haqida o‘ylar, yozgan maktublariga javob kelishini intizorlik bilan kutardi. Muhammad Amin shu tariqa xastalanib yotganicha 25 may, dushanba kuni Qo‘qonning Begvachcha mahallasidagi hujrasida vafot etadi.

Asli toshkentlik bo‘lib, 1836-yilda Qo‘qonga ko‘chib borganicha novvoylik qilib qolib ketgan Mirzaxo‘ja Oyshabibi ismli qizga uylanadi. Kelinning otasi Saidolim Nodirshoh o‘g‘li asli xo‘jandlik bo‘lib, Qo‘qonga kelib, turg‘un bo‘lib qolgan edi.

Vaqt o‘tib, yangi oilada yolg‘iz o‘g‘il va to‘rt qiz – Tojiniso, Ulubibi, Saydiniso, Mehriniso voyaga yetadi. Oiladagi va mahalladagilar Mirzaxo‘janing o‘g‘lini Madaminxo‘ja deb chaqirishar, onasining bolalikda ilmga havas ruhida tarbiyalangani bois she’rlar ham yoza boshlagan shoir esa Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy deya yozganlariga imzo qo‘yardi.

Madaminxo‘janing onasi Bibioysha adabiyot va san’atga oshno ayol bo‘lib, mahalladagilar uni Xumorbibi deyishardi. O‘g‘li volidasining ta’sirida ilmga, ijodga havas bilan voyaga yetdi.

Mirzaxo‘ja novvoyligi ortidan 7 jondan iborat oilani qiynalib boqdi. Shunga qaramay, ilm va ijodga havas ruhi uyg‘ongan bolam o‘ksinmasin, deb bor to‘plagan mablag‘iga Madaminni avval mahalladagi Abduxalil domlaning maktabida, keyin esa Qo‘qondagi «Hokim oyim» va Buxorodagi «Mehtar anbar» madrasalarida o‘qittirdi. Muqimiy tahsil davomida arab va fors tillarini o‘rgandi.

Madrasalar tahsilini tugatgach, Qo‘qonga qaytgan Muqimiy bir oz muddat yer qurilishi mahkamasida mirzalik, daryo qirg‘og‘idagi Oqjarda kemachilarga pattachilik qilib yurdi. Ammo ba’zi noinsof tanobchilar, kemachilar bilan kelishaolmay, har ikkala ishni tashlab, uyiga qaytib ketdi. Tabiatan adolatgo‘y bo‘lgan Muqimiy parom va tanobchilar mavzusini o‘z she’rlarida aks ettirib o‘tgan:

Kelganim ushbu makonga qiladur manga alam,

Loyiqi tab’ yo‘q odamki, desam hasratu g‘am,

Gaplashurg‘a kishi yo‘q ertadin oqshomg‘acha ham,

Kun sovuq, qora chiroq, go‘rdek uyu, o‘tin kam.

Chiqsam eshikka qilur to‘rg‘ayi chuldir-chuldir.

Shoir tanobchilarning qing‘irliklarini hajv qilar ekan, she’r oxirida shunday xulosa chiqaradi:

Tag‘i bular yaxshiyu bizlar yamon,

El tamizidin hazar et, al’amon.

U hayotda shu kabi qing‘irliklarni ko‘rib yurgan vaqtda onasi kasallikdan vafot etadi va otasi Ziyodabibi degan beva ayolga uylanadi. Uning Sanambibi ismli qizi ham bor edi. Otasi ishi yurishmay uyga qaytib kelgan Madaminni 1878- yilda ana shu o‘gay qiziga uylantirib qo‘ydi.

Garchi oradan bir yil o‘tib, o‘g‘li Akbar tug‘ilgan bo‘lsa-da, Madamin Sanambibining otasi va singillariga, qolaversa, ba’zida o‘ziga ham bo‘lgan hurmatsizligi sababli u bilan kelisha olmadi. 1881- yili ajrashishga majbur bo‘ldi. Shoir shu tariqa uy-joyini otasi, o‘gay onasi va singillariga tashlab, o‘g‘lini olganicha madrasa hujrasiga bosh olib ketdi.

1886-yilda otasi ham vafot etadi.

Muqimiy madrasa mudarrisi sifatida hujrada yashar ekan, madrasa peshvosi Sohibzoda Hazratning yordamini aytmasa, qiyin hayot kechirgan. Uning hujradagi bor-yo‘q bisoti oddiy bir namat, bir sholcha, o‘g‘li Akbar uchun bir sidra ko‘rpa-yostiq, ko‘za, qumg‘on, dekcha va choynak-piyoladan iborat edi. Biroq shunga qaramay, shoir sermahsul ijod qildi. Uning yozganlarida qiynalib yashaganidan nolish, zamona taraqqiyotidan orqada qolganidan kuyinish kabi jihatlar yaqqol aks etib turardi:

Ketardim bosh olib, gar bo‘lsa erdi, ro‘zg‘orim yo‘q,

Netay bezodu to‘sha, yo‘lga yurmakka madorim yo‘q,

Turarga qolmadi toqat, ko‘ngulda ixtiyorim yo‘q,

O‘zingdan o‘zga, yo rab, rahbari laylu nahorim yo‘q,

Hidoyat aylagaymu deb Muiming intizor o‘lmish..

Yoki boshqa bir she’rida shunday satrlar bor:

Hayfkim, ahli tamiz ushbu mahalda xor ekan,

Oldilar har yerda bulbul oshyonin zog‘lar.

Boshqa bir ash’orida esa:

Ranj-mehnat sog‘arin kimdurki davron yutdurur,

Toleim ham nechakim ortuqcha pinhon yutdurur,

Charx selisiz Muqimiyg‘a qachon non yutdurur,

Almaiyg‘a baski baxti dam-badam qon yutdurur,

Margdur shirin qotida zahridin achchiq hayot...

deya dardlarini qog‘ozga to‘kadi shoir.

Ha, davr qiyinchiliklari nafaqat Muqimiyga, balki Almaiy, Mahmudxo‘ja, G‘aribiy, Kamiy kabi ijodkor do‘stlariga ham katta ta’sir o‘tkazgan edi.

Muqimiy chiroyli husnixat egasi bo‘lganidan xattotlik qilib pul topar, oladigan oz-moz chaqaga o‘g‘li ikkalasi uchun kundalik yemish xarajat qilardi. Yaraqon, sariq kasalligiga, quloq og‘rigiga chalinganidan so‘ng tabiblar unga havo almashtirishni maslahat berishdi. Shoir o‘g‘lini singillariga topshirib, topgan ozgina puliga Isfara, Konibodom, Toshkentning bahavo joylariga sayohat qildi. Aynan shu yillarda u o‘zbek she’riyatida mashhur bo‘lgan «Sayohatnoma» asarini yozib qoldirdi.

Faryodkim, garduni dun,

Aylar yurak-bag‘rimni xun.

Ko‘rdiki bir ahli funun –

Charx anga kajraftor ekan.

Shoir sayohati davomidagi quvonchniyu, davr jafolarini ham shu tariqa qalamga olib o‘tadi. Umuman olganda, Muqimiy ijodida hajv katta o‘rinni egallaydi. Uning «Tanobchilar», «To‘yi Iqonbachcha», «Maskovchi boy ta’rifida», «Voqeai Viktor», «Saylov», «Dar shikoyati Laxtin» hajviyalarida zamondoshlar va jamiyatning kirdikorlari fosh etilgan. «Voqeai ko‘r Ashurboy hoji» singari hajviyalarda esa hajga borib kelgan axloqiy buzuq kimsaning ishratbozligi tasvir etilgan.

Muqimiy o‘zining turmushi nochorligi, oilaviy ishlari yurishmaganligi, sog‘lig‘ining yomonligi, qolaversa, zamonasidagi mutaassibona qarashlar iqtidorli insonlar parvoziga to‘g‘anoq bo‘layotganligi bois, o‘z jiyani va o‘g‘lidan umidvor edi. Ularning kamolini ko‘rib, armonga aylangan orzulari ular orqali ushalishini, «Sayohatnoma» turkumiga kiruvchi she’rlarini olis Moskva-yu Peterburgga borib ham yozishni istardi. O‘g‘li Akbarning hali bola bo‘lgani sababli jiyani Ro‘zimuhammaddan ko‘proq umid qilar, uning ortidan ergashib, o‘g‘lining ham olis Moskvaga borib yashashi, o‘qishini orzu qilardi. Axir bu manaman degan boyvachchaga ham nasib qilavermasdi-da!

Xo‘sh, Ro‘zimuhammad qanday qilib Rossiyaga borgan? Muqimiyning jiyani bo‘lmish Ro‘zimuhammad, bolaligidan onadan erta yetim qolgani sababli, meshkobchi otasining nochor turmush sharoitida Qo‘qonda voyaga yetayotgandi. Otasi Do‘stmat aka uni yeru ko‘kka ishonmay, doimo birga olib yurgan. Falakning gardishini qarangki, otasi ham kasallikdan vafot etdi. Tog‘asi Muqimiy Ro‘zimuhammadni boqib olay desa, o‘zi madrasa hujrasida zo‘rg‘a kunini o‘tkazyapti. Biroq tog‘a jiyanining iqtidoridan xabardorligi bois unga ko‘pincha yozish va o‘qishdan saboq berdi. Shunday kunlarning birida yetim qolib, goh u, goh bu qarindoshlarinikida yurgan Ro‘zimuhammadni Qo‘qonga ish bilan kelgan peterburglik Zinaida Alekseyeva ismli xonim ko‘rib qoladi. U bilan yaqindan tanishadi.

Zehni o‘tkir, qolaversa, uddaburon va ko‘chada turli yumushlarni qilib, rus tilini chala-chulpa o‘rganib olgan Ro‘zimuhammad Zinaida Alekseyevaning ishonchini oqlagach, peterburglik xonim uni Rossiyaga olib ketdi. Shu tariqa qo‘qonlik meshkobchining yetim qolgan o‘g‘li Peterburga borib, Zinaida xonimnikida, uning onasi Mariya Vasilevna tarbiyasida o‘sdi. 11 yoshli bolakayning rus tilini o‘rganishga, turli kasblarga qiziqishini ko‘rgan peterburglik xonimlar uni Moskvaga keltirib, dvoryanlarning maktabiga o‘qishga kirgizdilar.

Shu tariqa Ro‘zimuhammad 8-9 yilcha Moskvada tahsil olib, qarindoshlarini ko‘rgani 1898 yilning may oyida Qo‘qonga keldi. Qo‘qonda bu paytda uning eng yaqin odami, o‘quv-yozuvni o‘rgatgan, ba’zi qarindoshlari Ro‘zimuhammadni Rossiyaga yuborishga qarshi turganida unga oq yo‘l tilab qolgan tog‘asi Muqimiy edi. Uzoq yillik hijrondan so‘ng madrasa hujrasida diydorlashgan tog‘a-jiyan Peterburg va Moskvada ko‘rganlari, taraqqiyot namunalari haqida suhbatlashdilar.

Ta’tilga kelgan jiyani ikki oy tog‘asining yonida bo‘lib, uning ijod namunalari bilan tanishdi. Avgust oxirlarida esa ba’zi qarindoshlari yana avvalgidek «kofir» bo‘lib ketasan, deya Ro‘zimuhammadni olib qolmoqchi bo‘lishdi. Tog‘asi Muqimiy mojaroni tinchitib, rus maktabi formasidagi jiyanini shaxsan o‘zi poyezdga chiqarib qo‘ydi. Puli kamligidan u atigi bitta ro‘mol va do‘ppini jiyaniga sovg‘a sifatida berib yubora oldi, xolos.

Oradan ko‘p o‘tmay, Moskvadan Ro‘zimuhammad tog‘asiga maktub yozib jo‘natdi. Xat orasidagi boshida furajka, egnida pidjak, shim, palto, oyog‘ida botinka kiygan jiyanining rasmini ko‘rgan Muqimiy sevinib, tor hujrasiga oftob kirgandek bo‘ldi. U shundan keyin fotosuratni hujrasiga osib qo‘ydi. O‘sha vaqtda mutaassiblar hatto, suratga tushishga ham qarshi turgan paytda madrasa hujrasida rasm osib qo‘yish jasorat edi.

Muqimiy Ro‘zimuhammadning Moskvadagi manziliga ko‘plab xatlar yozib, maslahatlar berib turdi. Jiyaniga bag‘ishlab she’r bitdi. Maktub orqali o‘zaro bog‘lanish 1903 yilning may oyigacha, ya’ni shoirning vafotigacha davom etdi. Hatto, og‘ir kasal yotgan tog‘a madrasa hujrasida osig‘liq turgan moskvalik jiyanining suratiga orziqish bilan termilgangacha vafot etgan ekan. Shoir Qo‘qondagi «Shayxon» qabristoniga dafn etilgan.

Ro‘zimuhammad Do‘stmatov tog‘asining merosini izlash, uni kelgusi avlodlarga avaylab saqlash bo‘yicha ko‘pgina ishlar qilib, 1965 yili olamdan o‘tadi.

Umid Bekmuhammad,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring