Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chit sotgan shoir, Yevropaga tanilgan tabib va 18 yillik muhojirlik

Chit sotgan shoir, Yevropaga tanilgan tabib va 18 yillik muhojirlik

Furqatning o‘z vatanidan ketib, Yorkentda ijod qilgani va u yerda vafot etganini aksariyat adabiyot muxlislari yaxshi bilishadi. Faqat ayrim savollar hamisha javobsiz qolmoqda: u nima sababdan muhojirlikka ketgan, o‘n sakkiz yillik musofirlikdagi hayoti qanday kechgan? Quyida ana shu savollarga javob topishga urinib ko‘ramiz...

1859-yilning 1-martida qo‘qonlik savdogar mulla Xolmuhammad oilasida dunyoga kelgan farzandga Zokirjon deya ism qo‘yishdi. Ularning oilasi qadim shaharning «G‘isht ko‘prik» guzariga qarashli «Eski Beshariq» mahallasida joylashgan edi. Adabiyotga ishtiyoqmand otasidan she’r ilmi borasida dastlabki saboqlarni olgan, mahallasidagi maktabda savod chiqargan, Qo‘qondagi «Mohlar oyim» madrasasida o‘qigan yigit vaqt o‘tib, shoir sifatida o‘ziga Furqat taxallusini tanladi.

Biroq o‘sha davr taomiliga ko‘ra, shoirlik kasb emas, ilhom jo‘sh urganda misralar bitadigan, tirikchilik orasida kechadigan adabiy mashg‘ulot edi. Masalan, Furqatning zamondoshlari bo‘lgan Zavqiy Qo‘qon bozorida rasta oqsoqoli bo‘lib ishlagan, Mulla Qo‘shoq Miskinning esa Toshkentda do‘koni bo‘lgan. Furqatning tirikchiligi esa ota kasbi – savdogarlik edi. Shu tariqa u hatto, tirikchilik sababli madrasa tahsilini ham tugatmay, Yangi Marg‘ilonda do‘kon ochgan tog‘asi Rahmatullaning yonida yurib, chit savdosi bilan shug‘ullandi.

«Yangi Marg‘ilon shahrida bir muncha zamon aning (ya’ni tog‘asining – U.B.) birla do‘konda savdo aylab, ba’dazon o‘zumg‘a maxsus bir do‘kon qildim. Ikki-uch yil savdo qilib, birmuncha dunyo mahsulim bo‘ldi», – deb yozgandi u keyinchalik. Bu shaharda Furqat Muhammad Sharif ismli do‘stining yordami bilan, o‘zining yozishicha, «choy va digar ashyolar savdosig‘a do‘kon ochtim. Ro‘zona savdog‘a mutarassid o‘lub, shabona hujrada kitob va qog‘ozg‘a mashg‘ul o‘ldum».

Ha, Furqat Yangi Marg‘ilon va Toshkentdagi musofirlik paytlarida qiynalib, madrasa hujralarida yashab, ming mashaqqatlar bilan hayot kechirsa-da, ijod qilishdan chekinmadi. Xo‘jandlik shoirlar Toshxo‘ja Asiriy, Faxriy Ro‘moniy, Mahjur Xo‘jandiy, Mahzun Xo‘jandiy, Qoriylar, qo‘qonlik Muqimiy, Zavqiylar bilan tanishdi, ijodiy muloqotlarda bo‘ldi. Ayniqsa, Furqatning 1889-yili Toshkentga kelib Eshonqul dodho madrasasidagi hujraga joylashib, bu azim shaharda yashay boshlashi shoir ijodiga katta ta’sir o‘tkazdi.

U asta-sekin Ostroumov, Nalivkin, Gradusov, Mitropolskiy, Nazarov, Samoylovich singari rus jurnalistlari, olimlari, o‘qituvchilari bilan tanishib, ularning tilini oz-moz o‘rganib oldi. Gimnaziya, teatr, «Turkiston viloyatining gazeti» kabi tahririyatlarda bo‘lib, ijodkorlar davrasiga kirib bordi. Shular ta’sirida «Gimnaziya», «Suvorov» kabi she’r va dostonlarida Rusiya ta’lim tizimi va harbiy arbobini madh etdi.

Afsuski, Furqatning rus adabiyoti bilan tanishishi, rus olimi va o‘qituvchilari bilan qilayotgan hamkorligi ba’zi mahalliy mutaassib ruhoniylarni darg‘azab qilgan edi. Ular Furqatni «kofirga aylanmaslik» uchun og‘zaki ogohlantirib qolmay, do‘q-po‘pisali maktublar bitdilar, qo‘rqitish usullaridan ham foydalandilar. Mutaassiblar nazarida, xalq hurmat qiladigan shoirning ruslar bilan yaqin hamkorligi «keng miqyosda kofirlashuvga sabab bo‘lardi». Shu bois, uni «to‘g‘ri yo‘l»ga solishga urinardilar. Ammo Furqat mutaassiblardan cho‘chimay, ruslar bilan hamkorlik qildi, ijodini davom ettirdi.

Furqatning saqlanib qolgan surati ham Toshkentdalik paytida, rus gimnaziyasining rasm, husnixat, chizmakashlik fani o‘qituvchisi Dmitriy Nazarov tomonidan olingan. Shoir bu yerda bo‘lgan paytida kasallanib qolganida ham tabiblarga emas, gimnaziya shifokori Ye.I.Gradusovga murojaat qilib, undan shifo topgan. Hattoki, Furqatning she’rlarini rus tiliga birinchi bor G.A.Mitropolskiy tarjima qilgan.

Ammo u nafaqat ruslar bilan, balki Xoja A’zam, Zuhur, Mansurqori, To‘ychihofiz, In’omxo‘ja, Mahmudxo‘ja kabi toshkentlik san’atkorlar, Sharifxo‘ja, Muhiddinxo‘ja, Abdusattorxon singari amaldorlar bilan ham oshno tutindi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra esa 1889–1891-yillarda Toshkentda yashagan vaqtida Furqat o‘lkaning mashhur ma’rifatparvarlaridan Muhiddinxo‘ja qozining qizi Sharofatxonni sevib qolgan.

Furqat o‘tkir hajvchi ham edi. Shu bois o‘z she’rlarida mutaassibona qiliqli kishilarni, saxovatdan uzoq boylarni hajv qilib turgan. Bu esa ularning Furqatga tazyiq o‘tkazishiga sabab bo‘ldi. Furqat, hatto, Turkiston general-gubernatori ad’yutanti Nikolay Grandukni hajv qilib she’r yozdi va gazetada bosishmagach, undan 5-6 nusxa ko‘chirtirib, har yerga yopishtirdi. Bu esa «haqorat» deb topilib, uning mustamlakachilar tomonidan qamalishiga asos bo‘lmog‘i mumkin edi. Shu sababli, birinchidan, ruhoniylarning tazyiq va qo‘rqitishlari, ikkinchidan, ad’yutant Nikolay Grandukni hajv qilgani uchun qamalish ehtimoli borligi bois, Furqat qochishga qaror qildi. FURQAT (ayriliq va judolik ma’nosini beruvchi so‘z) taxallusini tanlagan shoir shu tariqa haqiqatan vatanidan ayrilib, muhojirlikka ketdi.

G‘afur G‘ulomning «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 1948-yil 9-iyundagi «Unutilmas kishilar to‘g‘risida» nomli maqolasida yozilishicha, «Tarixda shunisi aniqdirki, Furqat otilmoqligi yoki qamalmoqligi turgan gap edi. O‘z mudhish taqdirini anglagan shoir qochishga majbur bo‘ldi».

Shu voqealardan so‘ng Furqat 1890 yilning oxirlarida Toshkentdan qochib, oldiniga Samarqanddagi do‘sti Mirzo Buxoriyning uyiga boradi. U yerdan esa Buxoro, Marv, Ashxobod, Boku, Tbilisi, Botumi orqali Istanbulga o‘tdi. U yerdan esa Makka va Madinaga yo‘l oldig‘da, islomning beshinchi farzini ado etib, hojilik sharafiga erishdi.

1891-yil dekabr – 1892-yil mart oylarida, Furqat hatto Bolgariya va Gretsiyada, sentyabrda Hindistonda bo‘ldi. Hindistonning Kashmir viloyatida ekanligida asli qo‘qonlik Hoji Ahmadjonning uyida istiqomat qildi. Shu yerda u Mulla Sa’dulla ismli yorkentlik kishi bilan tanishib qoldi. Mulla Sa’dulla she’riyatga havasmand kishi bo‘lib, Furqat singari o‘z qishlog‘idagi amaldorlarni qoralab hajv yozgan, shu bois ular tazyiqidan qochib, musofirlikda yurgan edi. Musofirlik va adabiyot, ayniqsa, hajv bois qochqinlik ularning ikkisini yaqinlashtirdi. Shu tariqa ikkovlon maslahatni bir yerga qo‘yib, Yorkentga kelishga qaror qildilar. Lodox yo‘li orqali Xo‘tan hududidagi Sonju, Qo‘shshog‘ tumanlaridan o‘tib, Qirg‘aliqqa, u yerdan esa Puskomga kelib, Mulla Sa’dullanikida mehmon bo‘lishdi. Keyin yana yo‘lga chiqib, Yorkentga tpashrif buyurdilar.

 Furqat Yorkentdalik paytida jome masjid oldidagi Kichik ko‘l boshi mahallasidagi Hakim oxun degan kishinikida ijarada yashagan. Asli qo‘qonlik bo‘lgan Komiljonboy, Zaynul Obidxonlar bilan do‘st tutinib, ular yordamida moddiy hayotini yaxshilashga urinadi. So‘gat Saroy mehmonxonasi oldida Hindistondan keltirilgan dorilar sotiladigan do‘kon va duradgorlik ustaxonasi ochadi. Lekin xalqning ijtimoiy ahvoli pastligi tufayli kasodga uchraydi. Shundan keyin u adabiy bazmlarda tanishib qolgan Azizbek ismli kishining taklifi bilan Qirgaliq mavzesiga borib tijorat bilan shug‘ullandi. Azizbek unga 200 sar pul qarz berdi. Ana shundan keyin Furqatning iqtisodiy ahvoli yaxshilanib ketgan. Qirg‘alikda u xo‘tanlik Supurga oxun degan tabib kishining Ra’noxon ismli qiziga uylandi. Shoir Qirg‘alikda ekanligida Said Mazhar Husaynxon o‘g‘li Tajalli bilan tanishib, undan tabobat sirlarini o‘rgandi. Tajalli nafaqat tabib, ayni paytda bir necha tilni bilguvchi ma’rifatparvar inson, yaxshigina shoir, o‘ta taqvodor kishi ham bo‘lgan.

Furqat ana shu Tajalli yordamida Yorkentga qaytib kelib, tabibchilik bilan shug‘ullandi. Yoniga Sharif va Abdirayim ismli shogirdlarini olib, bemorlarni davolay boshlagach, sharqiy Turkistonda tabib sifatida dovruq taratdi. Mijozlari ko‘payib, ular safidan Yorkent hokimining ham o‘rin olishi Furqatning nomini Yevropaga tanitdi. Negaki, shvetsiyalik shifokorlar Yorkentda zamonaviy shifoxona ochgan bo‘lib, hokimni davolay olishmagan edi.

Yel kasaliga chalinib, badanini yara bosib ketgan hokim shu tariqa Furqatga murojaat qilgan. U hokimni simob qo‘shilgan shifobaxsh dorilar bilan davoladi. Uch oydan keyin hokim sog‘ayib ketgach, quvonganidan Furqatga 300 sar pul va shahar tashqarisidagi Mochong degan xushmanzara joydan 22 mo yer ajratib berdi. Shundan so‘ng Furqatning moddiy ahvoli yaxshilanib, bor e’tiborini tabibchilik va ijodga baxshida qildi.

Ishlar ana shunday rivojlanib turgan bir paytda, ya’ni 1901-yili Yorkentda joylashgan savdo rastalariga o‘t tushib, Furqatning savdo do‘koni va tabobat bilan shug‘ullanadigan xonasi ham kuyib ketdi. Bunday ofatdan so‘ng do‘koni va tabobatxonani tiklash qiyin kechib, Yorkentdagi Komiljon ismli o‘zbeklar oqsokolining saroyiga ko‘chib bordi-da, uning shaxsiy kotibi bo‘lib ishladi. Qisman tabiblik bilan shug‘ullanib ham turdi.

Furqat ona yurti Turkiston bilan, Qo‘qondagi tanish-bilishlari bilan ham aloqani uzmay, Yorkentga keladigan savdogarlar orqali yozma aloqa o‘rnatgan. Shuningdek, shogirdlaridan biri Sharif oxun tijorat ishlari bilan Farg‘ona vodiysiga borib turardi.U Furqat va shoirning qarindoshlari, tanishlari o‘rtasidagi vositachiga aylanib qolgan edi. Furqat she’rlarini ham ona yurtiga jo‘natib turgan.

 Furqat muhojirlikda yurib ustozi Eshonxo‘ja mudarris, hammadrasa do‘stlari Jamolxon va Ubaydulla maxsum, Xonxo‘ja Eshon, Xo‘jaxon mufti, Xudoyorxonning o‘g‘li – do‘sti Fansurullobek, Ahmadxo‘ja yuzboshi, Otaxo‘ja choyxonachi, Muslimjon chevar, Mirzo Qosim va Farzincha xonanda, Mirzo Abdullaboy Isamuhammad, Yusuf boyvachcha, Mirzaxalil, Qori Siddiq, Valihoji, Yoqubhoji, Mirzahoshim singari Farg‘ona va toshkentlik turli kasbdagi do‘stlari bilan qilgan suhbatlarini sog‘inar, vataniga do‘stlaridan berib yuborgan maktublarida ularni eslab o‘tardi.

Shoirning ikki yil Qirg‘alikdagi, o‘n to‘rt yil Yorkentdagi hayoti shu tarika turli qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. U ona yurtidan shoir va savdogar sifatida sharqiy Turkistonga kelgan bo‘lsa, Yorkentda Yevropaga ham tanilgan tabib sifatida dovruq qozondi. Tajalli, Azizbek, Mulla Sa’dulla, Bobojon Hakim kabi ko‘plab do‘stlar orttirdi. Turmush o‘rtog‘i Ra’noxon bilan Nozimjon, Hakimjon, Nodirjon ismli uchta farzandni tarbiya qildi.

Ammo ularning kamolini ko‘ra olmay, 1909-yilning kuz faslida 51 yoshida bo‘g‘iz kasali bilan Yorkentda vafot etdi. Shoir, savdogar va tabib Furqatning 18 yillik muhojirlikdagi hayoti ana shundan iborat.

Umid Bekmuhammad,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring