Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Xaosdagi odam

Xaosdagi odam

Qishloqda tug‘ilib o‘sib, shaharda o‘qigan, ishlab qolgan odamning o‘z dardi bor.

U barcha narsaga o‘z kuchi bilan erishadi, o‘qishga kiradi, ish topadi, qiynaladi, to‘rvasini sudrab, ijarama-ijara yuradi. Yana kamiga uylanib, ikki-uchta («undan ko‘pini zamon ko‘tarmaydi» deb o‘ylaydi) farzand orttiradi. Tinimsiz ishlaydi. Bir nimali bo‘larman deb, tirishaveradi.

Qishloqqa borsa uyoqdagilar «O‘sha yoqlarda qol. Ko‘ryapsanku, bu yerdagi ahvolni!» deyishadi. Qishloqdan ajdarho chiqmagan har holda. Hamma joy obod, ma’rakalar bisyor. Imoratlarga termulib, do‘pping yerga tushadi. To‘yxonalar bo‘y cho‘zgan, qozon-qozon oshlar damlangan, to‘ylarda ichkilik daryo bo‘lib oqadi. Yozda qishloq huvillab qoladi, qishda gavjumlashadi. Ammo sen qishloqqa borganingda, shaharda ishlayotganingni olqishlab, qishloqqa qaytmaslikka undayverishadi.

Qishloqliklarga shaharning hayoti shirin tuyuladi, deya o‘ylaydi odamlar.

Uning ko‘ngli shaharda ba’zan to‘lib-to‘lib ketadi. O‘z yurtida bo‘la turib, shahardan uy, mashina, kredit ololmaydi, domiy ro‘yxatda turolmaydi. Bir varaq qog‘oz bilan yuraveradi. Qishloqda unga havas qiladiganlar ham ko‘p. U esa o‘shalarni o‘zidan baxtliroq deb biladi.

Unga qishloqda shaharlikdek, shaharda esa qishloqlikdek muomala qilishadi. Aslida u kim, qaysi toifada o‘zi?

U hech kimdan yordam-shafqat kutmaydi. Ikki enlik qog‘oz ko‘tarib hokimiyatga yugurmaydi, o‘zini bechorahol ko‘rsatib qabullarda davlatdan tekin uy so‘ramaydi. Faqat o‘z huquqini so‘raydi, oddiy yashashi uchun yo‘l ochilishini istaydi. Hammasiga o‘z kuchi, halol topgan puli, maoshi bilan erishishni istaydi, hammasini qonun bilan hal qilishni xohlaydi...

Ko‘chada yurganida o‘ziga o‘xshagan «qishloqi»ni so‘roq qilayotgan xodimni ko‘rganda eziladi.

Majlisda turib, shaharda tartibni kuchaytirish, hammani tekshirishga undagan, o‘zi esa avvalroq shaharlik maqomini qo‘lga kiritgan viloyatdoshini ko‘rganda ensasi qotadi. Ishim bitdi — eshagim suvdan o‘tdi ekanda...

Shaharlikning nomiga uy olib, o‘zining qo‘nalg‘asida turish uchun shartnoma tuzayotganlarni ko‘rganda esa... ko‘nglidan yana nimalardir o‘tadi.

O‘ttizni qoralagan, olgan mashina, uy-joylarini o‘z nomida rasmiylashtirish uchun uylanishga shaharlik qiz qidirayotgan bozorchi og‘aynisini ko‘rganda esa... tomog‘iga nimadir tiqiladi.

Shartta qishloqqa ketvorgisi keladi. Ketvoradi ham. Ikki kundan ortiq tura olmaydi, ichi qiziydi.

Qishloq ostonasidan chiqaverishda ham qishloqdoshlari jo‘r bo‘lib bir gapni qaytaradi:

«O‘sha yoqlarda qol. Ko‘ryapsanku, bu yerdagi ahvolni!»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring